Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Husiychilar omili: Isroil yangi front ochadimi?
Bugun Ho‘rmuz va husiychilar ta’siri ostidagi Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat tobora keskinlashib bormoqda. Bu ikki muhim dengiz yo‘li orqali dunyo neftining katta qismi tashiladi. Shu sabab bu hududlarda yuzaga keladigan har qanday mojaro faqat mintaqa bilan cheklanib qolmaydi. Agar to‘qnashuv kuchaysa, bu global iqtisodiyotga, energiya narxlariga va umumiy xavfsizlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mavzu muhokamasi – Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida.
Husiychilar rasman urushga kirdi, Isroil ularga qarshi navbatdagi frontni ochadimi?
Zokir Yusupov: Yana tarixiy va ijtimoiy omillarga e’tibor qaratishimiz kerak, husiychilar harakati Yamandagi zaydiylar orasida muhim o‘rin tutadi va mamlakat aholisining taxminan uchdan bir qismini tashkil etadi. Bu masala yana Eronning mintaqaviy siyosatiga borib taqaladi.
Eronning asosiy strategiyasi proksi kuchlar orqali ta’sir o‘tkazishdir. Ya’ni u bevosita urushdan ko‘ra, o‘ziga yaqin guruhlar orqali geosiyosiy maqsadlariga erishishga harakat qiladi. Aslida, barcha davlatlar resurslar va ta’sir uchun kurashadi, ammo bu kurash turli shakllarda olib boriladi. Ayrim davlatlar hamkorlik va iqtisodiy rivojlanish orqali ta’sirini oshirsa, Eron ko‘proq proksi vositalarga tayanadi.
Hozirgi vaziyatda husiychilar harakatining mojaroga to‘liq jalb qilingani haqida aniq xulosa yo‘q. Ayrim tahlillarga ko‘ra, Eron ularni faolroq harakat qilishga undayotgan bo‘lishi mumkin. Bu esa mojaroning kengayish ehtimolini oshiradi.
Agar yangi front ochilsa, mojaro yanada kengayib, boshqa davlatlar ham unga tortilishi mumkin. Bu esa eskalatsiyani kuchaytiradi. Ayniqsa, Bob al-Mandib bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neft va gaz yo‘llari xavf ostida qoladi. Natijada energiya narxlari keskin oshib, global iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Boshqa tomondan, agar Eronda ichki siyosiy tizim o‘zgarsa, bu butun mintaqaga ta’sir qiladi. Iroqda ichki keskinlik kamayishi mumkin, Livanda proksi to‘qnashuvlar susayadi, Yamandagi urush ham pasayishi ehtimoli bor. Shuningdek, Bahraynga nisbatan xavf ham kamayadi. Umuman olganda, Erondagi siyosiy o‘zgarishlar Yaqin Sharqdagi ko‘plab mojarolarning kamayishiga olib kelishi mumkin.
Shavkat Ikromov: Husiychilar harakati vakillari “Agar Eron bizni chaqirsa, urushga kirishga tayyormiz”, degan bayonot berdi. Ya’ni bu tashabbus husiychilarning o‘zidan bo‘lgan.
Geografik jihatdan qaraganda, Bob al-Mandib bo‘g‘ozi orqali dunyo neftining taxminan 10–12 foizi o‘tadi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali esa qariyb 20 foiz. Demak, bu ikki yo‘nalish global neft ta’minotining qariyb uchdan bir qismini tashkil qiladi.
Agar Bob al-Mandib hududida mojaro kuchayib, husiychilar bu yo‘lni nazoratga olib yopsa, neft narxi keskin oshishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, narxlar qisqa muddat ichida sezilarli darajada ko‘tariladi va bu holat bir necha oy ichida global bozorda yaqqol seziladi.
Bu vaziyatni Eronning umumiy strategiyasi bilan izohlash mumkin. Eron yaxshi tushunadiki, u Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroil kabi kuchli raqiblarga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy ustunlikka ega emas. Shu sababli u asimmetrik urush usullariga tayanmoqda, ya’ni mavjud resurslardan foydalanib, global iqtisodiy tizimga bosim o‘tkazishga harakat qilmoqda. Agar Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yoki Bob al-Mandib orqali neft oqimini cheklasa, eng katta zarbani Yaponiya va Janubiy Koreya kabi energiya importiga qaram davlatlar sezadi.
Chunki ular neftning katta qismini aynan shu yo‘nalishlar orqali qabul qiladi. Bundan tashqari, AQSh ichki bozorida ham yoqilg‘i narxlari oshishi ijtimoiy norozilikni kuchaytirishi mumkin. Shu orqali Eron nafaqat harbiy, balki iqtisodiy bosim vositalaridan ham foydalanmoqda. Husiychilarni jarayonga jalb qilishning asosiy maqsadi ham aynan shu, global energetika tizimiga ta’sir qilib, bosimni kuchaytirish.
Natijada neft narxlari oshadi va Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Osiyodagi yirik iqtisodiyotlar AQShdan mojaroni tezroq yakunlashni talab qila boshlashi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, Eron o‘z harakatlarini shunchaki keskinlik emas, balki muzokara pozitsiyasini kuchaytirish vositasi sifatida ko‘rmoqda.
To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.