Jamiyat | 20:02 / 02.02.2023
98715
6 daqiqa o‘qiladi

Kimyoviy kastratsiya, ochiq reyestr va uzoq yillik qamoq: Xorijda pedofillar qanday jazolanadi?

Toshkentda 12 yashar qizning vahshiylarcha o‘ldirilishi jamoatchilikni larzaga keltirdi. Jinoyatchiga qat’iy jazo berish haqida hamma gapirayotgan bir paytda, qonunchilik haqida o‘ylamasdan iloj yo‘q. Afsuski, O‘zbekiston qonunchiligi pedofil jinoyatchilarga nisbatan ancha mehribon.

31 yanvar kuni Toshkentning Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning murdasi zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan topildi. O‘tgan yozda marhuma qizaloqning uyida yollanma ishchi bo‘lib ishlagan 29 yoshli erkak gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda qotil-pedofilga qat’iy jazo berilishini talab qilishmoqda. Jamoatchilik bunday shaxslarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilishi lozimligini ta’kidlab bong uryapti. O‘zbekiston qonunchiligida bunday shaxslarga nisbatan qanday jazo choralari bor?

Quyida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 129-moddasidan iqtibos:

16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish:

Shaxsning 16 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan holda, unga nisbatan zo‘rlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish – 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar zo‘rlik ishlatib yoki qo‘rqitib sodir etilgan bo‘lsa, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Kodeksning 118-moddasi:

Nomusga tegish:

Shaxsning 18 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda / yaqin qarindoshga nisbatan / o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa / og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

14 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsning nomusiga tegish 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

11 yanvar kuni Adliya vazirligi ayollar va bolalar zo‘ravonligiga qarshi choralarni kuchaytirish maqsadida Senat huzuridagi ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasini e’lon qilgan edi. Ammo loyiha yaratuvchilari unda eng kerakli jazo choralari, xususan voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish yuzasidan kiritilgan bandlar “kesib” tashlanganini aytishdi.

Qayd etilishicha, Senat huzuridagi ishchi guruh tomonidan voyaga yetmaganlarga qarshi jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslarni lavozimlarni egallash va voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq har qanday faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan umrbod mahrum qilish taklif qilingan. Ammo muhokamadagi loyihada bu taklif olib tashlangan. Bu bilan esa yangilanayotgan qonunda bolalar zo‘ravonligiga qarshi jazo choralarini qat’iylashtirishda deyarli katta o‘zgarish bo‘lmaydi.

Foto: Profimedia

Dunyo tajribasida pedofiliyaga jazo qanday?

Qozog‘istonda 2016 yilda imzolangan “Bolalar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, qo‘shni davlatda pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya shaklida keskin jazo chorasi qo‘llashga ruxsat berildi. Bu haqda mamlakatning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘z rasmiy sahifasida e’lon qilgan edi. Bu jinoyatni sodir etganlar esa Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 50-moddasiga binoan umrbod ozodlikdan mahrum qilinishi belgilangan.

Ukrainada bunday jinoyat uchun 7 yildan 15 yilgacha (amnistiyasiz) qamoq jazosi beriladi. Pedofillarning ochiq reyestri yuritiladi va majburiy kimyoviy kastratsiya qilinadi. Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganlar ustidan umrbod ma’muriy nazorat o‘rnatilgan.

Polshada ham pedofillarning ochiq reyestri bor. Ular muntazam kuzatuvda bo‘ladi. Ularning ro‘yxati rasmlari bilan ichki ishlar organlari, maktablar, bog‘chalar, oromgohlar – umuman bolalar bilan ishlaydigan har bir tashkilotda mavjud. Bu yurtda ham shunday jinoyatni sodir etganlar kastratsiya va 15 yildan 20 yilgacha qamoqqa mahkum qilinadi.

Amerikada pedofillarga kimyoviy va majburiy kastratsiya qilinadi. Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun qamoq jazosini o‘tab chiqqan shaxslar suratlari va ma’lumotlari internetdagi milliy ma’lumotlar bazasida ochiq e’lon qilinadi. Ularga bolalar bilan ishlaydigan tashkilotlar, hududlar yaqiniga borish taqiqlanadi. Maxsus pochta ro‘yxati orqali barcha ota-onalarga bundaylarning yashash manzili taqdim etiladi.

Rossiyada pedofillar hatto umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilganda 4 yildan 20 yilgacha qamoq va majburiy kastratsiya joriy etilgan. 2018 yildan boshlab esa bu jinoyat uchun umrbod qamoq jazosi qo‘llanish qonunga kiritildi.

Germaniyada bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik o‘lim bilan yakun topganda qotilga umrbod qamoq jazosi beriladi. Jinoyat turiga qarab 6 oydan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish mumkin. Germaniyada bunday odamlar ruhiy xasta hisoblanadi va ularga majburiy davo choralari qo‘llanadi. Shu bilan birga, ixtiyoriy jarrohlik kastratsiyasi qilinadi.

Shuningdek, Xitoy, Yaqin Sharq, Afrika, Lotin Amerikasi, Eron, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistonida bolalarni zo‘rlaganlik uchun o‘lim jazosi bor.

Dunyo tajribasida ko‘rish mumkinki, ko‘plab rivojlangan mamlakatlar qonunlarida bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni ayovsiz jazolash yo‘lga qo‘yilgan. Bu toifadagi shaxslar ro‘yxati, barcha ma’lumotlari ochiq saqlanadi. Hattoki ota-onalarga ularning yashash manzillarigacha taqdim etiladi.

12 yoshli qiz zo‘ravonlik qurboniga aylanishi bizda ham bunday jinoyatga qat’iy va muqarrar jazo kerakligini ko‘rsatdi.

Yangilanayotgan qonun loyihasida bu borada aniq ko‘rsatmalar berilishi, hech qanday bo‘shliqlar bo‘lmasligi kerak.

Aks holda bolalarimiz xavfsizligiga tahdidlar saqlanib qolaveradi.

Gulmira Toshniyozova, jurnalist

Mavzuga oid