Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina uchun sovut. G‘arb Kiyevga ilk bor hujumkor zirhli texnikalar yetkazib beradi
So‘nggi bir necha kundan buyon G‘arb davlatlari Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumga o‘tishi uchun kerak bo‘lgan qurollarni Kiyevga yetkazib berish haqida gapirmoqda. Bungacha Ukraina rasmiylari G‘arb davlatlariga, ular Kiyevga hujum qurollari, jumladan, tanklar bermayotgani uchun norozilik bildirgandi.
4 yanvar kuni prezident Jo Bayden «AQSh Ukrainaga Bradley zirhli mashinalarini yetkazib berishni ko‘rib chiqyaptimi yoki yo‘q?» degan savolga ijobiy javob berdi va uning ma’muriyatidagi rasmiylar zirhli transport vositalari shu hafta e’lon qilinadigan yangi qurollar paketiga kiritilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Associated Press nashri xabariga ko‘ra, Bradley’larni yetkazib berish haqidagi qaror 6 yanvar kuniyoq e’lon qilinadi va Ukraina «bir necha o‘nlab» zirhli avtomobillarni oladi. Reuters nashri manbalariga ko‘ra esa yangi harbiy yordam paketida ellikka yaqin Bradley bo‘ladi va ularning umumiy qiymati 2,8 milliard dollarni tashkil qiladi.
Xuddi shu kuni (4 yanvar) Fransiya ham Ukrainaga AMX-10RC yengil, g‘ildirakli tanklari va «Bastion» bronetransportyorlarini yetkazib berishini ma’lum qildi. Prezident Makron devoni xabar berishicha, bu Ukrainaga birinchi marta G‘arbda ishlab chiqarilgan zamonaviy tanklar yetkazib berilishi bo‘ladi.
Germaniya esa Ukrainaga Leopard tanklarini yuborishga shoshilmayapti, vaholanki, bu borada o‘tgan yil bahoridan buyon muzokaralar olib borilmoqda va Kiyev ularni bir necha bor qayta-qayta so‘radi. Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habekning so‘zlariga ko‘ra, avvalo ittifoqchilar bilan Ukrainaga tank yetkazib berish masalasini muhokama qilish va bu muhokamalar natijalariga ko‘ra qaror qabul qilish to‘g‘ri bo‘ladi.
Ammo Germaniyada hamma ham bunday ehtiyotkor yondashuvni qo‘llab-quvvatlagani yo‘q. Bundestag mudofaa qo‘mitasi rahbari Mari-Agnes Strak-Zimmermann 5 yanvar kuni hukumatni Ukrainaga tanklar yetkazib berish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi va shu bilan birga, Kiyevga Marder piyodalar jangovar mashinalarini (PJM) yuborishni taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, Bundesver omborlarida bunday mashinalar yetarlicha.
5 yanvar kuni oqshomda Germaniya kansleri Olaf Sholsning idorasi Berlin haqiqatan ham Ukrainaga Marder PJM yuborish niyatida ekanini tasdiqladi.
G‘arb tipidagi hujum bronetexnikalarining Kiyevga birinchi marta yetkazib berilishi, allaqachon ilg‘or qurollar, jumladan, uzoq masofaga aniq zarbalar berishga qodir bo‘lgan og‘ir artilleriya va raketa tizimlari (masalan, HIMARS) olayotgan Ukraina armiyasini kuchaytirishda yangi muhim qadam bo‘ladi.
Shuningdek, yaqinda Bayden ma’muriyati Kiyevga AQSh arsenalidagi eng ilg‘or havo mudofaasi quroli bo‘lgan Patriot raketa batareyasi ham yetkazib berilishini e’lon qildi (5 yanvar kuni Germaniya ikkinchi batareyani yuborishga rozi bo‘ldi). Bu tizim asosan Ukraina energetika va fuqarolik infratuzilmasi obektlarini Rossiya raketalari va dronlari hujumlaridan himoya qilish uchun zarur.
Agar dastlab Ukrainaning g‘arbiy ittifoqchilari Ukraina armiyasining kichik bo‘linmalarini alohida qurol tizimlari bilan ishlashga o‘rgatgan bo‘lsa, hozir minglab ukrainalik askarlar G‘arb davlatlari poligonlarida dala mashg‘ulotlarini o‘tamoqda.
Zirhli transport vositalari yetkazib berilishi bilan vaziyat yanada murakkablashadi. Ba’zi G‘arb siyosatchilari hujumkor qurollar — tanklarni yetkazib berish urush kuchayishiga olib kelishidan xavfsiramoqda. Ya’ni Rossiya buni G‘arb va Rossiya armiyasi o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri qarama-qarshilik sifatida qabul qilishi mumkin. Hatto HIMARS kabi tizimlarni yuborish qarori ham jang maydonidagi vaziyat Ukraina foydasiga keskin o‘zgargandan keyingina qabul qilingan edi.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Economist jurnaliga yaqinda bergan intervyusida «dushmanni mag‘lub etish mumkinligini», ammo buning uchun unga «300 ta tank, 600-700 dona piyodalar jangovar mashinasi va 500 ta gaubitsa kerakligi»ni aytgandi.
Abrams bo‘lmasa ham Bradley
Ammo AQSh Ukrainaning Abrams jangovar tanklarini berish haqidagi so‘rovlarini rad qilishda davom etmoqda. Amerikaliklarning fikriga ko‘ra, bu tanklarni saqlash juda qiyin hamda ulardan foydalanishda maxsus ko‘nikmalar va ekipajni tayyorlash uchun ko‘p vaqt talab etiladi.
Bradley esa tank emas, u piyodalarni tashish, olovli qo‘llab-quvvatlash, razvedka qilish va boshqa vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan birlashtirilgan zanjirli platforma. Mashinaga tankka qarshi boshqariluvchi raketalardan tortib, havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarigacha bo‘lgan turli xil qurollarni o‘rnatish mumkin.
Bradley’ning og‘irligi salkam 30 tonna, yaxshi tezlik (modifikatsiyasiga qarab taxminan 55 km/soat) va zirhga ega. Kuchli to‘p bilan jihozlangan va modifikatsiyasiga qarab, uchtadan to‘qqiztagacha odamni sig‘dira oladi.
Bronemashina Ikkinchi jahon urushi generali Umar Bradley sharafiga nomlangan. Bradley nisbatan yangi mashina bo‘lib, u dushmanning yengil zirhli transport vositalariga qarshi kurashish vositasi sifatida yaratilgan.
Bradley Abrams tanklarining o‘q otish kuchiga ega emas, lekin uning 25 mm avtomatik to‘pi va zirhlarni teshuvchi kichik kalibrli M791 patroni Sovet PJM-1’ning old zirhini, T-72 tankining yon va orqa zirhlarini teshib o‘tishga qodir.
Fors ko‘rfazi urushi davrida aynan Bradley mashinasi to‘plari SSSR tomonidan yetkazib berilgan Iroq armiyasi bronetexnikalarining katta qismini yo‘q qilgan edi. Ehtimol, endi ular yana o‘tmishdagi muvaffaqiyatlarini takrorlashi kerak bo‘ladi.
Ushbu mashina harbiy xizmatda o‘zini shunchalik yaxshi ko‘rsatganki, AQSh harbiylari ularni qurolli kuchlardan chiqarib tashlashdan ko‘ra, hali ham modernizatsiya qilishni afzal ko‘rmoqda.
Bundan tashqari, AQSh zaxira omborlarida minglab Bradley’lar saqlanmoqda va amerikaliklar zaxiralari bo‘shab qolishidan xavfsiramaydi.
Fransuz signali
4 yanvar kuni Ukraina xalqiga kechki murojaatida Zelenskiy Fransiyaning Ukrainaga g‘ildirakli tanklar berish qarorini «barcha hamkorlarimiz uchun aniq signal» deya olqishladi.
Makron Ukrainani AMX-10RC yengil tanklari va Bastion zirhli transportyorlari bilan ta’minlashga va’da berdi, biroq qachon va qancha mashina jo‘natilishiga aniqlik kiritmadi.
AMX-10RC 1980 yildan harbiy xizmatga qabul qilingan, ekipaji 4 kishidan iborat bo‘lgan g‘ildirakli zirhli transport vositasi (ba’zi tasniflarga ko‘ra, yengil tank) hisoblanadi. Mashina razvedka va piyodalarni olovli qo‘llashga mo‘ljallangan. Noqulay yerlarda shinalar bosimini tartibga solish qobiliyati tufayli u zanjirli transport vositalari bilan bir xil o‘tuvchanlikka ega.
Fransiya armiyasi AMX-10RC’dan Fors ko‘rfazi urushida va bir nechta tinchlikparvarlik operatsiyada foydalangan. Mashinalar Marokash va Qatarga eksport qilingan. AMX-10RC, shuningdek, tankka qarshi qurol sifatida ham tasniflanadi.
2010 yilda 256 ta AMX-10RC modernizatsiya qilingan va kompyuterlashtirilgan aloqa, jang maydoni monitoringi tizimi hamda mustahkamlangan zirh bilan jihozlangan. Ukraina qurolli kuchlari mashinaning aynan qaysi versiyasini olishi hozircha aniq emas. Ushbu turdagi mashinalar jami 457 dona ishlab chiqarilgan va 2016 yilda fransuz armiyasi ixtiyorida 248 ta AMX-10RC tanki bo‘lgan.
Bundan tashqari, Fransiya Kiyevga Bastion zirhli transportyorlarini ham va’da qildi. Bu Acmat kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariluvchi zirhli, g‘ildirakli armiya yo‘ltanlamas avtomobilidir.
Bastion asosan Afrikada faoliyat yurituvchi fransuz maxsus kuchlari uchun yaratilgan. Uning asosiy versiyasi beshta maxsus kuchlar askari uchun mo‘ljallangan, sig‘imi oshirilgan modifikatsiyada esa 8 kishi mashinaga joylashishi mumkin.
Mashina zirhi ekipajni avtomat o‘qlari va oskolkalaridan himoya qilishga imkon beradi.
Ekspertlar nima demoqda?
«Bu mashinalar biroz g‘alati narsalar. Ularni 1980 yillarda razvedka va piyodalarni olovli qo‘llash uchun yaratishgan. Ular SSSR hujum qilgan taqdirda, tezda Germaniya orqali o‘tib, birinchi sovet esheloniga qarshi jangga kirishi kerak bo‘lgan «tezkor reaksiya kuchlari» tarkibidagi eng og‘ir mashinalar edi», deydi Daniyadagi Harbiy tadqiqotlar markazi professori Olive Shmidt.
«Shu ma’noda, mashinalar, masalan fransuzlarning «Bastion» zirhli mashinasi, 2023 yilda «ruslarga qarshi jang qilish» bo‘yicha o‘zining asl yaratilish maqsadini amalga oshiradi», deya qo‘shimcha qiladi u.
Britaniyaning Economist jurnalining mudofaa masalalari bo‘yicha muharriri Shashank Joshi Parijning qarorini «omadli» deb atagan.
«Ushbu yengil, g‘ildirakli zirhli mashina juda harakatchan. U kuchli to‘p bilan jihozlangan va tezda olovli qo‘llash qobiliyatiga ega.
Joshining fikricha, AQSh va Fransiyaning Ukrainaga zirhli texnikalar yetkazib berishi, avvalroq Kiyevni hujumkor zirhli texnikalar, xususan, tanklar bilan ta’minlashdan qo‘rqqan G‘arbiy ittifoqchilarining taktikasi o‘zgarganidan dalolat beradi.
Joshining so‘zlariga ko‘ra, endi Ukraina potensial ravishda G‘arbning katta miqdordagi zirhli texnikasini olishi mumkin, bu esa Kiyevning keng ko‘lamli hujumlar o‘tkazish qobiliyatini sezilarli darajada oshiradi.
Mavzuga oid
18:18
Rossiya-Ukraina urushi davomiyligi bo‘yicha SSSR-Germaniya urushiga tenglashdi
16:04
London Kiyev uchun Nightfall ballistik raketasini ishlab chiqadi
15:21
15 mingdan ortiq o‘zbekistonlik AQShga bordi - safarlar maqsadi bo‘yicha taqsimot
14:20