Sport | 17:49 / 31.01.2022
56691
3 daqiqa o‘qiladi

“Ketishimga Turdialiyev sababchi bo‘lgan” - AQSh sharafini himoya qilayotgan Gulruxbegim Tohirjonova

O‘zbekistonlik xalqaro grossmeyster Gulruxbegim Tohirjonova faoliyatini AQShda davom ettirishiga O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Husan Turdialiyev sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

“Oxirgi paytlar Shaxmat federatsiyasida bo‘layotgan ishlar haqida jurnalistlar savollar yuborishdi va hammaga birdaniga javob bermoqchiman. Ular “Ketishingizga haqiqatan Turdialiyev sabab bo‘lganmi?” deb so‘rashyapti. Haqiqatan, ketishimga Turdialiyev sabab bo‘lgan”, dedi Gulruxbegim videomurojaat tarzidagi javobida.

Gulruxbegim Tohirjonova 2020 yilning oxirida AQShning Missuri universiteti jamoasiga qo‘shilgan va ayni paytda xalqaro musobaqalarda AQSh sharafini himoya qilib keladi.

Xalqaro grossmeysterning aytishicha, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi u va opalari (Nafisa Mo‘minova, Hulkar Tohirjonova)ga xalqaro turnirlarda O‘zbekiston sharafini himoya qilish imkonini bermagan.

“Shu sabab O‘zbekiston sharafini himoya qilish imkonimiz bo‘lmagan. Bundan tashqari, 15 yil davomida federatsiya tomonidan hech qanday moliyaviy yordam, ko‘llab-quvvatlov bo‘lmagan. Bunga o‘xshash vaziyatlar ko‘p, ular haqida gapirib o‘tirmayman”, – deydi Gulruxbegim Toxirjonova.

Sportchi “O‘zbekistonga qaytib kelasizmi?” degan savolga ham javob berdi.

“Shaxmat federatsiyasiga yangi rahbar – Aziz Abduhakimov kelgandan so‘ng juda yaxshi o‘zgarishlar bo‘ldi. U yaxshi sovg‘alar bilan musobaqalar tashkil qildi. O‘zbekiston shaxmatiga bo‘lgan qiziqish, munosabat o‘zgaryapti. Bularni ko‘rib xursand bo‘lyapman.

Albatta, men ham federatsiyada o‘zgarishlar bo‘lsa, O‘zbekistonga qaytishim mumkin. Men O‘zbekiston sharafini himoya qilishdan xursand bo‘laman. Biroq hozirgi sharoitda o‘sishim uchun boshqa davlatga ketishim kerak degan qarorga kelgandim. Agar federatsiyada o‘zgarishlar bo‘lsa, men, albatta, O‘zbekistonga borib yurtim sharafini himoya qilaman”, – deydi Gulrux Tohirjonova.

Avvalroq, Kun.uz surishtiruvida Shaxmat federatsiyasi balansidagi “Malibu” avtomashinasi bozor bahosidan qariyb 3 barobar arzonroq – 53 mln so‘mga sotilgani, uni sotib olgan MChJ direktori – federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Husan Turdialiyev ekani, federatsiyadan mazkur MChJga o‘tkazib berilgan 1 mlrd so‘mdan oshiq mablag‘ 6 nafar jismoniy shaxsning plastigiga (!) tushirib berilgani ma’lum bo‘lgandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi budjetdan Shaxmat federatsiyasiga ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflangani va ehtimoliy korrupsiya holatlarni tekshirmoqda.

Mavzuga oid