Kun.uz o‘z ixtiyoridagi ma’lumotlarga tayanib O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasining moliyaviy faoliyatiga aloqador masalalarni o‘rgandi. A’zolik badali va homiylik mablag‘lari hisobiga faoliyat yurituvchi tashkilotning ayrim moliyaviy operatsiyalari e’tiborni tortdi.

53 million so‘mga sotilgan «Malibu»
Federatsiya o‘z ixtiyoridagi 2015 yilda ishlab chiqarilgan «Malibu» rusumli avtotransport vositasini 2021 yil yanvar oyida «Markaziy shaxmat klubi» MChJga 53,5 million so‘mga sotgan.
Shaxmat federatsiyasining tasdiqlashicha, «Malibu» «Markaziy shaxmat klubi» MChJga oldi-sotdi shartnomasi asosida sotilgan. Federatsiya bu narx amaldagi qonunchilikka asosan hisoblangan amortizatsiya ajratmasi hamda O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi qarori asosida belgilanganini ma’lum qildi.
«O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi NNT bo‘lgani sababli o‘z faoliyatini qonunchilikka asosan mustaqil amalga oshirilishi sabab, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasining saylangan va mustaqil faoliyat olib boradigan taftish komissiyasi tomonidan o‘rganilib tegishli xulosalar berilgan va yuqoridagi narxga baholangan», deyiladi federatsiya izohida.
Masalaning ikki jihati oldi-sotdini rasmiylashtirishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi ehtimoli borligini ko‘rsatmoqda.
Birinchidan, federatsiya mulki o‘rtacha bozor narxi (taxminan 150 million so‘m)dan qariyb 3 barobar arzonga sotilgan.
Ikkinchidan, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, «Markaziy shaxmat klubi» MChJ direktori Husan Turdialiyev bir vaqtning o‘zida jamoatchilik asosida Shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlaydi. «Malibu»ni sotib olgan MChJ ta’sischilaridan biri Jahongir Kamolov esa Shaxmat federatsiyasining IT-menejyeri hisoblanadi.

















