Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Tramp Ukrainadagi tinchlik muzokaralariga qiziqishini yo‘qotdi
Tramp yana bir bor Putinga qaraganda Zelenskiy bilan kelishish qiyinroq ekanini aytib chiqdi.
AFP via Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp asosiy e’tiborini Erondagi urushga qaratganidan keyin Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar jarayoni cho‘zildi, deb yozadi Financial Times gazetasi Yevropa rasmiylariga tayanib. O‘z navbatida, tinchlikka majburlash uchun AQShning Rossiyaga o‘tkazayotgan bosimi kamayib bormoqda.
AQSh, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi so‘nggi uch tomonlama muzokaralar fevral oyi o‘rtalarida Jyenevada bo‘lib o‘tgan, lekin tafsilotlar ma’lum qilinmagandi.
OAVdagi ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar sulh bilan bog‘liq texnik tafsilotlarni (janglar to‘xtatilgandan so‘ng nima bo‘lishi) muhokama qilishda oldinga siljishgan, ammo siyosiy masalalarni, ya’ni urushni to‘xtatish mumkin bo‘lgan shartlarni muhokama qilishda katta yutuqlarga erishilmagan.
Rossiya ukrain qo‘shini Donbassni to‘liq tark etishini talab qilmoqda, Ukraina esa bu shartni qabul qila olmasligini ta’kidlashda davom etmoqda. Hozirda Rossiya harbiylari nazorat qilayotgan Zaporijjya AES maqomi masalasi ham so‘roq ostida qolmoqda.
Uch tomonlama muzokaralarning yangi bosqichi Yaqin Sharqdagi yangi urush tufayli kechiktirildi, prezident Tramp esa Ukrainadan chalg‘ib, bor e’tiborini Eronga qaratdi, deya ma’lum qildi Financial Times nashriga to‘rt nafar yevropalik diplomat. «Bu biz <Yevropa> uchun ham, Ukraina uchun ham falokat», – deya qo‘shimcha qildi ulardan biri.
«Muzokaralarda chindan ham pauza yuzaga keldi. Amerikaliklar uchun hozir boshqa prioritetlar bor va bu tushunarli», – deya tasdiqlagan nashrga Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
AQShdan Ukrainaga qurol-yarog‘, xususan, havo hujumidan mudofaa vositalari yetkazib berish ham kechikmoqda, chunki Vashingtonning hozir boshqa ustuvor vazifalari bor.
Mohiyatan, Ukraina va Yaqin Sharq davlatlari hozir Amerika yordami uchun raqobatlashishga majbur, deb tushuntirdi FT’ga Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas.
Rossiya AQSh va Isroilning Eron bilan urushidan manfaatdor bo‘lib chiqdi. Neft narxi ko‘tarildi.
Financial Times bilan suhbatlashgan ekspertlarning baholashicha, Erondagi urush tufayli Rossiya har kuni 150 million dollargacha qo‘shimcha daromad olmoqda.
Qolaversa, payshanba kuni AQSh narxlar oshishini to‘xtatish uchun Rossiya neftiga qo‘llangan sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi. «Bu tinchlik uchun yordam bermasligi aniq», – deya bunga e’tiroz bildirdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.
Tramp: Putinga qaraganda Zelenskiy bilan kelishish qiyinroq
Yakshanba kuni NBC News uchun bergan intervyusida Trampga uning Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori to‘g‘riligiga shubha bildirgan Yevropa yetakchilarining tanqidi haqida savol berildi.
Bunga javoban Tramp Volodimir Zelenskiyni tanqid qilib, Ukraina rahbari bilan kelishish Vladimir Putinga qaraganda ancha qiyinligini aytdi.
«Men Zelenskiy kelishuv tuzishni istamayotganidan hayronman. Zelenskiyga ayting, kelishuvga borsin, chunki Putin shunday qilmoqchi», – dedi u.
Biroq, birinchi navbatda Rossiya yon berish va murosaga tayyor emas.
Rossiyaning muzokaralardagi pozitsiyasiga ko‘ra, ukrain harbiylari butun Donbassni, jumladan, Ukraina nazorati ostidagi hududlarni zudlik bilan tark etishi kerak.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu shart bajarilmagan taqdirda
Rossiyani bu masalani hal qilishning «harbiy» yo‘li ham qoniqtirishini bir necha bor ta’kidlagan.
Ukraina rasmiylari Putin natijadan manfaatdor emasligi, muzokaralardan Tramp bilan munosabatlarni saqlab qolish va Rossiyaga qo‘shimcha sanksiyalar kiritishdan qochish usuli sifatida foydalanishini aytib kelishadi.