Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ishtixondagi uyda gazballoni portladi
Hodisa oqibatida 5 kishi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Ammo bu holat haqida rasmiy ma’lumot berilmayapti. Voqea joyidan ham kadrlar yo‘q – manbaga ko‘ra, tuman hokimi aholini bu holatni OAVga chiqarmaslik haqida ogohlantirgan.
Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi xonadonlardan birida maishiy gazballoni portlagan. Kun.uz’ga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, 10 fevral kuni tumanning Dehqonobod mahallasida fuqarolarga tarqatilgan maishiy gazballoni portlashi oqibatida bir oilaning besh nafar a’zosi og‘ir tan jarohati olgan.
Hodisa sodir bo‘lgan kuni ikki nafar voyaga yetmagan bola turli darajadagi kuyish jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialiga olib kelingan. 12 fevral kuni yana bir voyaga yetmagan bola shu muassasaga yetkazilgan.
Kun.uz manbasi bolalarning ahvoli og‘irligini bildirgan. Shuningdek, ularning bobosi va onasi ekani aytilgan ikki kishi Ishtixon tuman tibbiyot birlashmasida davolanayotgani, ularda ham yuqori darajadagi kuyish jarohatlari borligi ma’lum qilingan.
Portlashga nosoz gazballoni sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Hodisa joyidan kadrlar mavjud emas. Murojaat muallifiga ko‘ra, voqeadan keyin tuman hokimi Fazliddin Ro‘ziyev qishloqqa borib, aholini bu xabar ommaviy axborot vositalariga chiqib ketmasligi yuzasidan qattiq ogohlantirgan.
Samarqand viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati ushbu holat haqida ma’lumotga ega emasligini bildirdi. Boshqa rasmiy idoralar ham voqea yuzasidan ma’lumot e’lon qilmagan.
Mavzuga oid
15:37 / 25.02.2026
Qo‘qondagi ko‘p qavatli uyda gaz portladi
16:19 / 25.07.2025
Saratovdagi ko‘p qavatli uyda gaz portladi. Qurbonlar bor
20:44 / 03.07.2025
Yerosti gaz quvuri sabab xonadon portlab ketdi. Zarar qoplab beriladimi?
12:02 / 11.05.2025