O‘zbekiston | 23:45 / 10.02.2021
44205
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Shahrixondagi «alvastiko‘prik» bo‘yicha viloyat hokimidan hisob so‘radi. Bu masala Kun.uz’da yoritilgandi

Kun.uz bir necha kun oldin Shahrixon tumani Qo‘rg‘oncha MFYdagi abgor va xavfli ko‘prik muammosini ko‘tarib chiqqan edi. Prezident navbatdagi selektorda ushbu ko‘prik taqdiri bilan qiziqib, Andijon viloyati hokimidan izoh so‘radi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 fevral kuni 2021 yilgi davlat dasturida belgilangan vazifalar yuzasidan selektor o‘tkazdi.

Yig‘ilishda qatnashgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshliq soha mutasaddilariga viloyat hokimlari bilan birga bir oy muddatda 5,5 mingga yaqin ta'mirtalab katta-kichik ko‘priklarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha «manzilli dastur»ni tasdiqlash vazifasini topshirdi.

Prezident buning uchun avvalo ishchi guruhi tuzilib, ikki hafta muddatda barcha ko‘priklar qayta xatlovdan o‘tkazilishi zarurligini ta'kidladi.

Shu asnoda Shavkat Mirziyoyev Kun.uz sayti ko‘tarib chiqqan Shahrixon tumanidagi eski ko‘prik muammosi qanday hal etilayotgani bilan qiziqdi.

«Abdurahmonov, internetda chiqqan «alvastiko‘prik» masalasi nima bo‘ldi?» – deya Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga yuzlandi davlat rahbari.

«Ko‘prik bilan shaxsan o‘zim shug‘ullanyapman, muhtaram prezident. Tez orada qurilishini yakunlaymiz va foydalanishga topshiramiz», – deya javob qildi hokim.

«Ramatov, ko‘priklarni bittalab ko‘rib chiqish va egalariga topshirish kerak. Hokimiyat bo‘lsa hokimiyatga, yo‘llardan foydalanish boshqarmasi bo‘lsa ularga. Shunday qilish kerakki, egasiz ko‘prik bo‘lmasin», – deya bosh vazir o‘rinbosariga topshiriq berdi Shavkat Mirziyoyev.

«Shahrixondagi alvastiko‘prik: mahalla ahli necha yillarki yangi ko‘prikdan umidvor» sarlavhali videomaqolani Kun.uz 1 fevral kuni e'lon qilgan edi.

Maqolada tumandagi Qo‘rg‘oncha MFYning Fayziobod mahallasi yonidan oqib o‘tuvchi Shahrixonsoy ustiga bundan 55 yil muqaddam qurilgan ko‘prik yaroqsiz holatga kelib qolgani haqida so‘z boradi.

Ko‘prik maktabga qatnaydigan bolalar uchun ayniqsa xavfli bo‘lib, mahalla ahli yangi ko‘prik qurilishini so‘rab, yillardan buyon mas'ullarga murojaat qilib keladi.

Mavzuga oid