O‘zbekiston | 01:34 / 04.03.2021
19461
5 daqiqa o‘qiladi

Kam daromadli aholiga uy-joy olishda qo‘shimcha imtiyozlar beriladi - Timur Ishmetov

Moliya vaziri Timur Ishmetov aholining ehtiyojmand qatlamlarini uy-joy bilan ta'minlashga doir yangi choralar haqida ma'lumot berdi.

3 mart kuni prezident raisligida uy-joy qurilishi va ipoteka bozori masalasida selektor bo‘lib o‘tdi. Majlisdan so‘ng moliya vaziri Temur Ishmetov berilgan topshiriqlar yuzasidan jurnalistlarga intervyu berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum bo‘lishicha, uy-joy qurilishida bozor tamoyillariga asoslangan joriy tizimga ayrim o‘zgartishlar kiritiladi. Bunda aholi va qurilish sohasidagi tadbirkorlarga qator imtiyozlar ko‘zda tutilmoqda.

«Bu yil uy-joy qurilishi uchun budjetdan 11 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. Mazkur mablag‘larning asosiy qismi tijorat banklariga ipoteka kreditlari berishlari uchun 20 yilga resurs sifatida joylashtiriladi.

Bunda asosiy o‘zgarish – bozor tamoyillariga o‘tish. Uy-joy qurilishini xohlagan xususiy tadbirkor amalga oshiradi. Avvalgi yillarda faqatgina davlat va 1-2 ta tashkilotlar tomonidan tashkillashtirilgan bo‘lsa, endi xususiy pudratchilar qurilishni bemalol amalga oshirsa bo‘ladi. Ular uchun davlat tomonidan kafolat berilyaptiki, har bitta qurib berayotgan uyi xaridorni qiziqtira olsa, uy sotib oluvchi fuqaroga 20 yil ipoteka ta'minlanadi. Albatta, bu quruvchilar uchun judayam qulay sharoit.

Ikkinchidan, quruvchilar 12-18 oyda uyini qurib bitirishi mumkin, lekin aylanma mablag‘lariga tijorat banklaridan bozor shartlarida kredit olishi kerak. Qurilgan uyning sotuvchisiga resurs tayin bo‘lganidan keyin, albatta, kredit olish osonroq bo‘ladi. Bank ham bemalol kredit beradi», – dedi vazir.

Ishmetovga ko‘ra, 2020 yilda pandemiya tufayli qurilish tashkilotlariga berilgan qator imtiyozlar 2021 yil oxirigacha uzaytirilmoqda.

Vazir qanchalik arzon qilinmasin, uyning birinchi badalini ham to‘lashga qiynaladigan aholi qatlami haqida gapirdi. Ular bozor stavkalaridagi foizni to‘lashga ham qiynalishlari mumkin. Timur Ishmetovning aytishicha, shuni inobatga olib davlat tomonidan ikki yo‘nalishda ijtimoiy yordam belgilanmoqda.

«Birinchisi, aynan daromadi pastroq va uy-joyini yangilashga yoki yangi olishga muhtoj aholi qatlamlariga ipoteka olishda dastlabki badalning bir qismini (10 foizgacha bo‘lgan miqdorda) kompensatsiya qilish.

Ikkinchisi, kreditning foizini kompensatsiya qilish. Toshkent shahrida kredit stavkasining 12 foizdan yuqori qismini davlat kompensatsiya qiladi. Boshqa hududlarda 10 foizdan tepasi kompensatsiya qilinadi. Ya'ni fuqaro bankdan kreditni necha foiz stavkada olishidan qat'i nazar, Toshkent shahrida 12 foiz stavka to‘laydi. Qolganini davlat to‘lab boradi. Boshqa hududlarda esa 10 foiz.

Boshlang‘ich badal qismiga keladigan bo‘lsak, o‘tgan yili 15 yillik kreditga shaharlarda 20 foizini, qishloq joylarda 10 foizi to‘lanardi. Yangi tartibga ko‘ra, boshlang‘ich badal 15 foiz etib belgilanadi.

Ya'ni shaharlardagi kreditlarning birinchi badali 20 foiz o‘rniga 15 foiz tushiriladi. Savol tug‘ilishi mumkin, qishloq joylarda 10 foizdan 15 foizga oshyapti, deb. Qishloq joylarda 10 foiz badal o‘rniga 15 foiz to‘lanadi, lekin shu bilan birga, 15 foizning 10 foizgacha miqdorini davlat qoplab beradi. Ya'ni daromadi past aholi aslida 10 foiz emas, uy-joy narxining bor-yo‘g‘i 5 foizini boshlang‘ich badal sifatida to‘laydi. Yoniga davlat 10 foizini to‘lab beradi», – dedi Moliya vazirligi rahbari.

Timur Ishmetov

Vazirga ko‘ra, barcha toifadagi fuqarolarga ipoteka kreditlari Markaziy bankning asosiy stavkasiga qisman bog‘langan holda beriladi. Ya'ni asosiy stavka tushirilsa, kredit stavkasi ham tushadi, ko‘tarilganda esa o‘zgarishsiz qoladi.

2022 yilda O‘zbekistonda kamida 45 mingta xonadon qurilishi belgilangan. Subsidiyaga ajratilgan mablag‘ 1 trillion so‘m atrofida bo‘lib, bu mablag‘ 23,5 ming fuqaroga subsidiya sifatida beriladi. Ya'ni qurilayotgan uylarning yarmidan ortig‘i daromadi past aholi uchun mo‘ljallangan.

Ishmetovga ko‘ra, oxirgi 3 yilda (2018-2019-2020 yillarda) davlat budjetidan uy-joy qurilish dasturiga 15 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Ya'ni yiliga o‘rtacha 5 trillion so‘mdan mablag‘ ajratilgan. Taqqoslash uchun, 2016-2017 yillarda bu dasturga yiliga 2,5 trillion so‘mdan mablag‘ yo‘naltirilgan. Ya'ni uy-joy dasturiga ajratilgan mablag‘lar miqdori oxirgi uch yilda undan avvalgi yillardan kamida ikki barobar ko‘p oshgan.

2021 yilda esa oxirgi 3 yillikning o‘rtachasidan ikki barobar ko‘proq mablag‘ – 11 trillion so‘m ajratilmoqda. Bu mablag‘ning asosiy qismi banklarga ipoteka kredit berishi uchun resurs sifatida joylashtiriladi.

Avvalroq, prezident iqtisodiyot va moliya vazirlariga shu yil yakuniga qadar respublika bo‘yicha kamida 6,5 mingta xonadon uchun kreditga 1,5 trillion so‘m resurs ajratish topshirig‘i bergani xabar qilingandi.

Mavzuga oid