Jahon | 20:39 / 16.04.2024
37102
12 daqiqa o‘qiladi

Eronning xatosi yoki Isroilning g‘alabasi? Isroilliklar deyarli barcha nishonlarni qanday urib tushirdi va endi nima bo‘ladi

Foto: Reuters

Eron o‘zining asosiy dushmani bo‘lgan Isroilga tarixdagi ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbasi muvaffaqiyatli qaytarildi. Yarim yil muqaddam Hamas hujumini o‘tkazib yuborgan Isroil hukumati bu safargi zarbaga tayyor bo‘lib chiqdi va ittifoqchilari ko‘magida nisbatan jiddiyroq raqibining yuzlab dronlari, ballistik va qanotli raketalarini urib tushira oldi.

BBC sharhlovchilari Pavel Aksenov va Grigor Atanesyan shanba oqshomida Yaqin Sharq osmonida nimalar ro‘y bergani va bu G‘arbning Isroilni qo‘llashiga, arab dunyosi pozitsiyasiga va G‘azodagi urushning davomiga qanday ta’sir ko‘rsatishini tahlil qildi.

«Al-Aqso osmonida raketalar»: natijalar haqida tomonlar nima deyishdi?

Eronning Isroilga 13 aprel kungi hujumi Islom respublikasining Damashqdagi konsulligiga berilgan aviazarbaga javob bo‘ldi, Tehron aviazarbada Isroilni ayblagandi. Isroil hukumati o‘z an’anasiga ko‘ra bunday amaliyotlardagi ishtirokini tasdiqlamaydi va rad etmaydi.

Yakshanba kuni 300 dan ortiq dronlar va raketalar Erondan, Isroil tomon uchirildi, shuningdek uning Iroq, Suriya va Yamandagi ittifoqchilari bazalaridan ham hujum amalga oshirildi.

Isroillik va amerikalik hariylar havodagi nishonlarning 99 foizi urib tushirilganini aytgan. Bunda Isroilga AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va Iordaniya harbiylari yordam ko‘rsatgan.

Keyinroq TsAHAL rasmiysi, general Piter Lerner hujumda 170 ta pilotsiz uchish apparatlari, 30 ta qanotli raketalar va 120 ta ballistik raketadan foydalanilganini ma’lum qildi. Ballistik raketalardan bir nechtasi Isroil janubidagi Nevatim aviabazasiga yetib kelgan, ammo jiddiy shikast yetkaza olmagan va harbiy obekt faoliyatini davom ettirmoqda, degan Lerner.

Tinch aholi orasida ham jiddiy talafotlar yo‘q, faqat bir qiz yaralangani haqida ma’lum qilingan.

Isroil ma’lumotiga ko‘ra, raketa parchalari Arad shahri atrofida bir qizni yaralagan. Foto: Reuters

Bu hujum Rossiya armiyasining Ukraina bo‘ylab beradigan zarbalariga o‘xshab ketadi. Bu ham yopirilma hujum bo‘lib, unda turli vositalar, pilotsiz qurilmalar, qanotli va ballistik raketalar birdaniga qo‘llanadi. Bundan maqsad havo hujumidan mudofaa tizimini turli nishonlarga qarshi kurashishga majburlab, maksimal darajada band qilishdir. Rossiyaning ittifoqchisi sanalgan Eron bunday zarbalardan saboq olgani ko‘rinib turibdi.

Rossiyaning Ukraina bo‘ylab eng yirik havo hujumida 100 dan ortiq dron va raketalar ishtirok etgandi. 29 dekabr kungi hujumda, Ukraina qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, havo nishonlari soni 158 ta bo‘lgan, shundan faqat 87 raketa va 27 ta dronni urib tushirishning imkoni bo‘lgan. Turli vositalar birdaniga qo‘llanishi Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimiga katta yuklama tushirgan va barcha hujumlarni qaytarishning imkoni bo‘lmagan.

Eron ham bu qadar ko‘p miqdorda dron va raketalar uchirish orqali Isroil havo hujumidan mudofaa tizimini bostirishni ko‘zlangadi.

Ammo Isroilning vaziyati boshqacharoq kechdi. Ikki hafta mobaynida Eronning turli darajadagi spikerlari javob zarbasiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani to‘g‘risida bong urishdi. Bu esa Isroil va uning ittifoqchilariga himoyaga tayyorlanish hamda havo nishonlariga qarshi kurash vositalari, jumladan esminetsni olib kelib joylashtirishga imkon berdi.

Eron hududidan uchirilgan raketa va dronlar nishonga qadar katta masofani bosib o‘tishi talab etilardi. Ular Isroilga yetib borguniga qadar bir necha mamlakat hududidan o‘tishi kerak edi.

Hujumlarni qaytarishda amerikaliklar (CNN telekompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, AEGIS havo hujumidan mudofaa tizimi bilan jihozlangan esminets kamida uchta ballistik raketani urib tushirgan, ko‘plab nishonlar harbiy samolyotlar tomonidan yo‘q qilingan), Isroil harbiy-havo kuchlari, quruqlikdagi havo hujumidan mudofaa qismlari ishtirok etgan. O‘nlab dronlarni esa Iordaniya aviatsiyasi o‘z hududida urib tushirgan.

Rossiyaning Ukraina bo‘ylab har qanday zarbalaridan kengroq ko‘lamdagi bunday hujum — razvedka ma’lumotlari mavjudligi, bir necha davlatlarning havo hujumidan mudofaa tizimlari uyushgan holatda harakat qilishi va quruqlikda ham, havoda ham havodagi nishonlarni to‘sib qoluvchi vositalar yetarlicha bo‘lgani evaziga amalda to‘liq qaytarildi.

Isroillik siyosatchilar va sharhlovchilarning fikri bir joydan chiqmoqda: Eron hujumini qaytarish jiddiy muvaffaqiyat bo‘ldi. Xalqaro kuzatuvchilar ham ularga qo‘shiladi.

«Eronning javobi strategik xato bo‘ldi deyish uchun asoslar bor», — deya yozgan Economist nashrining Yaqin Sharq bo‘yicha muxbiri Greg Karlstrom. Uning fikricha, so‘nggi oylarda Isroil tobora yakkalanib qolayotgan, Eron esa mojaroga bevosita ishtirok etishdan qochib, mintaqada proksi-kuchlar bilan muvaffaqiyatli harakatlanayotgan, shu bilan birga arab mamlakatlari bilan tinchlikni saqlab qolayotgandi. Ammo shanba kungi hujum kuchlar nisbatini o‘zgartirib yubordi: endi Eron zaif va samarasiz bo‘lib ko‘rinmoqda.

Eronning hujumi Isroilga jiddiy talafot yetkaza olmagan bo‘lsa-da, Tehrondagi nashrlar va siyosatchilar bu hujumni dushmanga qattiq javob sifatida taqdim etishmoqda.

«Eron raketalari tarixda ilk bor bosib olingan Falastin poytaxti Quddusdagi Al-Aqso masjidi uzra paydo bo‘ldi», — deya yozgan IRNA davlat axborot agentligi, Qoyalar gumbazi masjidining tungi osmonida raketalar uchayotgani videosini namoyish etgan holda.

Isroil yakshanba kuniyoq normal hayot tarziga qaytdi. Foto: Getty Images

Ammo tanqidchilar Hamasning o‘tgan yil 7 oktyabridagi hujumidan farqli o‘laroq, Eron o‘z hujumi haqida oldindan maksimal darajada ogohlantirganiga e’tibor qaratgan.

Eron hujumining muvaffaqiyatsizligidagi muhim element «bu haqda kulgili darajada batafsil ogohlantirgani» bo‘ldi, deb hisoblaydi Isroildagi so‘lchilar va muxolifatchilarning +972 jurnali asoschisi Dimi Reyder.

«Bu [Eron] Isroilga zarar yetkazmaslikni istaganidan emas. Bu shuning uchunki, u keng ko‘lamli urushdan qochishni istadi», — deya yozgan jurnalist.

«Siz yutdingiz. Yutug‘ingizni oling»

G‘azodagi urush 2023 yil 7 oktyabrida, Hamas harakati a’zolari Isroilga hujum qilib, 1,2 ming isroillikni o‘ldirishi va yana 250 kishini garovga olishi ortidan boshlangandi. Shundan keyin Isroil armiyasi boshlagan harbiy amaliyot davomida G‘azoda 33 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

G‘azodagi urush ko‘lami va uzoq davom etishi Isroil hamda uning G‘arbdagi ittifoqchilari o‘rtasida jiddiy tushunmovchiliklarga olib keldi.

Mart oyi oxirida amerikalik diplomatlar Isroilning pozitsiyasiga zid o‘laroq BMT Xavfsizlik kengashining G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish boraisdagi rezolyutsiyaga to‘sqinlik qilmadi. O‘tgan haftada esa AQSh Kongressining 50 nafardan ortiq a’zosi Isroilga qurol yetkazib berishni cheklashga chaqirdi. AQSh prezidenti Bayden ochiqchasiga Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning harakatlarini xato deb atamoqda.

Ammo Eronning hujumi bu kelishmovchiliklarni ikkinchi planga chiqarib qo‘ydi. G‘arbdagi yetakchilar uni so‘zsiz qoralay boshladi. Endi Tehrondan bo‘layotgan jiddiy tahdidlar sharoitida Falastin tarafdori bo‘lgan siyosatchilarning Isroilga qurol yetkazib berishga embargo qo‘yish to‘g‘risidagi ovozlari eshitilmay ketadi.

Ukraina prezidenti ham bu hujumni qoralab chiqdi.

«Biz Ukrainada Rossiya tomonidan xuddi shunday „shohid“ dronlari va raketalar xuddi shunday yopirilma havo zarbalari tarzida qo‘llanishining dahshatini juda yaxshi bilamiz», — deya yozgan Volodimir Zelenskiy.

Eronda hukumat tarafdorlari hujumni bayram qilishdi. Foto: Reuters

«O‘ylaymanki, Eronning Isroilga hujumi Britaniya qurollarini [Isroilga] yetkazib berishni taqiqlash bo‘yicha munozaralarni vaqtincha to‘xtatadi», — deya yozgan Pragadagi Xalqaro aloqalar institutining katta ilmiy xodimi Azriel Bermant X sahifasida.

Agar G‘azodagi urush Isroil va arab davlatlari o‘rtasida oldingi yillarda kuzatilgan yaqinlashuv jarayonini to‘xtatgan bo‘lsa, Eronning hujumi ularni yana umumiy tahdid qarshisida birlashtirmoqda. Masalan, Eron dronlari va raketalari Iordaniya harbiy-havo kuchlari tomonidan ham urib tushirilgan, holbuki Hoshimiylar qirolligi hukumati yaqin vaqtgacha Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsidga tenglashtirayotgandi (Isroil bu ayblovni rad etgan).

AQSh va uning ittifoqchilari Tehrondan mojaroni keskinlashtirishni bas qilishni talab etishgan. Bayden Katta yettilik davlatlari rahbarlarining videoaloqa orqali favqulodda yig‘ilishini chaqirdi — unga Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya va Yaponiya rahbarlari qo‘shildi.

Bayden ular Eronning hujumiga «birgalikda diplomatik javob» qaytarishlarini aytdi. Diplomatiyaga urg‘u qaratilgan — bu Isroilning harbiy javob qaytarishini istisno etishga urinish, chunki Amerika mazkur proksi-mojaro mintaqadagi davlatlar o‘rtasida halokatli oqibatlarga olib keladigan ochiq urushga aylanib ketishidan xavotirlanmoqda.

Amerikadagi Axios nashrining Oq uydagi manbasiga ko‘ra, Bayden Netanyahuni uning javob zarbasini qo‘llamasligidan ogohlantirgan: Amerika unda ishtirok etmaydi.

«Siz yutdingiz. Yutug‘ingizni oling», — degan Amerika rahbari isroillik hamkasbiga qarata (originalida «You got a win. Take the win»).

Isroil qanday javob qaytaradi?

Ammo Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant Eron bilan qarama-qarshilik hali yakunlanmaganini aytgan.

Isroil harbiy kabineti ehtimoliy javobni muhokama qilmoqda. Isroildagi Ynet sayti manbasi aytishicha, dilemma Tehronning harakatlariga qanday baho berish kerakligida — niyatiga qarabmi yoki natijasiga.

Ushbu nashr manbasi harbiy kabinet Eron hududiga eskalatsiyaga olib kelmaydigan darajada zarba berish variantlarini ishlab chiqayotgani va muhokamadagi variantlardan biri atom obektlariga hujum bilan bog‘liq ekanini aytgan.

Bu vaqtda Eron qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i, general Muhammad Bahiriy tahdid bilan chiqish qilgan: agar Isroil javoban harakat qilgudek bo‘lsa, «bizning keyingi amaliyotimiz ko‘lami ancha kengroq bo‘ladi». U shuningdek agar isroilliklar amerikaliklar yordamida javob qiladigan bo‘lsa, AQShning Yaqin Sharqdagi bazalariga hujum qilish bilan tahdid qilgan.

Bu vaqtda G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Qohirada o‘tayotgan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Isroil bosh vaziri ofisidagilar Hamas vakillari xalqaro vositachilar — AQSh, Misr va Qatar tomonidan taklif etilgan kelishuv rejasini rad etganini ma’lum qilgan.

Hamasdagilar Isroil sulhning ikkinchi bosqichida G‘azodan qo‘shinlarni olib chiqish haqida yozma va’da berishini talab qilgani, bu reja Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklar evaziga 7 oktyabr kuni garovga olingan isroilliklar ham ozod etilishini o‘z ichiga olganini aytishgan.

Mavzuga oid