O‘zbekiston | 21:10 / 26.03.2020
31085
3 daqiqa o‘qiladi

«Jang maydoni»da tibbiyot xodimlari birinchi zarbani qabul qilmoqdalar» - Prezident shifokorlarga minnatdorchilik bildirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlarga minnatdorchilik bildirdi.

«Koronavirusga qarshi kurashishdagi o‘ziga xos «jang maydoni»da tibbiyot xodimlari birinchi zarbani qabul qilmoqdalar. Oddiy haqiqatni tan olish adolatdan bo‘ladi. Kasallarga o‘z vaqtida yordam berilsa, ular shifo topadi, kasalxonalarni tark etadi. Lekin, oxirgi kasal tuzalmaguncha tibbiyot xodimlari ish joyini tark etolmaydi.

Dunyo bo‘ylab, xususan, mamlakatimizda shifokorlarning o‘z kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sog‘lig‘i yo‘lida tun-u kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun jasorat namunasi bo‘lmoqda.

Hurmatli tibbiyot xodimlari, o‘z hayoti va sog‘lig‘ini garovga qo‘yib, pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarga butun O‘zbekiston xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman», – dedi davlatimiz rahbari.

Bundan avvalroq prezident O‘zbekistondagi koronavirus qayd etilgan 65 kishidan 11 nafari tibbiyot xodimlari ekanini ma'lum qilgandi.

Prezident bugun «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq:

koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan; zararlangan bemorlar joylashtirilgan obektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi:

  • vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga – 15 million so‘m;
  • kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million so‘m;
  • boshqa xodimlarga – 5 million so‘m.

Maxsus to‘lovlar karantin amal qiladigan muddat davomida, shu jumladan joriy yilning mart oyi uchun, xodimning har 14 kunlik faoliyat davri yakunida to‘lab beriladi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi  yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga 100 million so‘m;

koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida og‘ir ahvolga tushgan va sog‘lig‘i tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila a'zolariga esa 250 million so‘m miqdorida bir martalik to‘lovlar to‘lanadi. 

Mavzuga oid