Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zo‘rlangan qiz, o‘g‘irlangan mashina va qotil qochoq – manzil koloniyadan qochib, jinoyat sodir etish holati ko‘paymoqda
Ohangarondagi pedofil ishi manzil koloniyadagi mahkumlar istasa osongina “noma’lum tomonga ketib qolishi” mumkinligini ko‘rsatdi. Aslida bu ilk holat emas: yaqin vaqt mobaynida jinoyatchilarning manzil koloniyalardan “bemalol” qochib, takror jinoyat sodir etishi bir necha bor kuzatilgan. Ularning ko‘pida tinch aholi vakillari jabr ko‘rgan.
Manzil koloniya nima?
Sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilinganlar umumiy tartibli, qattiq tartibli, maxsus tartibli kabi bir necha turdagi koloniyalarda jazo muddatini o‘taydi. Manzil koloniya shular orasida eng yengili: bu turdagi koloniyada mahbuslar nisbatan erkinroq holatda bo‘lishadi.
Manzil koloniyalarda jazo o‘tash shartlari Jinoyat-ijroiya kodeksining 13-moddasida keltirib o‘tilgan. Unga ko‘ra, mazkur muassasalarda mahkumlar soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadi. Agar ular bajarayotgan ish yoki olayotgan ta’lim taqozo etsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishlari mumkin.
Manzil koloniyalardagi mahbuslar fuqarolar kiyadigan kiyimda yurishadi. Pul va qimmatli buyumlarni saqlashi, ulardan foydalanishi, ishdan bo‘sh vaqtda cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishlari, posilka, yo‘qlov va banderollar olishlari hamda jo‘natishlari mumkin.
Bu turdagi koloniyada mahkumlar xonalarga bo‘lingan yotoqxonalarda yashaydi. Saqlash rejimini buzmagan, oilasi bor mahkumlarga muassasa boshlig‘i qaroriga binoan manzil koloniya joylashgan tuman yoki shahar hududida oilasi bilan alohida yashashga ruxsat beriladi.
Nazorat biroz “yumshoqligi” tufayli manzil koloniyadan qochib ketish holatlari ko‘p uchrab turadi. Ammo keyingi vaqtlarda qochoq mahkumlar tomonidan jinoyatga qo‘l urish yoki manzil koloniyada jinoyat sodir qilib, qochib ketish holatlari ko‘paymoqda.
Pedofilning qochishi
Ohangarondagi 50-son manzil koloniyasidan qochgan 31 yoshli mahkum 3-sinfda ta’lim oladigan qizni zo‘rladi. Ijtimoiy tarmoqlarda pedofilni mahalliy aholi dalada ushlab olgani haqidagi xabar tarqaldi.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi tezkor-qidiruv xizmati tomonidan tarqatilgan xabarnomada aytilishicha, u 16 oktyabr kuni hududdagi korxonalardan biriga foydali mehnatga jalb qilinganida “noma’lum tomonga ketib qolgan”. Xabarnomada uning 2018 yilda 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish jinoyatini sodir etib qamalgani, jazo muddati 2033 yilgacha ekani, sud ajrimiga ko‘ra, 2024 yil avgustda jazoning o‘talmagan 9 yil 2 oy 19 kunini o‘tash uchun manzil koloniyaga o‘tkazilgani haqida ma’lumot berilgan.
Ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi, ya’ni jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan yangi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Pedofil shu kunning o‘zida huquqni muhofazasi qiluvchi organlar tomonidan protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
O‘g‘irlangan mashina
Shunga o‘xshash holat oldinroq Samarqandda kuzatilgan: o‘g‘rilik bilan qamalgan mahkum manzil koloniyadan qochib, yo‘l-yo‘lakay o‘g‘rilikka qo‘l urgan. U haydovchiga jarohat yetkazgan holda taksistning mashinasini o‘g‘irlab ketgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining 2024 yil 11 sentabrdagi hukmi bilan 21 yoshli yigit oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda qariyb 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudining 2024 yil 18 dekabrdagi ajrimi bilan uning o‘talmay qolgan 1 yil 10 oy 27 kun axloq tuzatish ishlari jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan.
Mahkum Jazoni ijro etish departamenti uchinchi mintaqaviy hudud 37-sonli manzil koloniyasida jazoni o‘tab kelgan. 2025 yil 16 mart kuni Samarqand shahridagi beton mahsulotlari ishlab chiqarish sexida ishlash jarayonida ish joyini ruxsatsiz tark etgan.
Shundan so‘ng u “Buxoro-Toshkent” yo‘nalishida kirakashlik qiladigan haydovchini topib, 2,5 mln so‘m evaziga avvaliga Paxtachi tumaniga, u yerdan ota-onasini olgan holda Toshkent shahriga to‘yga olib borishga kelishgan. Buxorolik haydovchi Samarqand shahriga kelgan va mahkumni mindirib, Paxtachi tumaniga yo‘l olgan.
Aytilgan manzil – Paxtachi tumani Ukrash mahallasi hududiga yetib kelganida mahkum oshxona pichog‘i bilan haydovchiga hujum qilgan. Haydovchi amallab mashinadan tushib qochishga muvaffaq bo‘lgan. Mahkum esa unga tegishli Malibu’ni olib qochgan. U mashinani Nurobod tumani Nurafshon mahallasi hududigacha boshqarib borgan. Ammo mashinaga shikast yetkazgani sababli uni to‘xtatishga majbur bo‘lgan hamda shu joyda qo‘lga olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2025 yil 3 iyuldagi hukmi bilan unga 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Qotil qochoq
Navbatdagi holat ham Samarqand viloyatida sodir etilgan. Faqat bunda mahkum manzil koloniyada qotillik jinoyatini sodir etib, keyin qochib ketgan.
21 yoshli yigit 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish jinoyatini sodir etgani uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudining 2023 yil 17 noyabrdagi hukmi bilan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga tortilgan. Biroq zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagani uchun 2024 yil 28 may kuni sudning ajrimi bilan o‘talmay qolgan 2 yil 7 oy 1 kun ozodlikdan cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan.
Ushbu mahkum ham Past Darg‘om tumanidagi 37-sonli manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tab kelgan. U tumandagi issiqxonalardan biriga foydali mehnatga jalb qilingan va o‘sha yerdagi dala shiyponida boshqa bir mahkum bilan yashab, ishlab kelgan.
Mahkum 2024 yil 20 dekabr kuni kechasi koloniyadan qochib chiqib ketish rejasini tuzgan. Rejasidan xabar topgan sherigi uning bu harakatini IIB xodimlariga aytib berishini bildirgan. Bundan jahli chiqqan mahkum esa sherigini o‘ldirishni maqsad qilgan: tunda o‘zlari o‘tin yorishda foydalanib kelgan boltani keltirib, uxlab yotgan sherigining bosh qismiga o‘ta shafqatsizlarcha 4-5 marta zarba berib, uni qasddan o‘ldirgan. So‘ngra voqea joyidan qochib yashiringan.
Qotil qochoq oradan bir kun o‘tgach Paxtachi tumanida, do‘stiga tegishli, hech kim yashamaydigan hovli tomida qo‘lga olingan. So‘ngra sud hukmi bilan 18 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Aslida mahkumlar manzil koloniyasidan qochib, jinoyat sodir etish bilan bog‘liq bu kabi holatlar ko‘p. Biz bir nechtasini misol keltirdik. Bu manzil koloniyalarda ham nazoratni kuchaytirish zarurati borligini ko‘rsatadi. Yo‘qsa, zo‘rlangan qizaloq, bir o‘limdan qolgan kirakash voqealari boshqa insonlar hayotida takrorlanishi mumkin.
Mavzuga oid
20:01 / 30.03.2026
Bolalar kontent qurboniga aylanyaptimi? Psixologlar ijtimoiy tarmoqlardagi xavflardan ogohlantirmoqda
21:36 / 26.03.2026
«Kontent emas, dizayn aybdor» - AQShda bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga qaramligi bo‘yicha tarixiy sud yakunlandi
10:18 / 19.03.2026
O‘zbekistonda 392 nafar shaxs afv etildi
23:20 / 18.03.2026