O‘zbekiston | 10:57 / 03.03.2025
19663
3 daqiqa o‘qiladi

“Pora emas, rahmat sifatida bergandi” – Toshkentda pora olgan IIB tergovchisi qamaldi

Tergovchi ish yurituvidagi “delo” bo‘yicha gumonlanuvchi shaxsdan unga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llamaslik uchun 500 dollar olganda tezkor tadbirda ushlangan. U sudda gumonlanuvchi pulni pora emas, ishini tez ko‘rib bergani uchun rahmat sifatida berganligini aytgan.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrida tergovchi jinoiy jazoga tortildi. U huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda pora bilan ushlangan.

Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, 1998 yilda tug‘ilgan N.H. Bektemir tuman IIO FMB tergovchisi lavozimida ishlab kelgan. U 2024 yil 17 sentabr kuni ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan fuqarodan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llamaslik evaziga 500 dollar olganda ushlangan.

N.H. sudda aybiga umuman iqrorlik bildirmagan va o‘ziga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.

“Gumonlanuvchiga Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi bilan ayblov e’lon qilib, unga nisbatan garov ehtiyot chorasini tanlaganligi haqida qarordan bir nusxa berdim. U ishini qonun doirasida tez ko‘rib berganim uchun rahmat sifatida 500 dollar berib ketishini aytdi. Unga o‘z ishimni qilganimni, buning uchun pul kerakmasligini, dastlab garov pulini to‘lashini, agar xohlasa sud hukmi o‘qilganidan so‘ng kelib rahmat aytib ketsa bo‘laverishini bildirdim”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.

Tergovchi pulni o‘zining xizmat xonasida olgan.

“Nusxa olish uchun fuqarolik pasportini berdi. Pasportning chetidan pullar chiqib turganligini ko‘rib, rahmat sifatida bermoqchi bo‘lgan pullarini olib kelganligini bildim. Undan pasportni olib, ichidagi pullarni stolning yonidagi tumbaga to‘kdim. U rahmat sifatida bergani uchun pullarni oldim. Agar pullarni pora tariqasida berayotgan bo‘lsa kerakmasligini bir necha marotaba aytib o‘tdim”, degan N.H. ko‘rsatmasida.

Tergovchining aybi guvohlarning ko‘rsatmalari, sud-kimyoviy ekspertiza xulosasi va boshqa dalillar bilan o‘z isbotini topgan, deb hisoblangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining hukmi bilan N.H. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil IIV tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid