O‘zbekiston | 17:04 / 10.01.2019
3558
5 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tadi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida 15 yanvar kuni Berlin shahrida "Buyuk Ipak yo‘li merosi O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘prikdir" mavzusidagi xalqaro ilmiy-madaniy forum bo‘lib o‘tadi, deya xabar beradi O‘zEOAVMA matbuot xizmati. 

Xalqaro forum doirasida O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida "O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida" loyihasiga oid kitob-albomlar ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Prezidentning tabrik so‘zi bitilgan "O‘zbekistonning madaniy merosi Germaniya kolleksiyalarida" illyustratsiyali kitob-albomining taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Aynan ushbu kitob-albom O‘zbekistonning kitob chop etish tarixiga zamonaviy multimedia texnologiyalaridan foydalangan holda chop etilgan ilk kitob sifatida kiradi, uni nafaqat o‘qish, balki smartfonda 3D effekti bilan ko‘rish mumkin bo‘ladi. 

Berlinda Germaniyaning yetakchi san'atshunos olimlari Berlin, Drezden, Leyptsig va Shtutgard muzeylaridagi buyuk o‘zbek san'ati kolleksiyalari haqida so‘zlab berishadi. Ular orasidan Berlin etnologiya muzeyidagi Buxoro amirligi kolleksiyasi, Gamburg amaliy-dekorativ san'at muzeyi to‘plamidan Buyon-Qulixon maqbarasining durdonalari, Berlin davlat kutubxonasidagi Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmalari, O‘zbekiston madaniy-tarixiy merosi eksponatlari Bumiller to‘plamida, shuningdek Shtutgartdagi Linden muzeyi sharqiy filialining noyob kolleksiyasi o‘rin olgan. Bu O‘zbekiston madaniyati va san'ati yo‘nilishidagi taniqli olimlar taqdimotining bir qismi, xolos.

Germaniya muzeylaridagi o‘zbek kolleksiyalari haqida so‘z borar ekan, sharqiy Renessans davrida yaratilgan qo‘lyozmalarning alohida ahamiyati borligini ta'kidlab o‘tish kerak. Noyob kitoblar Berlin Davlat kutubxonasida saqlanmoqda. Ular haqida kutubxonaning “Sharq” bo‘limi rahbari doktor Kristofer Raux so‘zlab  berdi:

"Bu yerda taqdim etilgan qo‘lyozmalarning ayrimlari tarixi o‘zbek klassiklari yashagan va ijod qilgan hududlarga borib taqaladi, ba'zilari esa bevosita O‘zbekistondan olib kelingan. Masalan, XIX asrdan buyon kutubxonada saqlanayotgan Mirzo Ulug‘bekning astronomik jadvallari. Ushbu qo‘lyozmada 38 yulduz turkumiga kiruvchi 1018 yulduz haqida ma'lumot berilgan, shuningdek yulduz yilining uzunligi ko‘rsatilgan".

"O‘zbekistonning amaliy-dekorativ san'ati merosi bepoyon va xilma-xildir, - deydi "O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida" videoversiyasi boshlovchisi Shahnoza G‘aniyeva. - Muayyan tarixiy sabablarga ko‘ra uning muhim bir qismi bizning mamlakatimiz tashqarisiga chiqib ketgan. O‘zbek san'atining ajoyib kolleksiyalari Germaniyaning Berlin, Drezden va Leyptsig muzeylarida saqlanmoqda. Masalan, Germaniyadagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan Pergam muzeyida islom dunyosining asosiy reliktlari hisoblangan qo‘lyozma kitoblari va sharq tamadduni amaliy san'ati asarlarining qimmatbaho namunalari taqdim etilgan. Ular orasida Samarqandning qadimiy shahri joylashgan Afrosiyobning mashhur kulolchilik san'atidir”.

“Biz o‘zbek san'ati kolleksiyasiga ega ekanligimizdan faxrlanamiz, - deydi Pergam muzeyi tarkibiga kiradigan islom san'ati muzeyi direktori o‘rinbosari doktor Ute Franke. - U katta emas, lekin juda katta tarixiy va badiiy ahamiyatga egadir".

Media-forum doirasida "O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lining yuragi" deya nomlangan tantanali kecha bo‘lib o‘tadi, unga 150 qatnashchi va mehmonlar taklif etilgan, jumladan Germaniya siyosatchilari, olimlari, OAV vakillari,  madaniyat va san'at sohasida O‘zbekiston-Germaniya hamkorligi to‘g‘risida natijalarni taqdim etadi. Berlindagi media-iventning so‘nggi tadbiri - milliy uslubdagi gala-kechki ovqat bo‘lib, unda mehmonlarga eng sara o‘zbek taomlari taqdim etiladi. Kechani o‘zbek ijrochilarining yorqin konsert dasturi bezatadi.

Mavzuga oid