O‘zbekiston | 19:02 / 23.10.2025
1841
3 daqiqa o‘qiladi

Madaniy meros obektlari va transport inshootlarining zilzilabardoshligi monitoring qilinadi

Madaniy meros obektlarining zilzilabardoshliligini monitoring qilish amaliyoti 2026 yil 1 yanvardan, avtomobil va temiryo‘l ko‘priklari hamda yerosti va yerusti tunnellarining zilzilabardoshliligini onlayn monitoring qilish amaliyoti esa 2026 yil 1 martdan bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: Kun.uz

Prezidentning 20 oktyabrdagi farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda madaniy meros obektlari va transport inshootlarining zilzilabardoshligini monitoring qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Hujjatda belgilanishicha, 2026 yil 1 yanvardan boshlab madaniy meros obektlarining zilzilabardoshliligini monitoring qilish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Dastlabki bosqichda monitoring Samarqand shahridagi Registon majmuasi, Buxoro shahridagi Darvozaxona (Ark majmuasi), Xiva shahrining Ichan-qal’a majmuasida amalga oshiriladi.

Tarixiy va madaniy meros obektlarining zilzilabardoshliligini monitoring qilish Madaniy meros agentligining yagona boshqaruv platformasi orqali FVVning Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan amalga oshiriladi. Monitoring tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Transport inshootlari — avtomobil va temiryo‘l ko‘priklari hamda yerosti va yerusti tunnellarining zilzilabardoshliligini onlayn monitoring qilish amaliyoti esa 2026 yil 1 martdan bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Onlayn monitoring “Transporseysmika” platformasi orqali FVV Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan yuritiladi. Monitoring ma’lumotlari transport inshootlaridagi zaiflashgan nuqtalarda mas’ul tashkilot tomonidan instrumental-texnik tekshiruvni o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.

Seysmik datchiklarni sotib olish, transport inshootlariga o‘rnatish va uni yuritish bilan bog‘liq xarajatlar 2026—2028 yillar davomida yuqoridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab, respublikaning A-373 va M-39 avtomobil yo‘llarida va ularga tutash bo‘lgan tog‘li hududlarni kesib o‘tuvchi temir yo‘llarda ko‘chki sodir bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlarda doimiy radiolokatsion kosmik monitoring amalga oshiriladi.

U har yili 1 maygacha Kosmik tadqiqotlar agentligi tomonidan o‘tkaziladi, uning natijalari bo‘yicha ma’lumotlar tog‘-kon sanoati va geologiya, favqulodda vaziyatlar, transport va gidrometeorologiya xizmatlari, mahalliy hokimliklarga taqdim etiladi, ular tomonidan aniqlangan xavfning oldini olish choralari ko‘riladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid