Jahon | 15:31 / 06.03.2026
5731
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon Erondagi diplomatlarini evakuatsiya qiladi

Eron dronlari Ozarboyjon hududiga uchib kirishiga javoban Boku navbatdagi jiddiy qadamni tashladi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Erondagi diplomatik xodimlarini to‘liq tarkibda olib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov ma’lum qildi. 

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Tehrondagi elchixonaga ham, Tabrizdagi bosh konsullikka ham taalluqli bo‘ladi. 

«Ayni vaqtda bu yo‘nalishda tegishli ishlar olib borilmoqda», – deya uning so‘zlarini keltiradi Report nashri.

Bayramov Eron Ozarboyjondagi Naxichivon aeroportiga uyushtirilgan dronlar hujumini «sinchkovlik bilan tekshirish»ga va’da berganini ham aytgan. «Ushbu hodisa bo‘yicha diplomatik choralar ko‘rildi, norozilik notasi yuborildi, hamkasbim bilan telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Eron tomoni boshlagan tergov umumiy jarayonning bir qismidir. Ozarboyjon xavfsizligi davlat rahbarining qat’iy nazorati ostida», – degan vazir.

5 mart kuni Ozarboyjon hukumati mamlakat hududiga Eron dronlari qulagani to‘g‘risida xabar berdi. Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, dronlardan biri aeroport terminali hududiga kelib urilgan, boshqasi – Shakarobod qishlog‘idagi maktab hududiga tushgan. Aeroportda to‘rt kishi jarohat olgan. Ozarboyjon hukumati dronlar hujumini terakt deb baholadi. Eron tomoni Naxichivon aeroporti zarba nishoni bo‘lmaganini bildirdi va bu hodisada Isroilning qo‘li borligini aytdi. Ammo hozircha bunga dalil keltirilmadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid