Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“San’atkorlar loyihani to‘liq o‘qimasdan shovqin ko‘tardi” – taklif etilayotgan hujjat taqdiri nima bo‘ladi?
San’atkorlarni soliqqa tortishni taklif etuvchi qaror loyihasi muhokamasi 10 aprel kuni yakuniga yetadi. Fikr bildirgan san’atkorlarning deyarli hammasi bunga qarshi. Faollar hujjat chala ekanidan norozi, biroq odamlar san’atkorlar ham hamma qatori soliqqa tortilishi tarafdori. Kun.uz bilan suhbatlashganlar fikricha, soliq haq, biroq hozir san’atkorlardan undirilayotgan boshqa to‘lovlar masalasini qayta ko‘rib chiqish kerak.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida turgan “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni soliqqa tortish va hisobini yuritish tizimini soddalashtirish to‘g‘risida”gi loyihani Adliya vazirligi muallif sifatida muhokamaga qo‘ygan.
10 aprelga qadar davom etuvchi bu muhokamalar chog‘ida fikr bildirgan san’atkorlarning deyarli hammasi ushbu tizimdan noroziligini bildirdi. Jamoatchilik faollari esa soliq faqat xonandalarga solinayotgani bir tomonlama va uzoqni o‘ylanmagan taomil bo‘lgani sabab, loyihani nomukammallikda ayblamoqda. Jamiyat a’zolarining aksariyati esa san’atkorlarni soliqqa tortish taklifini olqishladi.
Kun.uz bilan suhbatlashganlar fikricha, san’atkorlar soliqdan qochmaydi, biroq agar soliq joriy qilinadigan bo‘lsa, hozir undirilayotgan boshqa to‘lovlar masalasini qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti – Munojat Yo‘lchiyevaga ko‘ra, bu 1-2 kunda hal bo‘ladigan masala emas.
“Biz san’atkorlar davlat tomonidan ishlab chiqilib, qabul qilinayotgan har bir hujjatga bo‘ysunamiz, amal qilamiz. Biz soliq to‘lashga qarshi emasmiz, lekin litsenziya-chi? Agar soliq joriy qilinsa, litsenziya uchun to‘lov ham davom etadimi?” – deydi u.
Soliq qo‘mitasining Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i ma’muriyatchiligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Po‘lat Davletov fikricha esa, san’atkorlar qaror loyihasini o‘qimasdan turib shovqin ko‘tarishdi.
“Avvaliga san’atkorlar bu loyiha ekanini, hali muhokama bosqichidaligini tushunishi kerak edi. Ular loyihani o‘qib, tushunib olishlari lozim. Samandar soliq e’lon qilindi deb xato gapirdi, soliq solingani yo‘q, bu faqat taklif etilmoqda hali”, deydi qo‘mita xodimi.
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasining Konsert tomosha faoliyatini litsenziyalash bo‘limi mas’uli – Eshqul Hakimovning aytishicha esa, san’atkorlar umuman soliq to‘lamaydi degan fikr xato.
“Prezident farmoniga binoan ular soliq to‘lab kelishgan, to‘layapti ham. San’atkorlarni soliq to‘lamaydi, deyish xato. Men hattoki summalari bilan keltirib berishim mumkin. Mana shu to‘lovlar bekor qilinmay turib, “bir xizmatga – bir to‘lov” tizimi joriy qilinishigina ularning birdan bunday fikrlashiga sabab bo‘ldi. Yo unisi, yo bunisi bekor bo‘lishi kerak”, deydi Hakimov.
Munojat Yo‘lchiyevaning qo‘shimcha qilishicha, san’atkorlarni o‘n ming dollarlab pulga chaqirayotgan ham, ortidan yomonlayotgan ham odamlarning o‘zi.
“Siz o‘n minglab dollarga san’atkorni chaqirasiz, bunga rozi – o‘zingiz. Ularning ortidan esa nega bular soliq to‘lamaydi, deysiz. Ikki tomondan ham loy chaplash yaxshi ish emas, san’atkorlar hammasi bor pulni cho‘ntakka urib ketmaydi, ular soliq to‘lashga rozi, lekin buni adolat bilan qilish kerak”, deydi O‘zbekiston qahramoni.
Jamoatchilik faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, Adliya vazirligi va bu hujjatni ishlab chiqqan davlat tashkilotlari avvalo loyiha mazmunini OAV orqali tushuntirib berishi kerak edi. Bundan tashqari, hujjat chala va faqat xonandalar nazarda tutilayotgani g‘alati. Bo‘lsa, butun intellektual mulk egalari uchun birdek bo‘lishi kerak, deydi u.
“Nima uchun faqat san’atkorlar, degan savolga hech kim javob berolmayapti. Bundan tashqari, Adliya vazirligi konsert uyushmasi hamda san’atkorlar vakillari bilan bu yangilik oldidan necha marta uchrashuvlar o‘tkazgan? Agar loyiha mukammal bo‘lganida, mas’ullar bunday suhbatlarda terilib o‘tirishardi”, deya qo‘shimcha qiladi Tashanov.
Suhbatni Kun.uzʼning jonli efirlar bo‘limidan to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Mavzuga oid
11:47 / 09.04.2026
“Obnalchi” korxonaning soliq majburiyati halol tadbirkor gardaniga yuklanyapti” – tadbirkorlar Soliq qo‘mitasidan norozi
14:54 / 07.04.2026
🔴 LIVE: Tugayotgan muhokama va soliqdan norozi san’atkorlar
18:31 / 06.04.2026
O‘zbekistonda P2P o‘tkazmalar monitoring qilinadi
09:00 / 05.04.2026