O‘zbekiston | 14:49 / 17.02.2021
7282
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Xitoy vaksinasidan 1 mln doza xarid qiladi

O‘zbekiston Xitoyning ZF 2001 vaksinasini birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgilandi. Bu yangi vaksina ZF-UZ-VAC 2001 nomi ostida birgalikda ishlab chiqariladi va foydalaniladi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlarini tashkil etish va vaksinani mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.

«O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga tashriflari chog‘ida Innovatsion rivojlanish vazirligi (O‘zbekiston) Fan va texnika vazirligi (Xitoy) o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha quyi qo‘mita faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.

Mazkur qo‘mita tomonidan koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqishda hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha ham amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Jumladan, Xitoyning «Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.,Ltd» kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratilgan «ZF 2001» vaksinasining uchinchi bosqich klinik sinovlari Xitoydan tashqari birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

Hamkorlik doirasida Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi tomonidan belgilangan tartibda mazkur vaksinaning barcha xavfsizlik ko‘rsatkichlari sinovdan o‘tkazildi, uning ijobiy natijalari asosida hamda Etika qo‘mitasining vaksinani klinik tadqiqotlari o‘tkazishning etika jihatidan asoslangani to‘g‘risidagi xulosalari asosida aholi orasida uchinchi bosqich klinik sinovlarga yo‘naltirildi.

Bugungi kungacha klinik sinov talabiga muvofiq «vaksina/platsebo» sxemasi asosida 6 830 nafar ko‘ngilli emlangan, ularning birortasida o‘ta nojo‘ya ta'sirlar kuzatilmagan.

«Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.,Ltd» kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinani yaratishda O‘zbekistonning hissasi va ca'y-harakatlarini inobatga olib, mamlakatimizni «ZF 2001» vaksinani birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgiladi. Ushbu yangi vaksinani «ZF-UZ-VAC 2001» nomi bilan birgalikda ishlab chiqarish va foydalanilishga kelishilgani bildirildi.

Shuningdek, «Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.,Ltd» kompaniyasi tomonidan mazkur vaksinani O‘zbekistonda mahalliylashtirish maqsadida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan bir qator farmatsevtika korxonalari faoliyati o‘rganildi, laboratoriya hamda texnik va ishlab chiqarish quvvatlarini inobatga olib, «Jurabek Laboratories» MChJ QK tanlandi», deyiladi O‘zA xabarida.

Yig‘ilishda ushbu vaksinaning mamlakatda uchinchi bosqich sinovlari muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani va O‘zbekistonni bu vaksina yaratilishi va ishlab chiqarishda hammuallif davlat etib belgilangani inobatga olinib, «ZF-UZ-VAC 2001» vaksinasini favqulodda vaziyatlarda foydalanishga ruxsat berish masalasi muhokama qilingan.

Shu maqsadda koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlarini tashkillashtirish borasida ko‘rilayotgan choralar, «ZF-UZ-VAC 2001» vaksinasidan 1 million doza xarid qilish va mamlakatimiz aholisini ixtiyoriy ravishda ommaviy emlash tadbirlariga yo‘naltirish masalasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga muhokamaga kiritish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilingan.

  • Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash mart oyining birinchi yarmida boshlanadi. Birinchi navbatda 4 milliondan ortiq kishi (keksa yoshdagilar, tibbiyot xodimlari, surunkali kasalliklari bor aholi, maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta'lim muassasasi xodimlari, qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari) bepul emlanadi.
  • Bundan avvalroq, O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasini qo‘llashga ruxsat berilgani, ushbu vaksinadan 1 million doza xarid qilish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilayotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid