Jamiyat | 19:25 / 16.02.2021
10389
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda birinchi navbatda 4 milliondan oshiq kishi emlanadi

O‘zbekistonda birinchi navbatda emlanadigan aholi soni 4 mln 112 ming 668 nafarni tashkil etadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassisi Vazira Mutalova ma'lum qildi.

U birinchi navbatda emlanadigan aholi qatlamlari haqida ma'lumot keltirgan:

  • 65-74 yoshgacha bo‘lgan qariyalar – 1 mln 85 ming 797 nafar;
  • 75 yoshdan 84 yoshgacha bo‘lgan keksalar – 388 ming 686 nafar;
  • 85 yosh va undan yuqori keksalar – 139 ming 280 nafar;
  • Tibbiyot xodimlari – 447 ming 976 nafar;
  • Surunkali kasalliklari bor aholi (18-65 yosh) – 888 190 nafar;
  • Maktab o‘qituvchilari – 689 ming 383 nafar;
  • Maktabgacha ta'lim muassasasi xodimlari – 223 ming 426 nafar;
  • Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari – 180 ming nafar.

O‘zbekistonda emlash jarayoniga 3138ta emlash punktlari, 862ta mobil brigadalar (har birida 1 nafar oilaviy shifokor, 1 nafar vaksinator va 1 nafar muolaja hamshirasi mavjud) jalb etilgan.

Ushbu fuqarolar o‘zlari yashaydigan hududlardagi tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan emlash xonalarida emlanadi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev davlat dasturi bo‘yicha yig‘ilishda aholini koronavirusga qarshi emlash ishlarini boshlash zarurligini ta'kidlagandi. Sanitariya-epidemiologiya xizmati O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash mart oyining birinchi yarmida boshlanishini ma'lum qilgandi. Birinchi navbatda koronavirus yuqish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan shaxslar emlanishi va u faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshirilishi ma'lum qilingan. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina uchun 3 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev O‘zbekistonda aholining zaif qatlamlari koronavirusga qarshi bepul emlanishini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid