O‘zbekiston | 14:20 / 05.12.2017
49317
21 daqiqa o‘qiladi

IIV Akademiyasining kunduzgi va sirtqi ta'limiga kimlar o‘qishga qabul qilinadi?

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi va sirtqi ta'lim shakllariga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3216-son qarori ijrosini ta'minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga jismonan sog‘lom, ma'naviy yetuk va intellektual salohiyatli yoshlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”  2017 yil 16 avgustdagi PQ-3216-son qarori bilan:

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi ta'lim shakliga o‘qishga qabul qilish maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbat orqali kirish test sinovlarisiz amalga oshirilishi;

Akademiyada kadrlar tayyorlashning bir pog‘onali tizimi bo‘yicha kunduzgi ta'lim shaklining muddati uch yil etib belgilanganligi;

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Akademiyaning kunduzgi ta'lim shakliga qabul faqat Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari tarkibidan amalga oshirilishi;

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, Akademiyada ichki ishlar organlarida kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari uchun sirtqi ta'lim shakli joriy etilganligi, unda o‘qitish muddati oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun to‘rt yil, oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun to‘lov-kontrakt asosida uch yil etib belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilinadi.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi ta'lim shakliga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining sirtqi ta'lim shakliga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

3.  Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 3 iyundagi 141-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta'lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizomning 1-bandiga quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi qo‘shildi:

“O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga nomzodlarni tanlash va qabul qilish tartibi alohida nizom bilan belgilanadi”.

4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyaning kunduzgi va sirtqi ta'lim shakllariga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish shaffof va xolisona o‘tkazilishini ta'minlaydi hamda har qanday korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha ta'sirchan choralarni ko‘radi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklandi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi ta'lim shakliga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, akademiyaning kunduzgi ta'lim shakliga o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Butlash rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Akademiyaga yoshi o‘n sakkizdan kichik va yigirma beshdan katta bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari hamda ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Akademiyaga o‘qishga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari prinsiplari asosida quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi: dastlabki tanlov; maxsus kasbiy tanlov; yakka tartibdagi yakuniy suhbat. Bir bosqichdan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan nomzodlar keyingi bosqichga qo‘yilmaydi. Nomzodlar sinovlarni o‘zbek yoki rus tillaridan birini tanlagan holda topshiradilar.

Akademiyaga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan vazirlik va Akademiyaning rasmiy veb-sayti hamda ommaviy axborot vositalari orqali tanlov e'lon qilinadi. Unda ariza qabul qilinadigan manzil, tanlovni o‘tkazish muddatlari va joyi, o‘qishga qabul qilish shartlari xamda tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa ma'lumotlar aks ettiriladi. Akademiyaga o‘qishga qabul qilishni sifatli tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan Nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish bo‘yicha qabul komissiyasi tashkil etiladi. Qabul komissiyasi o‘z faoliyatini qabul yilining 1 fevralidan 31 avgustiga qadar Akademiyada olib boradi.

Dastlabki tanlovning asosiy maqsadi Akademiyaga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlarni tavsiflovchi ma'lumotlarning ular kelgusida ichki ishlar organlarida xizmat qilishi uchun mosligini va nomzodlarning sog‘lig‘i holatini aniqlashdan iborat.

Akademiyaga o‘qishga kirish uchun nomzodlarning arizalari (Akademiyaga o‘qishga kirish uchun nomzod ichki ishlar organi xodimi bo‘lgan taqdirda, ularning bildirgilari) qabul yilidan oldingi yilning 15 noyabridan qabul yilining 15 fevraliga qadar qabul qilinadi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

ariza beruvchining pasporti nusxasi;

ariza beruvchining tugilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma almashtirilgan yoxud familiyasi, ismi, otasining ismi va boshqa ma'lumotlar o‘zgartirilgan bo‘lsa, bu haqda FHDYo organining ma'lumotnomasi;

ariza beruvchining yaqin qarindoshlari pasporti, nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma, nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma, nogironlik (agar mavjud bo‘lsa), qarindoshlarining o‘limi haqidagi guvohnomalari nusxalari;

Akademiyaga o‘qishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxasi;

3x4 santimetr o‘lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz) hamda 9x12 santimetr o‘lchamdagi 2 ta fotosurat (bosh kiyimsiz);

nomzod tomonidan qo‘lda va kompyuterda yozilgan tarjimai hol;

anketa (so‘rovnoma);

o‘qish, ish (agar o‘qiyotgan yoki ishlayotgan bo‘lsa) va yashash joyidan tavsifnoma hamda ma'lumotnoma (yashash joyidan berilgan ma'lumotnomada nomzodning oila a'zolari ko‘rsatiladi);

ariza beruvchining ma'lumoti to‘g‘risidagi hujjatlar nusxasi hamda ularning baholar ko‘rsatilgan ilovasi nusxasi;

harbiy xizmatga chaqiriluvchining qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi;

doimiy ro‘yxatda turgan joyidan belgilangan namunadagi sog‘lig‘ining holati haqida ma'lumotnoma (bo‘y-basti ko‘rsatilgan holda);

mehnat daftarchasi nusxasi (agar mavjud bo‘lsa);

oliy harbiy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirishga nomzodning ota-onasi rozilik xati.

Arizani qabul qilgan ichki ishlar organi xodimi ushbu bandda ko‘rsatilgan hujjatlarning aslini tekshirib oladi. Ishchi guruh tomonidan xizmat o‘tash xususiyatidan kelib chiqib, shuningdek, ayrim hujjatlarga aniqlik kiritish maqsadida tegishli muassasadan qo‘shimcha hujjat yoxud ma'lumotlar talab qilib olinishi mumkin.

Ichki ishlar organi xodimlarining bildirgisiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

yaqin qarindoshlarning pasporti, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, vafot etganlar bo‘lsa, ularning o‘limi haqidagi guvohnoma nusxalari;

Akademiyaga o‘qishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxasi;

3x4 santimetr o‘lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz) hamda 9x12 santimetr o‘lchamdagi 2 ta fotosurat (bosh kiyimsiz).

Dastlabki tanlov bosqichida ishtirok etadigan nomzodlarning soni cheklanmaydi.

Dastlabki tanlov: Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari bitiruvchilari hamda fuqarolar uchun - ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida; harbiy akademik litseylar bitiruvchilari uchun - (hujjatlarni to‘plash va o‘rganish tadbirlari) ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida va (tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tadbirlari) harbiy akademik litsey joylashgan hududdagi ichki ishlar organlarida; ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun - ularning xizmat joyi va harbiy qismlarda (muassasalarda) o‘tkaziladi.

Dastlabki tanlov quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi: hujjatlarni to‘plash va o‘rganish; tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish.

Hujjatlarni to‘plash va o‘rganish natijalarini tahlil qilish nomzod to‘g‘risidagi ma'lumotlarni rejali jamlash va tizimlashtirish usuli bilan o‘tkaziladi. Nomzodlarning hujjatlarini to‘plash va o‘rganish ishlari dastlabki tanlov tadbirlari yakunlangunga qadar amalga oshiriladi. Hujjatlarni to‘plash va o‘rganish natijalari bo‘yicha nomzodning kelgusida ichki ishlar organlarida xizmat qilishi mumkinligi to‘g‘risida Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan ishchi guruhlar tomonidan xulosa chiqariladi. Nomzodlar Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” 2017 yil 26 sentabrdagi 764-son qaroriga muvofiq vazirlik va ichki ishlar organlarida maxsus tashkil etiladigan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari asosida nomzodning sog‘ligiga ko‘ra Akademiyada o‘qishga yaroqliligi darajasi to‘g‘risida harbiy - tibbiy komissiya tomonidan xulosa chiqariladi.

Nomzodlarning hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonida ichki ishlar organlarida xizmat qilishga to‘sqinlik qiluvchi ma'lumotlar aniqlanganda yoki sog‘ligining holati bo‘yicha xizmatga yaroqsiz deb topilgan taqdirda hujjatlarni rasmiylashtirish to‘xtatilib, ularni ichki ishlar organlariga qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘grisida ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan qaror qabul qilinadi va bu haqida nomzodga yozma xabar qilinadi.

Dastlabki tanlov bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan hamda shaxsiy hujjatlarining yig‘majildi to‘liq rasmiylashtirilgan nomzodlarni maxsus kasbiy tanlovda ishtirok etish uchun yuborish to‘g‘risidagi qaror ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan xulosa ko‘rinishida tasdiqlanadi. Mazkur xulosa nomzodning shaxsiy hujjatlari yig‘majildlari bilan birgalikda ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan ishchi guruhlar tomonidan qabul yilining 20 may kuniga qadar Qabul komissiyasiga yuboriladi. Qabul komissiyasi taqdim etilgan shaxsiy hujjatlar yig‘majildlarini ro‘yxatga oladi hamda ularning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshiradi.

Maxsus kasbiy tanlovning asosiy maqsadi nomzodlarning ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tashi uchun ularning sog‘ligi va psixofiziologik xususiyatlarining mos kelishini hamda nomzodlarning jismonan sog‘lomligi va intellektual salohiyatini aniqlashdan iborat.

Quyidagilar maxsus kasbiy tanlovning asosiy vazifalari hisoblanadi:

taqdim etilgan hujjatlar va nomzodni tavsiflovchi materiallarni o‘rganish;

nomzodlarning psixofiziologik xususiyatlarini, sog‘lig‘ini o‘rganish;

nomzodning umumjismoniy tayyorgarligi, bilim darajasi va chet tillari bo‘yicha o‘quv dasturlarini o‘zlashtirganlik darajasini har tomonlama va xolisona baholash;

nomzodlarni yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qo‘yish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qilish (maxsus kasbiy tanlov natijalari bo‘yicha).

Maxsus kasbiy tanlov quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi: hujjatlarni o‘rganish; tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish; psixofiziologik o‘rganish; yozma ish (bayon yoki insho); umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash; chet tillarini o‘zlashtirganlik darajasini baholash.

Nomzodlar tibbiy ko‘rikdan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan, tibbiyot mutaxassislaridan maxsus shakllantiriladigan harbiy-tibbiy komissiya tomonidan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” 2017 yil 26 sentabrdagi 764-son qaroriga muvofiq o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari asosida nomzodning sog‘ligiga ko‘ra Akademiyada o‘qishga yaroqlilik darajasi to‘g‘risida harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xulosa chiqariladi. Sog‘ligining holatiga ko‘ra Akademiyada o‘qishga yaroqsiz deb topilgan nomzodlar tanlovning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.

Psixofiziologik o‘rganish, yozma ish, umumjismoniy tayyorgarlik va chet tillarini o‘zlashtirganlik darajalarini baholash bo‘yicha to‘planishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 50 foizidan kam ball to‘plagan nomzodlar qabul komissiyasining qaroriga ko‘ra yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qo‘yilmaydi. Nomzodlarga maxsus kasbiy tanlovning psixofiziologik o‘rganish, yozma ish, umumjismoniy tayyorgarlik va chet tillarini o‘zlashtirganlik darajalarini baholash tadbirlari bo‘yicha sinovlarni qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbatning asosiy maqsadi huquqshunoslik, O‘zbekiston va jahon tarixi, adabiyot, ma'naviyat asoslari va milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar fanlari bo‘yicha nomzodlarning bilimlarini har tomonlama va xolisona baholashdan iborat. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat Qabul komissiyasi tomonidan kollegiallik prinsipi asosida har bir fan bo‘yicha kamida bir nafardan malakali mutaxassis jalb etilgan holda o‘tkaziladi. Qabul komissiyasi tomonidan maxsus kasbiy tanlov natijalari va yakka tartibdagi yakuniy suhbat bo‘yicha nomzodni Akademiyaga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qilinadi. Nomzodlarga yakka tartibdagi yakuniy suhbatni qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.

Vazirlar Mahkamasining “Ta'lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 11 avgustdagi 610-son qarori asosida chet tillarini bilish darajasi haqida davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlarga chet tili fanidan belgilangan maksimal ball beriladi va ular chet tili fanidan o‘tkaziladigan sinovdan ozod etiladi. Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari Akademiyaga dastlabki va maxsus kasbiy tanlov natijalari hamda tegishli vazirlik yoki idora rahbarining taqdimnomasi asosida, O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining qarori bilan yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz o‘qishga qabul qilinadilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida” 1993 yil 5 fevraldagi PF-555-son Farmoniga muvofiq va Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta'lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq dastlabki va maxsus kasbiy tanlov natijalari asosida xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblari Qabul komissiyasining qaroriga ko‘ra Akademiyaga yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz o‘qishga qabul qilinadilar. Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalarining Akademiyaga tanlovdan tashqari o‘qishga qabul qilishga tavsiya etilgan g‘oliblari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Nomzodlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari asosida Akademiyaga o‘qishga qabul qilinadi. Akademiyaga o‘qishga kirgan nomzodlar kursantlar safiga qabul qilinadi. Qabul komissiyasi har yili 10 iyulga qadar nomzodlarni o‘qishga qabul qilish masalasini ko‘rib chiqadi va tegishli bayonnomani rasmiylashtiradi.

Nomzodlar tanlovlar paytida Akademiya hududiga uyali telefonlar va boshqa aloqa vositalarini olib kirishi va foydalanishi qat'iy man etiladi. Nomzod tomonidan sinovlarga mikrokalkulyatorlar, lug‘at, jadvallar, kitoblar, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirilishi, sinovlar paytida bir-biriga yordam berishi, birovning o‘rniga kirishi, sinov o‘tkazish tartibini buzish deb hisoblanadi, bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi va qabul komissiyasi raisi o‘qishga qabul qilish bo‘yicha tanlovlarning istalgan bosqichida chetlatish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining sirtqi ta'lim shakliga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, akademiyaga ichki ishlar organlarida kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan, yoshi o‘ttiz beshdan katta bo‘lmagan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi. Akademiyada o‘qish muddati oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun to‘rt yil, oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun uch yilni tashkil etadi. Akademiyada o‘qish oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Akademiyaga o‘qishga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona koidalari prinsiplari asosida quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi: dastlabki tanlov; maxsus kasbiy tanlov; yakka tartibdagi yakuniy suhbat.

Bir bosqichdan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan nomzodlar keyingi bosqichga qo‘yilmaydi. Nomzodlar sinovlarni davlat tili yoki rus tilidan birini tanlagan holda topshiradilar.

Dastlabki tanlovning asosiy maqsadi Akademiyada o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar haqidagi ma'lumotlarni, uning xizmat faoliyatidagi ko‘rsatkichlarini o‘rganish, ularni har tomonlama va xolisona baholashdan iborat.

Maxsus kasbiy tanlovning asosiy maqsadi nomzodlarning ma'naviy- axloqiy xislatlari, intellektual salohiyati, umumiy dunyoqarashini, o‘z nuqtai nazarini asoslab berish qobiliyatini va chet tillarini o‘zlashtirganlik darajasini aniqlashdan iborat.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbatda nomzodning huquqshunoslik, adabiyot, ma'naviyat asoslari va milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar fanlarini o‘zlashtirganlik darajasini har tomonlama va xolisona baholashdan iborat.

Vazirlar Mahkamasining “Ta'lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida 2017 yil 11 avgustdagi 610-son qarori asosida chet tillarini bilish darajasi haqida davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlarga chet tili fanidan belgilangan maksimal ball beriladi va ular chet tili fanidan o‘tkaziladigan sinovdan ozod etiladi.

Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari dastlabki va maxsus kasbiy tanlov natijalari asosida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining qarori bilan yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz o‘qishga qabul qilinadilar.

Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyati davomida erishgan yutuqlari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlangan nomzodlarga kompleks test sinovlari va yakka tartibdagi yakuniy suhbat uchun ajratilgan eng yuqori ballning 10 foizi miqdorida qo‘shimcha imtiyozli ball beriladi.

Nomzodlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari asosida Akademiyaga o‘qishga qabul qilinadi. Akademiyaga o‘qishga kirgan nomzodlar kursantlar safiga qabul qilinadi.

Mavzuga oid