Jahon | 19:57 / 20.07.2025
9232
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyada bortida 280 kishi bo‘lgan parom yonib ketdi (video)

Indoneziyada yo‘lovchi paromda chiqqan yong‘in tufayli kamida uch kishi halok bo‘ldi, 130 kishi bedarak yo‘qolgan. Odamlar kemadan suvga sakrashgan, ularni evakuatsiya qilish uchun uchta kema va baliqchilarning qayiqlari yuborilgan.

Foto: Videodan kadr

Indoneziya sohillari yaqinida bortida 280 kishi bo‘lgan Barcelona V (KM) paromida kuchli yong‘in chiqdi. Channel News Asia ma’lumotiga ko‘ra, kamida uch kishi halok bo‘lgan. CNN Indonesia xabarida qurbonlardan biri homilador ayol bo‘lgani aytilgan.

Bu vaqtda parom Talaud orolidan Shimoliy Sulavesi provinsiyasidagi Manado shahriga suzayotgandi.

Pastki palubalardan quyuq qora tutun chiqa boshlagandan keyin kemada vahima boshlangan va ko‘pchilik o‘zini dengizga otgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda odamlar baqirgancha yordam so‘rayotgani aks etgan. Shuningdek, kema palubasi to‘lib-toshgani, undagi xodimlar yo‘lovchilarga paromdan sakrashdan oldin qutqaruv nimchalarini taqishda yordam berayotganini ko‘rish mumkin.

Suvga sakragan yo‘lovchilardan biri Abdul Rahmad Agu qo‘lida yig‘layotgan bolakayni tutgan holda, suvda turib ijtimoiy tarmoqda jonli translatsiya boshlagan.

«Yordam beringlar, KM Barcelona V yonmoqda. Bortda hali odam ko‘p. Biz dengizda yonyapmiz, bizga tezroq yordam kerak», — degan u jonli efirda.

Indoneziya harbiy-dengiz kuchlari yong‘in qurbonlari va jabrlanganlarni evakuatsiya qilish uchun uchta kema yubordi. Evakuatsiyaga yordam berish uchun mahalliy baliqchilar ham jalb etilgan. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, 150 ga yaqin odam qutqarilgan, 130 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Hodisa Talis va Biaro orollari o‘rtasidagi suvlarda sodir bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, yong‘in uchinchi palubadan boshlangan va tezda kemaning barcha qismlariga tarqalgan. Bu mahalliy vaqt bilan taxminan 12:00 da (Toshkent vaqti bilan 10:00) sodir bo‘ldi, dedi yo‘lovchilardan biri.

Mavzuga oid