Jahon | 16:03 / 10.01.2026
899
3 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya Kran-Montaneda yong‘in qurbonlari xotirasini yod etdi

Shveytsariyada tog‘-chang‘i kurortidagi yong‘in oqibatida halok bo‘lgan 40 nafar qurbon xotirasiga bag‘ishlangan rasmiy marosim o‘tkazildi. Tadbirda fojia qurbonlari fuqarosi bo‘lgan mamlakatlardan kelgan siyosatchilar ham ishtirok etdi.

Foto: AP

Shveytsariyaning Kran-Montana tog‘-chang‘i kurortidagi Le Constellation barida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida halok bo‘lgan 40 nafar inson xotirasiga bag‘ishlangan rasmiy motam marosimi sukut saqlash daqiqasi bilan boshlandi. Tadbir juma kuni, 9 yanvarda Martinii shahrida o‘tkazildi va u, shuningdek, qariyb 120 nafar jabrlanuvchiga ham bag‘ishlandi — ularning aksariyati og‘ir kuyish va tan jarohatlari olgan.

Butun Shveytsariya bo‘ylab halok bo‘lganlarni xotirlab, besh daqiqa davomida cherkov qo‘ng‘iroqlari chalindi. Fojia qurbonlarining ko‘pchiligi yoshlar bo‘lgan.

Marosimga yong‘in oqibatida fuqarolari halok bo‘lgan yoki jabr ko‘rgan Yevropa davlatlaridan yuqori lavozimli siyosatchilar taklif etildi. Ular orasida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Italiya prezidenti Serjo Mattarella ham bor.

Vale kantoni hukumati rahbari Matias Reynard halok bo‘lganlarning yaqinlariga murojaat qilib, hozirgi vaziyatda qilinishi mumkin bo‘lgan eng kam ish — “butun jamoa nomidan” ulardan uzr so‘rash ekanini aytdi. U ta’kidlashicha, fojia uchun huquqiy javobgarlikni o‘rganishdan tashqari, ma’naviy javobgarlikni ham zimmaga olish zarur.

Shveytsariya konfederatsiyasi prezidenti Gi Parmelen motam marosimida so‘zga chiqib, Kran-Montana fojiasini “aqlga sig‘maydigan” deb atadi. Uning aytishicha, “o‘zini tartib-intizom va ishonchlilik tayanchi deb hisoblaydigan mamlakat” xavfni — har doim zaif nuqtalarni qidirib turuvchi “hamma joyda mavjud soya”ni oldindan payqay olishi kerak.

Tashkilotchilar ma’lum qilishicha, motam tadbirlarida taxminan 700 kishi, jumladan, 150 atrofida marhumlar yaqinlari ishtirok etgan. Qurbonlar orasida Germaniya fuqarolari bo‘lmagan, ammo 11 nafar jabrlanuvchi Germaniya klinikalarida, jumladan Baden-Vyurtemberg federal yerida davolanmoqda. Shu sabab marosimda Baden-Vyurtemberg bosh vaziri Vinfrid Krechman ham qatnashgan.

Tergov ma’lumoticha, yong‘inning ehtimoliy sababi — bayram pirotexnika qurilmasining uchqun chiqarishi va bar shiftidagi penoplast qoplamani yondirib yuborishi bo‘lgan.

Mavzuga oid