Jahon | 13:14 / 26.10.2025
6255
7 daqiqa o‘qiladi

G‘arb Rossiyaga bosim o‘tkazishning yangi yo‘llarini sinamoqda. Bu qanchalik samara beradi?

AQSh tomonidan Rossiyaning eng yirik neft kompaniyalariga solingan sanksiyalar ham Ukrainadagi urushga katta ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin. Chunki rus kompaniyalari sanksiyalar bosimi oshishiga allaqachon tayyorlangan. Putin esa «o‘z maqsadlariga erishish uchun juda katta iqtisodiy yo‘qotishlarga ham tayyor».

Foto: Rossiyaning yirik neft kompaniyasi «Lukoil» bosh ofisi / Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp uzoq vaqtdan beri Rossiyaga yangi sanksiyalar bilan tahdid qilib kelgan. Ammo u ikkinchi muddatida hozirgacha hech qanday chora ko‘rmagandi.

Nihoyat 22 oktyabr kuni AQSh Rossiyaning eng yirik ikki neft kompaniyasi — «Rosneft» va «Lukoil» bilan bog‘liq tranzaksiyalarni blokladi.

Ushbu xabar fonida jahon bozorida neft narxlari besh foizdan ko‘proqqa oshdi. Bu o‘z navbatida Rossiyaning yirik mijozlari, xususan, Hindistonni Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishga undashi mumkin. Sanksiyalar natijasida Xitoy davlat neft kompaniyalari ham vaqtincha Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatgan.

AQSh Moliya vazirligi bu ikki neft kompaniyasini «Moskvaning urush mashinasini moliyalashtiruvchi manba» sifatida izohladi.

Bu chora Tramp davrida AQShning Rossiyaga ko‘rgan eng bevosita jazolovchi sanksiyasi. U 2022 yil fevralida urush boshlanganidan beri energetika sohasiga qarshi eng keskin choralar sirasiga kiradi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi payshanba kuni 2027 yilgacha Rossiyadan suyuq tabiiy gaz importini to‘liq taqiqlashga qaror qildi. Bu ham har yili Rossiyaga milliardlab dollar keltiruvchi soha hisoblanadi.

New York Times nashrining yozishicha, bu safargi choralar ham Kremlni urushni to‘xtatishga majburlaydi degan ishora hozircha yo‘q. Rossiya iqtisodiyoti esa tobora chuqurroq inqirozga kiryapti.

Nega yangi sanksiyalar aynan hozir joriy etildi?

So‘nggi haftada Trampning Rossiyaga bo‘lgan munosabati keskin o‘zgarib ketdi. 16 oktyabr kuni u Putin bilan Budapeshtda sammit o‘tkazishini e’lon qilgandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay u uchrashuvni bekor qilib, yangi sanksiyalar joriy etdi.

Tramp bu oy boshida G‘azoda sulh bitimi o‘rnatganidan so‘ng Ukrainadagi urushda ham xuddi shunday muvaffaqiyatga erishmoqchi edi. Ammo Rossiya sulhni birinchi qadam sifatida rad etdi va Ukraina o‘z nazoratini yo‘qotgan hududlardan voz kechishini talab qilmoqda.

Foto: NYT

Aslida avgust oyida Alyaskada Tramp va Putin o‘rtasidagi sammit ham hech qanday natija bermagandi. Dushanba kuni Oq uyda uchrashuv bekor qilinayotganini aytgan Tramp Putin bilan aloqalaridan noroziligini yashirmadi:

«Har safar Vladimir bilan gaplashaman – suhbatlarimiz yaxshi o‘tadi, lekin hech qachon natija bo‘lmaydi», dedi u.

Bu sanksiyalar Rossiyaga qanday ta’sir qiladi?

Vladimir Putin esa bu sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga zarba berishini, biroq jiddiy zarar keltirmasligini aytdi.

«Bu Rossiyaga nisbatan do‘stona bo‘lmagan qadam va bu Rossiya hamda AQSh o‘rtasidagi endigina tiklanayotgan munosabatlarni mustahkamlashga yordam bermaydi», — dedi u. «Ammo o‘zini hurmat qilgan hech bir xalq bosim ostida qaror qabul qilmaydi».

Tramp esa Putinning «sanksiyalar jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi» degan fikriga kinoya bilan javob berdi: «U shunday o‘ylayotganidan xursandman. Yaxshi. Buni olti oydan keyin yana ko‘rib chiqamiz», — dedi u.

AQSh sanksiyalari global miqyosda faoliyat yurituvchi ikki yirik kompaniya va ularning 30 dan ortiq shu’ba korxonalariga, jumladan, ko‘plab neftni qayta ishlash zavodlariga qaratilgan. Neft va gaz savdosi Rossiya davlat budjetining qariyb chorak qismini tashkil etadi.

Shu bilan birga, Ukraina tomonidan uzoq masofali, aniqligi yuqori zarbalar Rossiya neft sanoatini allaqachon bosim ostiga olgan. Oldingi sanksiyalar «soya tankerlar floti» deb ataluvchi – kelib chiqishi yashirilgan xalqaro tankerlar orqali neft tashishni nishonga olgan edi. Ammo bu ham Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy zarar keltirmagan.

Tahlilchilarning fikricha, bu safargi sanksiyalar ham katta ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin.

Chunki Rossiya kompaniyalari sanksiyalar bosimi oshishini allaqachon kutib, tayyorlangan. Putin esa «o‘z maqsadlariga erishish uchun juda katta iqtisodiy yo‘qotishlarga ham tayyor».

Buni urushning borishidan ham bilsa bo‘ladi: shu yil Rossiya bir necha ming kvadrat kilometr hududni egallagan, bu xaritada bir necha «santimetr»ni ham emas. Urush esa qonli turg‘unlikda davom etmoqda, ruslar 200 mingdan ortiq askarlarni yo‘qotgani aytilmoqda.

Urushga qarshi – ichki muxolifat qat’iy bostirilgan. Putin mamlakat iqtisodiyotini «urush rejimiga» o‘tkazgan va u jangni to‘xtatishga shoshmayapti.

Keyin nima bo‘ladi?

Sanksiyalardan oldinroq Ukraina AQShdan Tomahawk qanotli raketalarini so‘rashni boshladi. U bu bilan Rossiya hududining ichkarisiga chuqurroq zarba berish imkonini olishni ko‘zlayapti. Putin esa bunday qadamga «keskin javob» berish bilan tahdid qilmoqda. Ba’zi tahlilchilar esa Tomahawk raketalari urush borishini o‘zgartira olmasligini, ular juda qimmat va yetarlicha sonni yetkazib berish qiyinligini aytmoqda.

Foto: NYT

Shu kunlarda Yevropa yetakchilari Rossiya aktivlaridan foydalanish masalasini dekabrgacha kechiktirdi. Gap Yevropada muzlatilgan Rossiya aktivlarini – 163 milliard dollarlik Kiyevga kredit kafolati sifatida ishlatish haqida bormoqda. Bu mablag‘ AQSh yordamining qisqarishini qoplaydi va Tomahawk raketalarini xarid qilishga ham yo‘naltirilishi mumkin.

Lekin Rossiyaning pullarini Ukraina uchun ishlatish borasida hozircha yevropaliklar «birdam emas». Ayniqsa Moskva «og‘riqli javob» berishini aytganidan keyin buning oqibatlaridan xavotir kuchaydi.

Ayni vaqtda shimolda sovuq qish yaqinlashmoqda. Bu ikki tomon uchun janglar bir necha oyga sustlashishiga sabab bo‘ladi. Sulhga erishish borasida esa Tramp har doimgidek yana fikrini o‘zgartirishi mumkin. 

Mavzuga oid