Jahon | 14:58 / 05.02.2026
2419
9 daqiqa o‘qiladi

Maskatda bo‘ladigan AQSh–Eron muzokaralari, yana G‘azoga zarba bergan Isroil va Erdo‘g‘anning Riyodga safari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh va Eron muzokaralari

AQSh va Eron juma kuni O‘monda Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi, deya ma’lum qildi har ikki tomon vakillari.

4 fevral kuni Tramp Eron oliy rahnamosi «juda xavotirda bo‘lishi kerak», dedi. U shuningdek, «ular biz bilan muzokara olib boryapti», dedi, biroq tafsilot bermadi. Trampning bayonotidan so‘ng AQSh va Eron rasmiylari dastlab Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralar joyi Maskatga ko‘chirilganini ma’lum qildi.

Biroq kun tartibi bo‘yicha tomonlar umumiy kelishuvga erishgani haqida hech qanday ishora bo‘lmadi. Eron muzokaralarni G‘arb davlatlari bilan uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan yadroviy nizoni muhokama qilish bilan cheklashni talab qilmoqda.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio esa boshqa pozitsiyani bildirdi. «Agar eronliklar uchrashmoqchi bo‘lsa, biz tayyormiz», dedi u jurnalistlarga. Biroq u muzokaralar yadroviy masalalardan tashqari, Eronning ballistik raketalari, Yaqin Sharq bo‘ylab qurolli vositachi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashi hamda o‘z fuqarolariga munosabatini ham qamrab olishi shartligini qo‘shimcha qildi.

Rasmiylarning aytishicha, muzokaralarda Trampning kuyovi Jared Kushner, AQShning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Isroil yana G‘azoga zarba berdi

Chorshanba kuni Isroil zarbalari oqibatida G‘azoda kamida 24 nafar falastinlik, jumladan, ikki nafar chaqaloq halok bo‘ldi. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha nozik kelishuv tobora kuchli bosim ostida qolmoqda.

10 oktyabrda kuchga kirgan sulhga qaramay, Isroilning halokatli zarbalari uni bir necha bor izdan chiqardi. G‘azodagi ko‘plab odamlar urush deyarli to‘xtamaganini his qilmoqda.

AP nashriga ko‘ra, chorshanba kuni halok bo‘lganlar orasida kamida besh nafar bola, yetti nafar ayol va xizmatda bo‘lgan feldsher bor.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi chorshanba kungi zarbalar oqibatida jami kamida 38 nafar falastinlik yaralanganini bildirdi.

Isroil ushbu hujumda Hamasning uch nafar komandiri va o‘z kuchlariga tahdid solgan boshqa shaxslar yo‘q qilinganini aytdi. Ayrim zarbalarni esa Hamas hujumi oqibatida askarlaridan biri og‘ir yaralangach berilgan javob ekanini bildirdi.

Sulh kuchga kirganidan buyon Isroil tomonidan 556 nafar falastinlik o‘ldirilgan, ularning yarmi ayollar va bolalar. Isroil harbiylari esa sulh boshlanganidan beri o‘z askarlaridan to‘rt nafari halok bo‘lganini aytadi.

Rafah chegara punktidan falastinliklarning o‘tishi ham kechikishlar, so‘roqlar va kimlarga ruxsat berilishi borasidagi noaniqliklar bilan kechmoqda. Seshanba kuni butun kun davomida atigi 40 nafar falastinlik G‘azoga kira oldi.

Chorshanba kuni G‘azodan 15 nafar bemor va ularning 31 nafar qarindoshi Misrga o‘tishi rejalashtirilgan edi. Biroq guruhning yarmidan ko‘prog‘iga rad javobi berildi, dedi Falastin Qizil yarim oy jamiyati vakili.

Tramp va Si qo‘ng‘iroqlashdi

4 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoyga bo‘lajak rasmiy tashrif arafasida xitoylik hamkasbi Si Jinping bilan «a’lo darajadagi» hamda «uzoq va batafsil» telefon muloqoti o‘tkazganini ma’lum qildi.

AQSh prezidenti so‘zlariga ko‘ra, suhbat chog‘ida «savdo, harbiy masalalar intiqlik bilan kutayotgan» aprel oyida Xitoyga safari, Tayvan, Ukrainadagi urush, Eron bilan bog‘liq vaziyat, Xitoyning AQShdan neft va gaz xarid qilishi» hamda boshqa masalalar muhokama qilingan.

Trampga ko‘ra, Xitoy AQShdan qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish, shuningdek, samolyot dvigatellarini yetkazib berish bo‘yicha kutilayotgan bitimlarni ko‘rib chiqmoqda.

«Prezidentligimning keyingi uch yili davomida prezident Si va Xitoy bilan bog‘liq ko‘plab ijobiy natijalarga erishilishiga ishonaman!» dedi Tramp.

Xitoy tomoni esa qo‘ng‘iroq bo‘lib o‘tganini tasdiqlagan, biroq tafsilotlarni keltirmagan.

Erdo‘g‘anning Riyodga safari

2026 yil 3 fevral kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ar-Riyodda muzokaralar o‘tkazdi. Ma’lum qilinishicha, rasmiy tashrif ortidan tomonlar iqtisodiyot, energetika, mudofaa va mintaqaviy xavfsizlik sohalarida hamkorlikni kengaytirishini e’lon qildi.

Ikki hukumat Turkiya–Saudiya Muvofiqlashtirish kengashi doirasida hamkorlikni kuchaytirishda davom etishini bildirgan.

Falastin masalasida tomonlar Isroilning G‘azodagi davom etayotgan hujumlari, yordam blokadasi va og‘irlashib borayotgan gumanitar inqirozni qoraladi. Otashkesimni zudlik bilan mustahkamlash, o‘tish punktlarini cheklovsiz yordam yetkazish uchun qayta ochish hamda 1967 yil chegaralari asosida ikki davlatli yechim sari ilgarilashga chaqirildi.

Turkiya Saudiya Arabistonini 2030 yilda G20 sammitiga mezbonlik qilish arizasini qo‘llab-quvvatlashini eslatdi.

Ukrainadagi urush bo‘yicha muzokaralar

Moskva va Kiyev o‘rtasida qariyb to‘rt yildan beri davom etayotgan urush bo‘yicha Rossiya, Ukraina va AQSh ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralarning ikkinchi raundi Abu-Dabida boshlandi.

Bu haqda Ukraina bosh muzokarachisi Rustem Umerov ma’lum qildi. Umerovning aytishicha, ushbu ishlar yakunlangach, «pozitsiyalarni birgalikda keyingi bosqichda muvofiqlashtirish» rejalashtirilgan. U shuningdek, jarayonlar «prezident Volodimir Zelenskiyning aniq ko‘rsatmalari doirasida» olib borilayotganini ta’kidladi.

Vashington delegatsiyasi ham chorshanba kuni ertalab amirliklar poytaxtiga yetib kelgan.

Rossiya va Ukraina 23-24 yanvar kunlari ham Abu-Dabida AQSh ishtirokida ikki kunlik maslahatlashuvlarni o‘tkazgan edi.

Kiyev va Vashington muzokaralarning birinchi raundini «konstruktiv» deb baholagan bo‘lsa, Moskva «oldinda katta ishlar borligini» ta’kidlagan.

Jurnalistlar bilan brifing chog‘ida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov tinch yo‘l bilan hal etish uchun eshiklar ochiq ekanini aytdi. Shu bilan birga, u «maxsus harbiy amaliyot» — Kiyev «tegishli qarorlar» qabul qilmaguncha davom etishini bildirdi.

Trampga suiqasd qilgan shaxs umrbod qamaldi

2024 yil sentabr oyida Florida shtatidagi golf maydonida prezident Donald Trampga suiqasd qilishga uringan Rayan Raut umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Hukm chiqarish bo‘yicha memorandumda sudya Eylin Kennon Rautning jinoyatlari «shubhasiz umrbod qamoq jazosini talab qiladi», deb yozdi.

«U oylar davomida prezidentlikka nomzodga suiqasd qilish uchun qadamlar tashlagan, yo‘lida kim bo‘lsa ham o‘ldirishga tayyor ekanini namoyon etgan va shundan beri jabrlanuvchilarga nisbatan na afsus, na pushaymon bildirgan», - deb yozgan sudya.

Raut o‘zini aybdor deb tan olmadi va 8 sentabrda boshlangan sud jarayonida o‘zini o‘zi himoya qilishni tanladi. Shuningdek, uning advokati Martin Ross ish bo‘yicha apellyatsiya berilishini ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, hay’at uni aybdor deb topgach, Raut ruchkani bo‘yniga sanchib o‘ziga zarar yetkazishga uringan, biroq u zudlik bilan sud zalidan olib chiqib ketilgan.

59 yoshli Raut Tramp hali prezidentlikka nomzod bo‘lgan paytda uni o‘ldirishga uringan edi. Hududda xizmat qilayotgan AQSh maxfiy xizmati xodimi butalar orasidan chiqib turgan miltiq stvolini ko‘rib qolib, Raut tomonga o‘q uzgan. Shundan so‘ng Raut voqea joyidan qochgan, biroq yaqin atrofda qo‘lga olingan.

Ushbu voqea 2024 yilda Tramp hayotiga qilingan ikkinchi urinish bo‘ldi. O‘sha yili iyul oyida Pensilvaniyadagi saylovoldi mitingida ham qurollangan shaxs Trampga o‘q uzgan edi. O‘sha hujumda Tramp yaralangan. Keyinchalik 20 yoshli hujumchi maxsus xizmatlar tomonidan otib o‘ldirilgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid