Parij-2024: Yakuniy jadval, O‘zbekiston qahramonlari va avvalgi olimpiadalardagi natijalar
Parijda yozgi olimpiada o‘z yakuniga yetdi. O‘zbekiston sport delegatsiyasi o‘yinlarni tarixiy natija bilan, 206 mamlakat orasida 13-o‘rinda yakunladi. Bu – Osiyo qit’asidagi to‘rtinchi, possovet makoni, islom olami va turkiy dunyo miqyosida esa eng yaxshi natija.
O‘zbekiston hisobidagi 13 ta medaldan iborat jamg‘arma tarkibi – 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzadan iborat bo‘ldi.
Bu galgi o‘yinlarda o‘zbek sporti qayd etgan muhim natijalar:
- tarixda ilk marta o‘zbekistonlik ayol sportchi Olimpiadaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi;
- erkaklar boksidagi 7 ta vazn toifasidan 5 tasida o‘zbekistonliklar chempion bo‘ldi;
- delegatsiyaning birdaniga uch a’zosi olimpiya o‘yinlarining ikki karra chempioniga aylandi;
- olimpiadalarda ilk bor o‘zbekistonlik dzyudochilar 3 ta, tayekvondochilar esa 2 ta medalni qo‘lga kiritdi;
- o‘zbek sporti Parij olimpiadasida futbol, suvga sakrash, kamondan otish va ayollar kurashi bo‘yicha debyut qildi.
Ta’kidlash kerak, prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda olimpiadaga tayyorgarlik haqida to‘xtalar ekan, Parijda medallar bo‘yicha yetakchi 15 ta mamlakat qatoridan joy olish uchun hamma imkoniyatlar borligini qayd etgandi.
Yakuniy medallar jadvali
Parij olimpiadasining umumjamoa hisobidagi g‘olibi Amerika Qo‘shma Shtatlari bo‘ldi: amerikaliklar 40 ta oltin, 44 ta kumush va 43 ta bronza (jami 126 ta medal)ni qo‘lga kiritdi. Xitoy ham 40 ta oltin qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, kumush medallar soni bo‘yicha AQShdan ortda qoldi: 40 ta oltin, 27 ta kumush va 24 ta bronza (jami 91 ta medal). Uchinchi o‘rinni Yaponiya delegatsiyasi band qildi: 20 ta oltin, 12 ta kumush va 13 ta bronza (jami 45 ta medal).
O‘zbekistonlik sovrindorlar tarkibi
Oltin medal:
- Diyora Keldiyorova (dzyudo, -52 kg)
- Ulug‘bek Rashitov (taekvondo WT, -68 kg)
- Razambek Jamalov (erkin kurash, -74 kg)
- Hasanboy Do‘smatov (boks, -51 kg)
- Abdumalik Xalokov (boks, -57 kg)
- Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (boks, -71 kg)
- Lazizbek Mullojonov (boks, -80 kg)
- Bahodir Jalolov (boks, +92 kg)
Kumush medal:
- Akbar Jo‘rayev (og‘ir atletika, -102 kg)
- Svetlana Osipova (taekvondo WT, +67 kg)
Bronza medal:
- Muzaffarbek To‘raboyev (dzyudo, -100 kg)
- Alisher Yusupov (dzyudo, +100 kg)
- G‘ulomjon Abdullayev (erkin kurash, -57 kg)
O‘zbekistonning yozgi olimpiadalardagi natijalari
Olimpiada | Sportchi | Oltin | Kumush | Bronza | Jami | O‘rin |
Atlanta–1996 | 71 | 0 | 1 | 1 | 2 | 58 |
Sidney–2000 | 70 | 1 | 1 | 2 | 4 | 43 |
Afina–2004 | 70 | 2 | 1 | 2 | 5 | 34 |
Pekin–2008 | 56 | 0 | 1 | 3 | 4 | 62 |
London–2012 | 54 | 0 | 0 | 3 | 3 | 75 |
Rio–2016 | 70 | 4 | 2 | 7 | 13 | 21 |
Tokio–2020 | 67 | 3 | 0 | 2 | 5 | 32 |
Parij–2024 | 86 | 8 | 2 | 3 | 13 | 13 |
Birozdan keyin Parijdagi “Stad-de-Frans” stadionida XXXIII yozgi olimpiadaning yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekistonning bayroqdori vazifasini taekvondochi Ulug‘bek Rashitov bajaradi.
2028 yilgi yozgi olimpiada AQShning Los-Anjyeles shahrida, 2032 yilgisi Avstraliyaning Brisban shahrida bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
18:15 / 13.09.2024
O‘zbekiston Paralimpiya harakatining oltin avlodisiz – Shavkat Mirziyoyev
21:04 / 07.09.2024
Xitoy qatorasiga oltinchi marta Paralimpiya o‘yinlarida g‘alaba qozondi
14:53 / 06.09.2024
Sportga xarajatlar: kelajak uchun investitsiyami yoki ortiqcha dabdaba?
10:24 / 31.08.2024