Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azoda kelishuvga tayyorgarlik, husiychilar yetkazayotgan zarar va Shveytsariyada 13-pensiya - kun dayjesti
Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.
Falastindagi vaziyat
Falastindagi HAMAS harakati AQSh tomonidan taklif etilgan, garovda ushlab turilganlarni Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarga almashish shartlarini qabul qilmagan.
Bu haqda The New York Times o‘z manbalariga asoslanib yozmoqda. Nashrning yozishicha, 23 fevral kuni o‘tgan uchrashuvda AQSh G‘azo sektorida garovda ushlab turilgan 40 nafar isroillikni qamoqxonalarda yotgan bir necha yuz falastinlikka almashtirish formulasini taqdim etgan. HAMAS buni rad etgan.
Isroil ham muzokaralarda qaysarlik qilmoqda. Ular HAMAS bilan muzokaralar uchun Qohiraga delegatsiya yubormadi. Toki garovga olinganlar haqida ma’lumot bermaguncha Isroil Qohira muzokaralarida qatnashmasligini e’lon qildi.
Isroil delegatsiyasi mart oyining ikkinchi haftasida Qohirada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va falastinlik mahkumlar evaziga garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar navbatdagi bosqichida ishtirok etish niyatida emas, deb yozadi The Times of Israel nashri.
Nashrga ko‘ra, muzokaralarni boykot qilishiga HAMAS vakillari guruh ushlab turishda davom etayotgan tirik garovga olinganlar ro‘yxatini hozircha taqdim etmagani va Isroil qamoqdan qancha falastinlik mahbusni ozod etishi kerakligini ko‘rsatmagani sabab bo‘lgan.
Shu bilan birga, HAMAS, shuningdek, muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etayotgan Qatar va AQSh delegatsiyalari allaqachon Misrga yetib borgan. AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris guruhdan olti haftalik otashkesimga rozi bo‘lishni talab qilgan, shuningdek, Isroilni G‘azo sektoriga humanitar yordam yetkazib berishni ko‘paytirishga yordam berishga chaqirgan.
HAMAS Isroilni olti haftalik sulhga emas, balki G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarni to‘liq to‘xtatishga majburlamoqchi, deb yozadi CNN muzokara guruhidagi o‘z manbasiga tayanib. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS TsAHAL qo‘shinlarini hududdan olib chiqib ketishni va falastinliklarga Isroil armiyasining quruqlikdagi amaliyoti tufayli evakuatsiya qilingan hudud shimolidagi shaharlarga qaytishiga ruxsat berishni talab qilmoqda.
O‘z navbatida, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu kelishuv tuzishga tayyorligini, biroq HAMAS rahbariyati «boshqa sayyoradan turib» qo‘ygan talablaridan voz kechishi kerakligini aytdi.
Shu bilan birga, fuqarolarning guruh bilan kelishuvga erishishga chaqirayotgan noroziliklariga qaramay, Isroil hukumati TsAHAL «HAMAS to‘liq yo‘q qilinmaguncha» G‘azo sektorida harbiy amaliyotlar o‘tkazishi haqidagi pozitsiyaga amal qilishda davom etmoqda.
Qizil dengizdagi vaziyat
Amerikaning The Hill nashri Qizil dengizdagi krizisdan kim g‘olib sifatida chiqayotgani to‘g‘risida tahliliy maqola e’lon qildi. Nashrdagi maqolada Qizil dengizda yamanlik husiychilarning Isroil sheriklari kemalariga hujumlari «Yaman va G‘azo sektoridan uzoqda joylashgan mamlakatlar va iqtisodiyotlarga ta’sir qiluvchi geosiyosiy siljishlar»ga olib kelgani ta’kidlanadi.
Birinchi navbatda bu mojaro G‘arbga zarba bergan — Yevropa Fors ko‘rfazidan yetkazilayotgan energiya tashuvchilarning narxlari oshganidan qiynalmoqda. Endi yuklar Yevropa Ittifoqiga Afrikani aylanib o‘tib yetkazilmoqda.
Aylanma yo‘l Janubiy Afrika portlariga kirayotgan kemalar sonini keskin oshirmoqda, bu esa Janubiy Afrika Respublikasining BRICS’dagi pozitsiyasini kuchaytirmoqda.
Vaziyatdan Hindiston ham yutgan: Fors ko‘rfazi davlatlari o‘z neftini Yevropaga sotgandan ko‘ra, hindlarga sotishni afzal bilishmoqda.
Ukrainadagi urush
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Ukrainada g‘alaba qozonishi Yevropa Ittifoqining moliyaviy yo‘qotishlariga sabab bo‘lishini ta’kidladi.
Shuning uchun Yevropa Ittifoqi urushga askarlarini jo‘natmasdan, Rossiyaning mag‘lubiyatga uchrashini ta’minlashi kerak, degan Fransiya tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne Le Monde gazetasiga bergan intervyusida
«Rossiyaning Ukrainadagi g‘alabasi bizga juda qimmatga tushadi. Bizning kollektiv xavfsizligimiz uchun endi yalpi ichki mahsulotimizning 2 foizi emas, kattaroq mablag‘ talab etila boshlaydi», — degan Sejurne.
Sejurnega ko‘ra, iqtisodiy nuqtayi nazardan vaziyat o‘ta halokatli tus oladi. Masalan, Rossiya g‘alaba qozonsa birgina qishloq xo‘jaligi sohasida jahon g‘alla bozorining 30 foizi ustidan nazoratni qo‘lga kiritadi va o‘zining bozordagi bu mavqeyidan, albatta, yevropaliklarni jazolash uchun foydalanadi.
Sejurnening qayd etishicha, «Ukrainada urush olib borish to‘g‘risida gap bormayapti» va Ukriana hududida fransiyalik harbiylar yo‘q. «Faqat Kiyevni texnika va qurol-yarog‘ bilan ta’minlab turibmiz», — degan u.
O‘tgan haftada Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga qo‘shin jo‘natish mumkin ekanligini ta’kidlagan edi.
«Bugun yerusti qo‘shinlarini rasmiy, nazarda tutilgan va ma’qullangan holda jo‘natish borasida umumiy to‘xtam yo‘q. Biroq kelgusida bunday imkoniyat yuzaga kelishini inobatdan soqit qilmaslik kerak», — degan edi Makron parijdagi sammit yakunlari bo‘yicha. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Makronning bu gaplariga javoban agar NATO qo‘shinlari Ukrainada paydo bo‘lsa, Rossiya va NATO to‘qnashuvi muqarrar bo‘lishini ta’kidladi.
Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning fevral oyida Rossiya qo‘shinlarining yo‘qotishi Ukrainada urush boshlanganidan buyon eng yuqori bo‘lgan.
Fevral oyida Rossiya kuniga o‘rtacha 983 nafar shaxsiy tarkibidan ajralgan. Bunday yo‘qotish urush boshlanganidan buyon kuzatilmagan.
Sanksiyalar tahdidi ostida
AQShning ikkilamchi sanksiyalariga duchor bo‘lish tahdidi ostida Turkiyaning Rossiyaga eksporti uchdan bir qismga tushib ketgan.
Turkiyadan Rossiyaga mahsulotlar yetkazib berish hajmi fevral oyida 33 foizga qisqargan — o‘tgan yilning shu davrida savdo-sotiq 1 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan oyda bu ko‘rsatkich 670 mln dollarni qayd etgani ko‘rinadi Turkiya Respublikasining savdo vazirligi ma’lumotlarida.
2024 yilning dastlabki ikki oyida Turkiyaning Rossiyaga eksportlari 1,29 mld dollarni tashkil etgan. Avvalgi yil bu ko‘rsatkich 2 mlrd dollardan oshgan edi. Ayni paytda Turkiya eksportida Rossiyaning ulushi bor-yo‘g‘i 3,2 foizni tashkil etmoqda. Fevral oyida bu ko‘rsatkich bo‘yicha Germaniya (1,72 mlrd dollar) va AQSh (1,33 mlrd dollar) yetakchi bo‘lgan.
Rossiyadan Turkiyaga import ham fevral oyida 36,65 foizga pasaygan — o‘tgan yilgi 2 mlrd dollarlik oylik ko‘rsatkich 1,3 mlrd dollargacha pasaygan.
Shunga o‘xshash tendensiya yanvarda ham kuzatilgandi. O‘shanda eksport pasayishi 39 foizni tashkil etgandi. Bir qator mahsulotlar bo‘yicha savdo-sotiqlar to‘liq to‘xtagan.
Tovar aylanmasining qisqarishiga sabab qilib AQShning ikkilamchi sanksiyalariga duchor bo‘lish xavfi ko‘rsatilmoqda. 2023 yilning 22 dekabrida AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z Moliya vazirligiga Rossiyadagi sanksiyaga tushgan shaxslar bilan kelishuv asosida ishlayotgan xorijiy moliyaviy tashkilotlarga cheklovlar kiritishga ruxsat bergan edi.
Shveytsariyada 13-pensiya
Shveytsariyada 3 mart, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi natijalariga ko‘ra, fuqarolarning 58,2 foizi pensionerlarga qo‘shimcha to‘lov — «o‘n uchinchi pensiya»ni qo‘llab-quvvatlagan.
«O‘n uchinchi pensiya» 26 kantondan 16 tasida qo‘llab-quvvatlandi va Shveytsariyada ilk bor kasaba uyushmalari to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya orqali davlat xarajatlarini oshirishni nazarda tutuvchi taklifni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
Respublikada o‘rtacha oylik pensiya hozirda yolg‘iz kishilar uchun 2775 dollar, er-xotinlar uchun 4160 dollarni tashkil qiladi. Shu bilan birga, Shveytsariya dunyodagi eng qimmat mamlakatlardan biri hisoblanadi.
Shveytsariya hukumati bunday to‘lovlarga qarshi. Rasmiylarning fikricha, bu yiliga 4 milliard shveysar frankidan ortiq qo‘shimcha budjet xarajatlarini talab qiladi va ijtimoiy tizim barqarorligiga tahdid solishi mumkin.
Shveytsariyaliklar shu referendumda pensiya yoshini oshirishni qo‘llab-quvvatlamadi. Erkin demokratik partiya (FDP) yoshlar bo‘limi pensiya yoshini bir yoshga, ya’ni 65 dan 66 ga ko‘tarish, so‘ng uni umr ko‘rish davomiyligi bilan bog‘lashni taklif qildi. Fuqarolarning 74,7 foizi bu fikrga qarshi ovoz berdi.
Mavzuga oid
14:30 / 17.01.2026
5 yilga qamalgan Koreya prezidenti, G‘azodagi “Tinchlik kengashi” tarkibi va Trampning navbatdagi tahdidi - kun dayjesti
14:00 / 16.01.2026
Grenlandiyaga kelgan Yevropa harbiylari, Trampga «berilgan» Nobel va G‘azoda tuzilgan «Tinchlik kengashi» – kun dayjesti
16:05 / 15.01.2026
Erondan «juda yaxshi bayonot» olgan Tramp, G‘azoda sulhning ikkinchi bosqichi va Ukrainada yana korrupsion mojaro – kun dayjesti
14:50 / 14.01.2026