Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Grenlandiyaga kelgan Yevropa harbiylari, Trampga «berilgan» Nobel va G‘azoda tuzilgan «Tinchlik kengashi» – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
G‘azoda sulhning ikkinchi bosqichi
AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azoda yangi tayinlangan «Falastin texnokratik hukumati»ni qo‘llab-quvvatlayotganini aytdi. Vashington oktyabr oyida kuchga kirgan sulhning ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qilgan edi.
«Men G‘azoni o‘tish davrida boshqarish uchun Kengashning Oliy vakili tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan, yangi tayinlangan texnokratlar – G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy qo‘mitani qo‘llab-quvvatlayapman», deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqlarda.
Boshqa bir postida esa Tramp o‘zi raislik qiladigan «Tinchlik kengashi» tuzilganini va uning a’zolari yaqin orada e’lon qilinishini aytdi. Shuningdek, u Misr, Qatar va Turkiya Hamas bilan «to‘liq qurolsizlantirish kelishuvi» deb atagan hujjatni ta’minlashga yordam berishini bildirdi.
Ko‘plab ekspertlar G‘azoni boshqaruvchi kengashga Trampning raislik qilishi mustamlakachilik tuzilmasini eslatishini aytmoqda.
2023 yil oxiridan beri Isroilning G‘azoga hujumlari o‘n minglab odamlarning o‘limiga, ocharchilik inqiroziga va G‘azo aholisining ichki ko‘chirilishiga olib keldi. Qator huquqshunoslar, olimlar va BMT tergovi buni genotsid deb baholamoqda.
Bundan tashqari, Isroil va Hamas sulh boshlanganidan beri G‘azoda sulh buzilishlari bo‘yicha bir-birini ayblab kelmoqda. Shu davrdan buyon 450 dan ortiq falastinlik, jumladan, 100 dan ziyod bola hamda uch nafar isroillik askar halok bo‘lgan.
Xususan, 15 yanvar kunining o‘zida Isroilning G‘azoga bergan zarbalari oqibatida to‘qqiz kishi, jumladan, uch nafar ayol halok bo‘ldi. Bu AQSh mo‘rt sulh ikkinchi bosqichga o‘tishini e’lon qilganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa ikkinchi bosqich doirasida e’lon qilingan falastinliklar boshqaruv qo‘mitasi taraqqiyot belgisi emas, balki shunchaki «ramziy qadam» ekanini aytdi.
Yevropa harbiylari Grenlandiyaga keldi
15 yanvar kuni Yevropa davlatlari Grenlandiyaga oz sonli harbiy xodimlarni yubordi. Daniyaga harbiy mashg‘ulotlarga tayyorgarlikda yordam beradigan bu kuchlar — AQSh, Daniya va Grenlandiya rasmiylari o‘rtasidagi uchrashuvdan bir kun o‘tib amalga oshirildi. O‘sha uchrashuvdan so‘ng Tramp Rossiya yoki Xitoy Grenlandiyani egallashga urinib qolsa, Daniya avtonom hududini himoya qila olishiga ishonmasligini ta’kidladi.
Daniya mudofaa vaziri Troyels Paulsen NATO ishtirokining aniq soni hozircha belgilanmaganini aytdi. Rejalashtirilayotgan Yevropa harbiy kuchaytirishining ko‘lami oshkor etilmagan, biroq dastlabki joylashtirishlar kichik ko‘rinadi.
Xususan, Germaniya qurolli kuchlari 13 kishilik razvedka guruhini yubormoqda. Fransiya esa taxminan 15 nafar tog‘ mutaxassisini yubormoqda, ular keyingi kunlarda quruqlik, havo va dengiz kuchlari bilan kuchaytiriladi. Bir nafar britaniyalik ofitser ham razvedka guruhiga qo‘shilmoqda.
Yevropaliklarning bu kichik hajmdagi harbiylari yil oxirida Grenlandiyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan yirik mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘radi.
Tramp strategik joylashuvi va foydali qazilmalarga boy orol AQSh xavfsizligi uchun muhim ekanini aytib kelmoqda va uni qo‘lga kiritish uchun kuch ishlatish ehtimolini ham inkor etmagan.
Xususan, Oq uy so‘zchisi Yevropa qo‘shinlarining Grenlandiyaga yuborilishi Trampning hudud bo‘yicha qarashlariga ta’sir qilmasligi haqida ogohlantirdi.
Trampga baribir Nobel berildi
15 yanvar kuni Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Machado Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zining Nobel Tinchlik mukofoti medalini AQSh prezidenti Donald Trampga topshirdi. Oq uy rasmiysi Tramp medalni o‘zida qoldirish niyatida ekanini tasdiqladi.
«Mariya menga qilgan ishlarim uchun Nobel Tinchlik mukofotini taqdim etdi. Rahmat, Mariya!» deb yozdi Trampning o‘zi.
Machado esa uchrashuv «a’lo darajada o‘tgani», sovg‘a – Trampning Venesuela xalqining erkinligi yo‘lidagi harakatlarini e’tirof etish ramzi ekanini bildirdi.
Machadoning AQSh yetakchisiga ta’sir o‘tkazish harakati – Tramp Maduro o‘rniga uni Venesuela yetakchisi sifatida ko‘rish g‘oyasini rad etganidan keyin yuz berdi.
Bundan tashqari, Tramp Machado o‘tgan oy mukofot bilan taqdirlanishidan oldin Nobel mukofoti uchun ochiq kampaniya olib borgan, mukofot berilmaganda esa buni tanqid qilgandi.
Machado Trampga mukofot bilan birga beriladigan oltin medalni topshirgan bo‘lsa-da, mukofotning o‘zi uning nomida qoladi. Norvegiya Nobel instituti mukofotni topshirib bo‘lmasligi, bo‘lishib olinmasligi yoki bekor qilinmasligini bildirgan.
Tashrif davomida Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt Tramp — Machadoning qisqa muddatda mamlakatni boshqarish uchun zarur qo‘llab-quvvatlashga hozircha ega emasligi haqidagi «realistik» bahosida sobit qolayotganini aytdi.
Shundan so‘ng Machado Kapitoliyda respublikachi va demokratlardan iborat o‘ndan ortiq senatorlar bilan uchrashdi. Tahlilchilarga ko‘ra, Machado kelgusida Venesuelani boshqarishda o‘ziga rol ta’minlashga intilmoqda.
Avstraliyada o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlariga taqiq
O‘nlab ijtimoiy tarmoqlar Avstraliyada o‘smirlarga qo‘yilgan dunyodagi ilk taqiq kuchga kirgach, millionlab akkauntni o‘chirdi. Avstraliya elektron xavfsizlik bo‘yicha komissari platformalar 10 dekabr kuni kuchga kirgan qonunga rioya qilish uchun hozirga qadar 16 yoshgacha bo‘lganlarga tegishli taxminan 4,7 million akkauntni olib tashlaganini bildirdi.
«Bugun shuni e’lon qilishimiz mumkinki, bu chora ishlayapti. Bu dunyoda yetakchi qonunchilik edi va endi u butun dunyo bo‘ylab kuzatilmoqda», - dedi bosh vazir Entoni Albanezi.
Qonunga amal qilinmasa, kompaniyalarga 33 million dollargacha jarima solinishi mumkin. Biroq u bolalar yoki ularning ota-onalarini javobgarlikka tortmaydi.
Bu ko‘rsatkichlar qonun qabul qilinishidan oldin aytilgan taxminlardan ancha yuqori. Statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Avstraliyadagi 10-16 yosh oralig‘idagi har bir bola hisobiga ikkitadan ortiq akkauntga teng keladi. Meta kompaniyasi avvalroq Instagram, Facebook va Threads platformalaridan 550 mingga yaqin voyaga yetmaganlarga tegishli akkauntni o‘chirib tashlaganini bildirgan edi. Minimal yosh talabi YouTube, TikTok, Snapchat hamda X (sobiq Twitter) platformalariga ham tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, taqiq tanqidchilari uni ijro etish qiyin bo‘lishini ta’kidlagan. Elektron xavfsizlik komissari ayrim voyaga yetmaganlarga tegishli akkauntlar hanuz faol ekanini va to‘liq muvofiqlik haqida gapirishga hali erta ekanini aytdi.
Taqiqning ijrosi dunyo bo‘ylab regulyatorlar tomonidan diqqat bilan kuzatilmoqda. Fransiya, Malayziya, Indoneziya va Qozog‘iston shunga o‘xshash qonunlarni joriy etishini aytgan. Ayrim Yevropa davlatlari va AQShning bir qator shtatlari ham Avstraliya ortidan ergashish masalasini muhokama qilmoqda.
Kreml Trampning fikrlariga qo‘shildi
Kreml rasmiy so‘zchisi Moskva — AQSh prezidenti Donald Trampning fikrlariga qo‘shilishini aytdi.
«Ha, biz bunga qo‘shilishimiz mumkin, bu haqiqatan ham shunday», dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
U bu izohni Tramp avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni AQSh boshchiligidagi tinchlik muzokaralariga to‘sqinlik qilayotgan shaxs sifatida tilga olganidan so‘ng bildirdi. «Menimcha, Rossiya kelishuvga tayyor. Ukraina kelishuvga kamroq tayyor», degandi Tramp bir kun oldin.
Putinning o‘zi esa Moskva ham Ukraina kabi bo‘lajak tinchlik kelishuvi doirasida xavfsizlik kafolatlarini talab qilishini aytdi.
«Biz xavfsizlik haqiqatan ham umumiy, ya’ni teng va bo‘linmas bo‘lishi kerak degan tamoyildan kelib chiqishimiz lozim. Uni ayrimlar uchun boshqalarning xavfsizligi hisobiga ta’minlab bo‘lmaydi», - dedi Putin Kremldagi marosimda. «Bunday sharoit bo‘lmasa, Rossiya o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarni izchil amalga oshirishda davom etadi», - deya qo‘shimcha qildi u.
Tramp va Putinning bu baholari Yevropa rasmiylari qarashlariga zid. Ular bir necha bor Rossiya prezidentini muzokaralarni cho‘zishda ayblab keladi. Ayni paytda Rossiyaning katta armiyasi Ukrainaga yanada chuqurroq kirib borishga urinmoqda va Ukrainaning shaharlarini tinimsiz bombardimon qilmoqda.
Kiyev va Moskva tinchlik bitimi shartlari borasida bir-biridan yiroq ko‘rinmoqda.
Mavzuga oid
16:05 / 15.01.2026
Erondan «juda yaxshi bayonot» olgan Tramp, G‘azoda sulhning ikkinchi bosqichi va Ukrainada yana korrupsion mojaro – kun dayjesti
14:50 / 14.01.2026
Trampning eronlik namoyishchilarga «yordami», sobiq prezidentga o‘lim jazosini so‘ragan Koreya va G‘azodagi og‘ir humanitar vaziyat – kun dayjesti
13:54 / 13.01.2026
Daniya himoyasiga tayyor Yevropa, Trampning Eronga qarshi sanksiyalari va Ispaniyada ushlangan 10 tonna kokain – kun dayjesti
15:48 / 12.01.2026