Jahon | 14:30
1980
8 daqiqa o‘qiladi

5 yilga qamalgan Koreya prezidenti, G‘azodagi “Tinchlik kengashi” tarkibi va Trampning navbatdagi tahdidi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti besh yilga qamaldi

Janubiy Koreyada sud juma kuni, 16 yanvarda, mamlakatning sobiq prezidenti Yun Sok Yolni besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Hukm 2024 yil dekabr oyida uning harbiy holat joriy etishga urinishi bilan bog‘liq bir qator ayblovlar asosida chiqarilgan.

Seul markaziy okrug sudi Yunni prezident qo‘riqlash xizmatini ishga solib, harbiy holat e’lon qilinishi holatlari bo‘yicha tergov doirasida sud tomonidan qonuniy berilgan hibsga olish orderining ijro etilishiga to‘sqinlik qilganlikda aybdor deb topdi.

Televizor orqali jonli namoyish etilgan sud majlisi davomida sud sobiq prezidentni, shuningdek, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish va harbiy holat joriy qilish uchun qonun talab qiladigan majburiy tartib-taomillarga rioya qilmaslikda ham aybdor deb topdi.

Bu — Yunga nisbatan harbiy holat joriy etishga omadsiz urinishi munosabati bilan qo‘zg‘atilgan sakkizta jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan ilk sud qaroridir. Raislik qiluvchi sudyaga ko‘ra, ayblanuvchi prezident lavozimini suiiste’mol qilgan va qonuniy sud qarorlarining ijro etilishiga yo‘l qo‘ymaslikka uringan.

Alohida bir sud jarayonida Yunga harbiy holat yetarli asoslarsiz e’lon qilingani bilan bog‘liq isyon tashkil qilish ayblovi qo‘yilishi mumkin, bu bo‘yicha unga hatto o‘lim jazosi tahdid qilishi ehtimoli bor. Yunning o‘zi esa prezident vakolatlari doirasida harakat qilganini va muxolifat partiyalari hukumat ishini to‘sib qo‘yayotganiga e’tibor qaratishni ko‘zlaganini aytadi.

G‘azo sektori: “Tinchlik kengashi” rahbariyati tarkibi aytildi

Oq uy saytida juma kuni, 16 yanvarda e’lon qilingan press-relizga ko‘ra, G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish jarayonida muhim rol o‘ynashi kerak bo‘lgan “Tinchlik kengashi” tuzilmasining ijrochi kengashi tarkibiga, boshqalar qatorida, AQSh davlat kotibi Marko Rubio, prezidentning maxsus elchisi Stiven Uitkoff, Donald Trampning kuyovi Jared Kushner, Jahon banki rahbari Ajay Banga, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kiradi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, “Tinchlik kengashi” G‘azo sektori bo‘yicha Trampning 20 banddan iborat rejasini amalga oshirishni kafolatlashi kerak: strategik nazoratni olib borish, xalqaro resurslarni safarbar qilish va G‘azo sektori “nizodan tinchlik va taraqqiyotga” o‘tayotgan davrda hisobdorlikni ta’minlash orqali. Bu organ raisi sifatida Donald Trampning o‘zi ko‘rsatilgan.

G‘azo bo‘yicha oliy vakil etib bolgar diplomati Nikolay Mladenov tayinlandi. Oq uy ma’lum qilishicha, uning vazifasi Falastin texnokrat ma’muriyati hamda “Tinchlik kengashi” o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlashdan iborat bo‘ladi.

Shuningdek, oliy vakil ofisi va texnokrat ma’muriyatni qo‘llab-quvvatlash uchun “G‘azo sektori ijrochi kengashi” ham tuzildi. Unga Mladenovning o‘zi bilan birga Uitkoff, Kushner, Bler, Turkiya TIV rahbari Hoqon Fidan, BAAning xalqaro hamkorlik bo‘yicha davlat vaziri Rim al-Hoshimiy va boshqalar kirdi.

Tramp Grenlandiya sabab bojlar joriy etish bilan tahdid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonning Grenlandiyaga nisbatan da’volarini qo‘llab-quvvatlamaydigan davlatlarga nisbatan bojlar joriy etishi mumkinligini bildirdi. AQSh yetakchisi bu bayonotni juma kuni, 16 yanvarda Oq uyda berdi. “Agar davlatlar AQShni Grenlandiya masalasida qo‘llab-quvvatlamasa, men ularga nisbatan bojlar joriy qilishim mumkin, chunki Grenlandiya bizga milliy xavfsizlik uchun kerak. Shunday ekan, men shunday qilishim mumkin”, — deb ta’kidladi Tramp. U o‘zini “bojlar qiroli” deb ham atadi.

Grenlandiya haqidagi bu izoh AQSh Kongressining ikki partiyadan iborat delegatsiyasi keskinlikni pasaytirish maqsadida Kopenhagenga tashrif buyurgan bir paytda aytildi.

Avvalroq Germaniya Arctic Endurance (“Arktika matonati”) deb nomlangan missiya doirasida Grenlandiyaga bundesverning razvedka guruhini yuborgan. Bundesver askarlari “Daniya taklifiga binoan” NATOdagi hamkor davlatga harbiy ko‘mak ko‘rsatish imkoniyatlarini, xususan dengiz kuzatuvi sohasida o‘rganmoqda. Daniya rahbarligidagi ushbu missiyada Fransiya, Shvetsiya va Norvegiya askarlari ham ishtirok etmoqda.

Avvalroq, 14 yanvar kuni Vashingtonda Daniya va Grenlandiya tashqi ishlar vazirlari — Lars Lekke Rasmussen va Vivian Motsfeldt AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Devid Vens (Jyey Di Vens) hamda davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuv o‘tkazgan. Maslahatlashuvlar natijasiz yakunlangan.

Qirg‘izistonda telekanallarga rus tilidagi kontent namoyishi qisman cheklandi

Qirg‘iziston hukumati telekanallardan milliy tildagi efir ulushini qonunchilik talablariga muvofiq 60 foizga yetkazishni talab qildi. Bu haqda Qirg‘iziston madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Marat Tagayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi xususiy kanallar talablarga rasman rioya qilish uchun o‘n yil avvalgi qirg‘iz tilidagi dasturlarni takroran namoyish etadi va mahalliy kontent yaratmaydi.

«Biz xususiy telekanallar va ularning o‘z strategiyalari rivojlanishiga to‘sqinlik qilmaymiz. Ammo qonun talablari, ayniqsa, qirg‘iz tiliga oid normalar qat’iy bajarilishi shart. Men media-bozordagi vaziyat bilan tanishman, ammo biz tomoshabinlar huquqlarini himoya qilishga majburmiz», dedi Tagayev.

Uning ta’kidlashicha, telekompaniyalarga «Qirg‘izfilm» va «Qirg‘izserial» fondlaridan 400 dan ortiq film, 40 ta multfilm va 10 ta serial bepul taqdim etilgan.

Fevral oyining oxirigacha ular o‘zini qirg‘iz tilidagi kontent bilan ta’minlashi uchun ushbu muassasalar bilan shartnoma tuzishi kerak. Aks holda, vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, hukumat yil oxirigacha «bunday xususiy telekanallarga nisbatan chora ko‘radi».

Ramzon Qodirovning o‘g‘li Adam og‘ir «avariya»ga uchragani aytildi

Checheniston rahbari Ramzon Qodirovning o‘g‘li Adam Qodirov Grozniydagi yo‘l-transport hodisasidan so‘ng shifoxonaga yotqizildi, deb xabar berdi 16 yanvar kuni muxolifatdagi Niyso telegram-kanali va «Kavkaz.Realii» nashri manbalarga tayanib.

Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Adam Qodirov og‘ir ahvolda, hushsiz holatda shifoxonaga yetkazilgan. U Grozniydagi respublika shifoxonasida yotibdi. Jabrlanuvchi reanimatsiya qilinib, Moskvaga olib ketishga tayyorlanmoqda.

Manbalarga ko‘ra, Qodirov korteji katta tezlikda harakatlangan, bir necha avtomobil YTH «ishtirokchisi» bo‘lgan, bir necha kishi jarohatlangan.

Halokatdan keyin Grozniy shahrini yopib qo‘yishdi. Xususan, Qodirov olib borilgan shifoxona yo‘llari yopilgan.

18 yoshli Adam Qodirov - Checheniston rahbari Ramzon Qodirovning eng mashhur farzandlaridan biri. U Checheniston xavfsizlik kengashi kotibi va respublika ichki ishlar vazirligi tuzilmasi kuratori ham hisoblanadi.

Mavzuga oid