O‘zbekiston | 14:03 / 29.04.2026
1978
3 daqiqa o‘qiladi

Milliy investitsiya jamg‘armasi Toshkent va Londonda IPO boshladi

Milliy investitsiya jamg‘armasi o‘z aksiyalarini Toshkent fond birjasida 4,65 so‘mdan sotuvga qo‘ydi. London fond birjasida esa GDR obunasi 25 dollar turadi. Buyurtmalar 12 maygacha qabul qilinadi, ikkilamchi savdolar 18 maydan boshlanadi.

Foto: Franklin Templeton

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi o‘z aksiyalarining dastlabki ommaviy taklifini (IPO) boshlaganini e’lon qildi.

Narxlar

Dual-listingda narxlar quyidagicha belgilandi:

  • Toshkent fond birjasida bir dona oddiy aksiya 4,65 so‘mdan,
  • London fond birjasida bir dona GDR (64 700 ta aksiyadan iborat) 25 AQSh dollaridan taklif etilmoqda.

Toshkent fond birjasidagi taklifda jismoniy shaxs bo‘lgan investorlar uchun 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan buyurtmalar doirasida 5 foizlik chegirma amal qiladi. Chegirma hisobiga, ular uchun bir donaning aksiyaning taklif narxi 4,41 so‘mni tashkil etadi.

Dastlabki ommaviy taklifda jamg‘arma aksiyalarining taxminan 30 foizi (5 milliard dona aksiya) ochiq savdoga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

E’lon qilingan narxlarda kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi 1,95 mlrd dollarni tashkil etadi.

Sanalar

Obuna bugun, 29 apreldan boshlanib, 12 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:00 gacha (London vaqti bilan 12:00 gacha) davom etadi.

13 may kuni joylashtiriladigan aksiyalarning yakuniy miqdori e’lon qilinadi va London fond birjasida shartli savdolar boshlanadi.

18 maydan e’tiboran Toshkent fond birjasida ikkilamchi savdolar, Londonda esa sharsiz savdolar boshlanishi kutilmoqda.

Toshkentda qanday obuna bo‘lish mumkin?

O‘zbekistondagi chakana investorlar UzNIF aksiyasini sotib olishga brokerlik kompaniyalari: Alkes Research, Avesta Investment Group va Bluestone Financial Group orqali buyurtma berishi mumkin.

Jismoniy shaxslar 200 mln so‘mgacha bo‘lgan xaridlarga Jett servisi orqali ham buyurtma bera oladi. Bu servisdan app.jett.uz sayti yoki Multicard, Zoomrad, MyUTC kabi mobil ilovalar orqali foydalanish mumkin.

Jamg‘arma portfeli

Milliy investitsiya jamg‘armasi O‘zbekistonda transport, energetika, kommunal va telekommunikatsiya xizmatlari kabi sohalardagi 13 ta yirik davlat kompaniyasining 25-40 foiz ulushlarini o‘zida jamlagan.

Jamg‘arma portfeli 2025 yil 31 dekabr holatiga 2,44 mlrd dollarga baholangan.

Qimmatli qog‘ozlar sotuvidan tushgan mablag‘lar davlat budjetiga o‘tkaziladi.

Bu – O‘zbekiston kompaniyasining xalqaro fond bozoridagi ilk IPO'si bo‘lmoqda. Unda tayanch investorlar sifatida BlackRock, Franklin Resources hamda Redwheel boshqaruvidagi fondlar va hisobvaraqlar, shuningdek, 100 foiz Allan & Gill Gray Foundation'ga tegishli ikkita g‘aznachilik kompaniyasi ishtirok etmoqda. Ular bilan IPO narxida taxminan 300 mln dollarlik GDR'lar obunasi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid