Jahon | 23:38 / 26.12.2025
3586
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy ofisi Ukrainada saylov uchun pul yo‘qligini aytdi

Ukraina hozir saylovlarni moliyalashtira olmaydi, budjetga boshqa ustuvorliklar - safarbarlik va ijtimoiy dasturlar kiritilgan, dedi Podolyak. MSK saylovlarni o‘tkazish xarajatlarini deyarli 480 million dollarga baholagan.

Foto: UNIAN

Ukrainada saylovlarni o‘tkazish uchun moliyaviy resurslar yo‘q, dedi mamlakat prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak Novini.LIVE nashriga bergan intervyusida.

«Obektiv ravishda biz buni [saylovlarni tashkil etishni] eplolmaymiz, chunki bizda defitsitli budjet bor», dedi u.

10 dekabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 2026 yilgi budjet to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, unda 2,918 trillion grivna miqdoridagi daromadlar va 4,781 trillion grivna miqdoridagi xarajatlar ko‘zda tutilgan. Budjet taqchilligi taxminan 1,863 trillion grivnani (47,5 milliard dollar) tashkil etadi.

Podolyak so‘zlariga ko‘ra, hozirda budjetning ustuvor yo‘nalishlari – harbiy soha va uy xo‘jaliklari uchun iqtisodiy yo‘qotishlarini qoplaydigan ijtimoiy dasturlar.

Podolyak xorijda bo‘lgan 6-8 mln ukrainalikning saylovda ishtirok etishi masalasi bilan maxsus ishchi guruh shug‘ullanishi kerakligini ta’kidladi. Ehtimoliy saylovlar narxini parlamentdagi ishchi komissiya hisoblab chiqishi kerak, deb qo‘shimcha qildi u.

Ukraina MSK raisi o‘rinbosari Sergey Dubovikning 20 dekabr kuni ma’lum qilishicha, 2019 yildagi so‘nggi prezidentlik saylovlari budjetga qariyb 2 mlrd grivnaga tushgan, biroq hozirgi sharoitda va inflatsiyani hisobga olgan holda birinchi tur 4-5 mlrd grivnaga (94,8-118 mln dollar), ikkinchi tur o‘tkazilganda esa 6,5-7 mlrd grivnaga (154-166 mln dollar) tushadi.

«Mahalliy hokimiyat organlari xarajatlarini hisobga olgan holda, agar biz saylovlarning har uch turi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu taxminan 20 mlrd grn (472 mln dollar)», dedi u.

Ukrainada prezidentlik saylovi 2024 yil mart oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq mamlakatdagi harbiy holat tufayli noma’lum muddatga qoldirildi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, davlat saylovlarga texnik jihatdan tayyor, biroq ular faqat o‘t ochishni to‘xtatgandan keyin yoki haqiqiy xavfsizlik kafolatlari mavjud bo‘lgandagina o‘tkazilishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar shunday qo‘llab-quvvatlansa, saylov jarayonini 60-90 kun ichida tashkil etish mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid