Jahon | 18:02 / 02.06.2026
5662
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda O‘zbekistondan keltirilgan havo shari quladi va odamlar jarohat oldi

Bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan bayramda o‘rnatilgan havo shari kuchli shamol tufayli uzilib, turar-joy binolari ustiga qulab tushdi.

Foto: Videodan kadr

Tojikistonning Xo‘jand shahrida kuchli shamol oqibatida havo shari nazoratdan chiqib, bir nechta uylarning tomiga quladi, oqibatda uch kishi jarohatlandi. Hodisa 1 iyun kuni kechqurun Kamoli Xo‘jandiy nomidagi teatr yaqinida sodir bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, havo shari Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan mahalliy «Farovon» kompaniyasi tomonidan O‘zbekistondan keltirilgan.

Xo‘janddagi 1-shahar shifoxonasining ma’lum qilishicha, hodisa sodir bo‘lganidan so‘ng, ikki kishi - 46 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Rustam Saydaliyev va Xo‘jand shahrida yashovchi 40 yoshli Firuza Tursunova keltirilgan. Saydaliyev havo shari ichida bo‘lgan va uni ushlab turuvchi zanjir uzilganidan keyin yerga qulagan.

Uzilgan zanjir yerda turgan Tursunovani jarohatlagan. Hozir u shahar shifoxonasining nevrologiya bo‘limida davolanmoqda. Manbalarga ko‘ra, uning 10-11 yoshlardagi qizi ham hodisa joyida bo‘lgan va yengil tan jarohatlari olgan.

Xo‘jand shahridagi Aminjon Rasulov ko‘chasida yashovchi, havo sharining qulashi oqibatida uylarining tom qismiga zarar yetgan ikki nafar fuqaroning aytishicha, «Farovon» kompaniyasi xodimlari ustalarni olib kelib, yetkazilgan zararni bartaraf etgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid