O‘zbekiston | 07:12 / 01.07.2021
5186
2 daqiqa o‘qiladi

Pokiston bosh vaziri Imron Xon iyul oyida O‘zbekistonga keladi

Pokiston bosh vaziri Imron Xon kelasi oyda O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda. Bu haqda Tribune.com sayti xabar bergan. Manbada aytilishicha, Imron Xonga o‘rinbosari Abdulrazzoq Dovud ham hamrohlik qiladi.

Dovudning nashrga ma'lum qilishicha, bu yil O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar uchun muhim bo‘lmoqda. U O‘zbekiston Pokistonning O‘rta Osiyodagi biznes qilishi uchun darvoza bo‘lishi mumkinligini aytgan. Uning fikricha, Toshkent bilan yaxshi aloqalar Pokistonning O‘rta Osiyoga eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi. Pokistonda O‘rta Osiyo bilan savdo aloqalarining umumiy imkoniyati 90 milliard dollar atrofida baholanadi.

Xabarda 2021 yil may oyida ilk marta xalqaro bojxona konvensiyasi asosida eksport tovarlari Islomoboddan Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri kelgani ham eslangan. Shuningdek, O‘zbekiston investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov 2020 yil sentyabr oyida Pokistonda Abdurazzoq Dovud bilan ko‘rishgani ta'kidlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, 14 iyul kuni Toshkentda Pokiston va O‘zbekiston hukumat vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. 15-16 iyul kunlari esa ikki mamlakat munosabatlariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazilib, unda Imron Xon hamda Shavkat Mirziyoyev qatnashishi rejalashtirilgan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid