O‘zbekiston | 20:30 / 17.01.2021
21189
2 daqiqa o‘qiladi

Respublika va viloyat darajasidagi amaldorlarning jinoiy javobgarlikka tortilishi bir necha barobarga kamaydi

O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar soni 1 yil ichida 77 foizga oshgan bo‘lsa-da, respublika va viloyat miqyosidagi amaldorlarning jinoyatchi deb topilishi bir necha barobarga kamaydi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mansabdor shaxslar jinoyatchiligi bo‘yicha 2020 yilga oid statistikani e'lon qildi.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yil davomida respublika bo‘yicha jami 1 148 ta jinoyat ishi bo‘yicha 1 723 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 69 foizi (1 669 nafari) – tuman-shahar miqyosidagi idora va tashkilotlarda ishlagan.

2019 yil bilan taqqoslaganda, mansabdor shaxslarning jinoyatlari 77 foizga ko‘paygan bo‘lsa-da, jinoyatchi deb topilgan respublika va viloyat darajasidagi amaldorlar soni karrasiga kamaygan.

Infografikadan ko‘rinishicha, 2019 yilda respublika darajasidagi 40 nafar, 2020 yilda esa 9 nafar mansabdor jinoiy javobgarlikka tortilgan. Viloyat miqyosidagi jinoyatchi-amaldorlarning soni esa bir yilda 115 nafardan 45 nafarga kamaygan.

Infografika: Bosh prokuratura

2020 yilda mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 500,1 milliard so‘m moddiy zarar yetkazilgan (tergov jarayonida bu zararning 355,7 milliard so‘mi undirilgan). Taqqoslash uchun, 2019 yildagi zarar miqdori qariyb uch baravar ko‘p – 1,9 trillion so‘mni tashkil etgan.

Eng ko‘p kuzatilgan jinoyat – talon-torojlik. Jinoiy javobgarlikka tortilgan 1723 nafar mansabdor shaxsning:

  • 835 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish;
  • 227 nafari firibgarlik;
  • 132 nafari pora olish (berish) va pora olish-berishda vositachilik qilish;
  • 58 nafari mansab mavqeyini suiiste'mol qilish;
  • 31 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish;
  • 25 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qarash;
  • 16 nafari mansab soxtakorligi;
  • 399 nafari boshqa jinoyatlarni sodir etgan.
Infografika: Bosh prokuratura

Mavzuga oid