O‘zbekiston | 08:52 / 25.01.2021
4192
6 daqiqa o‘qiladi

1 apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ekologik nazorat bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi 

Vazirlar Mahkamasining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nazoratning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Loyiha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Bosh prokuratura bilan birgalikda prezidentning 2020 yil 29 sentyabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4845-sonli qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

Mazkur qarorning 7-bandida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar yuzasidan xabar berishga oid 2021 yil 1 yanvardan boshlab amalga kiritilgan qator yangi tartiblar belgilangan. Xususan:

  • aholi tomonidan Davlat ekologiya qo‘mitasining Internet tarmog‘idagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish;
  • huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslarni huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining o‘n besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirish;
  • huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida yuborilgan fotosuratlar va videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlashni Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirish;
  • huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosuratlar, videoyozuvlar va xabarlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaslik.

“Bugungi kunda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida eng ko‘p sodir etilayotgan huquqbuzarliklar o‘simlik dunyosi obektlaridan noqonuniy foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq qonunbuzarliklar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, qolgan yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ham faqat o‘sish sur'atlari kuzatilmoqda.

2019 yilga nisbatan 2020 yilda o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida aniqlangan qonunbuzarliklar soni 802 taga yoki 121 foizga ortgan, tabiatga yetkazilgan zarar summasi 18 406 mln. so‘mga yoki 920 foizga, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish qonunbuzarliklar soni 1063 taga yoki 351 foizga, tabiatga yetkazilgan zarar 515,9 mln. so‘mga yoki 327 foizga ortgan.

Boshqa yo‘nalishlarda, jumladan, chiqindilarni nazorat qilish sohasida 13 775 taga yoki 205 foizga, suv obektlarini muhofaza qilish sohasida 541 ta yoki 152 foizga, yer va yer osti boyliklarini muhofaza qilish sohasida 322 ta yoki 109 foizga, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida aniqlangan qonunbuzarliklar soni esa, 3 818 ta yoki 158 foizga o‘sgan.

Bu esa, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar haqida xabar berish, bu boradagi nazorat tadbirlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda mavjud tizimni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda”, - deyiladi hujjatda.  

Qaror loyihasida atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik nazorat sohasida jismoniy shaxslarning ishtirokiga doir “Ekonazorat” axborotlashtirish tizimi ishga tushirish va uning to‘liq hamda samarali ishlashiga mas'ul organ sifatida Davlat ekologiya qo‘mitasi belgilash nazarda tutilmoqda.  

Xususan, bu tizim 2021 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida eksperiment tariqasida joriy etiladi va eksperiment yakunlari bo‘yicha 2021 yil 1 sentyabrdan respublikaning boshqa hududlariga ham keng miqyosda tatbiq etiladi.

Shuningdek, ushbu qarorning qabul qilinishi natijasida axborotlashtirish tizimining muhim qismi hisoblangan mobil ilova va Telegram-bot ishga tushirilib, quyidagi muhim imkoniyatlar yuzaga keladi:

  • davlat ekologik nazorati obektlari, shu jumladan hayvonot va o‘simlik dunyosi obektlari, shuningdek muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasi ustidan jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi;
  • jismoniy shaxslar tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni (foto va video materiallarni) Davlat ekologiya qo‘mitasiga manzil (lokatsiya) belgilari bo‘yicha tezkor yuborish imkoniyati yaratiladi;
  • aniqlangan qonunbuzarliklar uchun jismoniy shaxslarga pul mukofotlari to‘lash tizimi joriy etiladi;
  • har qanday shaxsda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar, normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, ushbu sohadagi boshqa statistik ma'lumotlar va ma'lumotlar bazasi bilan tanishish imkoniyati paydo bo‘ladi;
  • huquqbuzarliklarni qayd etish va ularga nisbatan chora ko‘rish jarayonlarining shaffofligi ta'minlanadi;
  • ma'muriy bayonnoma va qarorlarni elektron tuzish orqali ortiqcha qog‘oz shaklidagi hujjat aylanishi kamayadi;
  • huquqbuzarlarga nisbatan chora ko‘rish jarayonida korrupsiya holatlari va inson omiliga chek qo‘yiladi;
  • davlat inspektorlarining malakasini oshirish uchun zarur ma'lumotlar berib boriladi.

Mavzuga oid