Jahon | 19:58 / 28.09.2025
15909
11 daqiqa o‘qiladi

Rossiya armiyasi Dnipropetrovsk oblastida hujum qilmoqda. Bu yurishning maqsadi nima?

Sentyabr oyida Rossiya armiyasi Dnipropetrovsk va Donetsk oblastlari chegarasida frontning boshqa uchastkalariga qaraganda ildamroq harakatlanib, oldinga siljidi. Deyarli har hafta Rossiya mudofaa vazirligi ushbu hududda egallab olingan qishloqlar haqida hisobot berib kelmoqda. Rossiya armiyasi aslida Dnipropetrovsk oblastida qanchalik tez harakatlanmoqda va Rossiya harbiylarining bu hudud ichkarisiga kirib borishidan maqsad nima?

Foto: Getty Images

Ukrainaning yana bir hududi – Dnipropetrovsk oblastiga bostirib kirish haqida Rossiya harbiy qo‘mondonligi iyun oyi boshida xabar bergandi. Bu Rossiya harbiylari urush boshlanganidan beri hujum qilishga urinayotgan o‘n birinchi hududdir.

Yoz boshida Ukraina bosh shtabi Moskvaning Dnipropetrovsk oblastiga kirgani haqidagi bayonotlarini rad etgan edi. Chindan ham, Rossiya harbiylarining Donetsk va Dnipropetrovsk oblastlari chegarasi orqali o‘qtin-o‘qtin amalga oshiriladigan reydlarini hudud ustidan barqaror nazorat deb atash qiyin edi. Ammo Ukraina armiyasining qarshi hujumlariga qaramay, rossiyaliklar Dnipropetrovsk oblastining Novopavlovka va Velikomixaylovka aholi punktlari tomon harakatlanishda davom etdi.

Avgust oyi oxirida Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi janglar allaqachon Dnipropetrovsk oblasti hududiga ko‘chganini tan oldi.

Dnipropetrovsk oblastidagi Berezovo qishlog‘idagi Rossiya bayrog‘i. Qishloq egallab olingani haqida Rossiya mudofaa vazirligi 20 sentabr kuni xabar bergandi. Foto: Rossiya mudofaa vazirligi

Dnipropetrovsk oblastida egallangan birinchi aholi punkti haqida Moskva 7 iyul kuni e’lon qilgandi.

24 sentabr holatiga ko‘ra, Rossiya mudofaa vazirligi bayonotlariga ishonilsa, oblast hududidagi 14 ta qishloq (Dachnoye, Maliyevka, Sichnevoye, Voronovo, Novogeorgiyevka, Filiya, Zaporojye, Xoroshe, Novoselovka, Sosnovka, Novopetrovskoye, Berezovo, Kalinovskoye, Novonikolayevka) Rossiya armiyasi nazorati ostiga o‘tgan.

Bu aholi yashash manzillarining yarmini Rossiya armiyasi sentabr oyida egallab oldi. Shu bilan birga, bu qishloqlarning ba’zilari hali to‘liq Rossiya mudofaa vazirligi nazorati ostiga o‘tmagan, ular uchun janglar hali davom etmoqda. Masalan, Novopavlovka yaqinidagi Dachnoye va Filiya qishloqlari bilan vaziyat shunday. Rossiya yoki Ukraina armiyasi tomonidan ular ustidan barqaror nazorat o‘rnatilgani haqida hech qanday foto yoki video tasdiqlar yo‘q, ikkala qishloq ham hozircha «kulrang zonada».

Dnipropetrovsk oblastida hozir nimalar bo‘lmoqda?

Rossiya harbiylarining bu hududga bostirib kirishidagi dastlabki muvaffaqiyatlarni «Tsentr» guruhi ta’minladi. Keyinroq RF armiyasi bu hududda Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumlariga uchragach, asosiy e’tibor janubga qaratildi. Bu yerda «Vostok» guruhi bo‘linmalari jang qilmoqda. Dnipropetrovsk oblastidagi yurishni Rossiyaning ikkita umumqo‘shin armiyasi olib bormoqda.

Ular frontning ushbu uchastkasida Ukraina qurolli kuchlari mudofaa chizig‘iga yorib kirishga harakat qilmoqda. Bu chiziq Yanchul daryosi bo‘yidagi Uspenovka qishlog‘i, Volchya daryosi bo‘yida joylashgan Velikomixaylovka qishlog‘i, shuningdek, Solenaya daryosi bo‘yidagi Novopavlovka qishloqlari orqali o‘tgan. Shuningdek, Rossiya armiyasi Zaporijjya – Donetsk trassasidagi logistika jihatidan muhim bo‘lgan Pokrovskoye posyolkasiga ham yorib o‘tishga intilmoqda.

Dnipropetrovsk oblasti rasmiylari allaqachon Pokrovskoye qishlog‘i yaqinidagi yigirmaga yaqin aholi punktlarida bolali oilalar majburiy evakuatsiya qilinishini e’lon qilgan.

Ukraina harbiy qo‘mondonligi Dnipropetrovsk oblastida Rossiya harbiylarining «muvaffaqiyatli hujumi» haqidagi ma’lumotni rad etmoqda.

«Dnipro» qo‘shinlari operativ-strategik guruhi spikeri Aleksey Belskiyning BBC Ukraina xizmatiga aytishicha, Rossiya armiyasi askarlari kichik guruhlarga bo‘linib, Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalari ortiga o‘tishmoqda, qo‘mondonlik yangi aholi punkti «bosib olingani» haqida hisobot berishi uchun qaysidir qishloqda Rossiya bayrog‘i hilpirab turgani aks ettirilgan propaganda videolarini suratga olishmoqda.

Ukraina harbiylari 2025 yil iyul oyida Dnipropetrovsk oblastidagi Pavlograd yaqinida Rossiya havo hujumi paytida ishlamoqda. Foto: ROMAN PILIPEY/AFP via Getty Images

«Mudofaa kuchlari reaksiya ko‘rsatmoqda va bunday guruhlar dronlar, artilleriya zarbalari bilan juda tez yo‘q qilinmoqda, hujum bo‘linmalari tomonidan tozalash ishlari olib borilmoqda. Bosqinchilar tomonidan „ozod qilingan“ aholi punktlari esa Ukraina nazorati ostida qolmoqda», – deydi podpolkovnik Belskiy.

Ukrainalik harbiy tahlilchi, «Axboriy qarshilik» guruhi koordinatori Konstantin Mashovetsning fikricha, hozirda aynan shu uchastkadagi vaziyat Pokrovsk, Kupyansk yoki Liman yo‘nalishlariga qaraganda «ancha xavfli».

«Dushman bu yerda boshqa yo‘nalishlarga qaraganda eng „kuchli“ ko‘rsatkichlar bilan hujum qilmoqda (bu uning oldinga siljish sur’atiga ham, hujum ko‘lamiga ham tegishli). Hozircha Ukraina qurolli kuchlari bu hududdagi vaziyatni barqarorlashtira olmayapti», – deydi ekspert.

Rossiya armiyasining bu uchastkadagi muvaffaqiyatining sabablaridan biri – harbiylar soni va texnikasi, ayniqsa, jangovar piyodalar soni bo‘yicha Ukraina qurolli kuchlaridan bir necha barobar ustunlikka egaligi bilan bog‘liq.

Mashovetsning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning bitta batalyoni mudofaa qilayotgan hududga Rossiyaning 3-4 tagacha (ayrim yo‘nalish va sektorlarda 5-6 tagacha) batalyonlari to‘g‘ri keladi. Ular Ukraina qurolli kuchlarining alohida pozitsiyalari orasidagi zaif nuqtalarni aniqlaydi va bundan Ukraina pozitsiyalari ortiga kirishda foydalanadi. Yangi pozitsiyalarda rus harbiylari yana va yana o‘sha «infiltratsiya» taktikasini qo‘llamoqda.

«Ukraina qurolli kuchlari uchun dushmanning bunday taktikasiga qarshi kurashish juda qiyin. Obektiv ravishda dushmanning oldinga siljishiga faqat bir yo‘l bilan to‘sqinlik qilish mumkin – dushmanning hujum guruhlarini o‘z vaqtida yoki ular kirib kelishidan oldin aniqlash va yo‘q qilish», – deya xulosa qiladi tahlilchi.

Rossiya armiyasi qaysi qishloqlarni egallab olgan?

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Rossiya qo‘shinlari Dnipropetrovsk oblastida birorta qishloqni egallab olganini tan olmaydi.

Biroq, Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasi o‘zining onlayn xaritasida Dnipropetrovsk oblastida bir necha allaqachon Rossiya armiyasi nazorati ostida ekanini ko‘rsatgan.

Tahlilchilar 26 avgust kuniyoq Dnipropetrovsk va Zaporijjya oblastlari ma’muriy chegarasi yaqinida joylashgan Zaporijjya va Novogeorgiyevka qishloqlari rus harbiylari tomonidan bosib olingani haqida xabar bergandi.

«Mudofaa kuchlari dushmanni ushlab turish, vaziyatni barqarorlashtirish va dushmanning region ichkarisiga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda. Ammo, afsuski, hozircha dushman muvaffaqiyat salohiyatini his qilmoqda va „tuganmas“ piyodalarni shturm qilishga yubormoqda», – deya vaziyatni izohlagan DeepState.

24 sentabrdayoq loyiha tahlilchilari Dnipropetrovskning Novonikolayevka qishlog‘i va unga qo‘shni Zaporijjya oblastining Novovyanovka qishlog‘i ham Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tganini ma’lum qilgandi.

«Dnipro» qo‘shinlarining operativ-strategik guruhi bu ma’lumotni rad etmoqda.

«Novonikolayevkaga kelsak, dushman Zaporijjya-Obratnoye liniyasi bo‘ylab ushbu aholi punktiga yaqinlashishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, u Ukraina qurolli kuchlarining to‘liq nazorati ostida bo‘lgan va bo‘lib turibdi», – dedi guruh spikeri Aleksey Belskiy.

Novoivanovka borasida esa, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi 13 sentabrdan beri bu aholi punktini egallashga muvaffaqiyatsiz urinmoqda. Rossiyalik harbiylarning ikki guruhi (besh nafardan harbiy xizmatchi) 15 sentabr kuni qishloq «ozod qilingani» haqidagi propaganda videosini suratga olish maqsadida qishloq ko‘chalaridan biriga kirgan, biroq dronlar zarbalari oqibatida halok bo‘lgan.

Shundan so‘ng, rus harbiylari sharqdan 9 nafargacha harbiydan iborat guruhlar bilan qishloqqa kirishga o‘nlab urinishlar amalga oshirdi, ammo ular mudofaa kuchlari tomonidan o‘ldirildi, deya ta’kidladi «Dnipro» guruhi.

Ularning Novoivanovkani janubdan aylanib o‘tishga bo‘lgan urinishlari ham muvaffaqiyatsiz chiqqan.

Hozirda qishloq hududida ikki tomondan FPV-dronlar va artilleriya qo‘llangan holda janglar davom etmoqda.

«Ukraina qurolli kuchlari Dnipropetrovsk oblastida faol mudofaa taktikasini qo‘llamoqda – bu shunday harbiy taktikaki, u nafaqat pozitsiyalarni ushlab turishni, balki manyovr, zarbalar, qarshi hujumlar va o‘t ochib nishonlarni yo‘q qilishni ham nazarda tutadi», – deya tushuntiradi podpolkovnik Belskiy.

Siyosiy effekt va harbiy maqsadlar

«Maqsadlardan biri – agar Putinga kerak bo‘lsa, oblastning bir qismini „ozod qilish“ va rus tilida so‘zlashuvchilarni himoya qilish uchun „g‘amxo‘rlik qilish“ niqobi ostida Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shish», – deb hisoblaydi Belskiy.

Rossiya harbiy rahbariyati Dnipropetrovsk oblastiga hujum qilish bilan harbiy maqsadlarni ham ko‘zlamoqda.

«Dnipro» guruhidagilarning aytishicha, bunday maqsadlardan biri – Ukraina harbiylari va texnikasining bir qismini bu yo‘nalishdan boshqalarni kuchaytirish uchun (masalan, Donetsk oblastiga) olib ketilishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Bundan tashqari, Novopavlovka va Velikomixaylovkaning qo‘lga olinishi Donetsk oblastidagi Ukraina bo‘linmalarining logistikasini murakkablashtiradi, Uspenovka yaqinidagi platsdarmning qo‘lga olinishi esa Ukraina qurolli kuchlarining Gulyaypole istehkomini ushlab turgan bo‘linmalarini qiyin ahvolga solib qo‘yadi.

Ukraina armiyasi 2022 yilda rossiyaliklarga Gulyaypoleni egallashga imkon bermagandi

Gulyaypolega bostirib kirishga urinishlar rus harbiylari uchun muvaffaqiyatli bo‘lmadi, ammo ular bu hududda Ukraina qurolli kuchlarining aloqa yo‘llarini kesib qo‘yishga urinishi mumkin. Uspenovkadan Gulyaypole – Pokrovsk trassasigacha taxminan 15 km chiqadi. Ya’ni bu Rossiya armiyasiga ushbu logistika arteriyasini artilleriya va FPV-dronlari nazorati ostiga olishga imkon beradigan masofa.

Gulyaypolening qulashi, o‘z navbatida, Rossiya harbiylariga Zaporijjyaning yana bir «qal’asi» – Orixiv shahrini ushlab turgan Ukraina guruhining qanotlariga hujum qilish imkoniyatini berishi mumkin.

To‘g‘ri, bunday keng ko‘lamli harakatlar uchun ikki shartdan biri zarur.

Yoki Ukraina mudofaasi ancha ichkarida – Uspenovka, Novopavlovka yoki Velikomixaylovka yaqinida «qulashi». Yoki bu yo‘nalishlarda Rossiya armiyasining hujum imkoniyatlarini kuchaytirish, bu esa frontning boshqa uchastkalaridan katta resurslarni ko‘chirib kelishni talab qiladi.

Mavzuga oid