Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aprel oyida so‘m kursi qanday o‘zgardi?
Aprelda dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 1,9 foizga pasaydi. Kursning o‘rtacha kunlik tebranishi 0,24 foizni tashkil etdi. Oy davomidagi 22 ta savdo sessiyasining 9 tasida AQSh dollari so‘mga nisbatan mustahkamlangan bo‘lsa, 13 ta savdo sessiyasida teskari holat kuzatildi. So‘m qadrining oshishi chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar, asosiy mehnat bozorlarida valuta kursining mustahkamlanishi, oltinsiz eksportdagi yuqori o‘sish kabi omillar bilan bog‘lanyapti.
Foto: Kun.Uz
Aprel oyida O‘zbekistonda dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 1,93 foizga yoki 235,92 so‘mga pasayib, 12 210,71 so‘mdan 11 974,79 so‘mga arzonlashdi.

Oy davomidagi 22 ta savdo sessiyasining 9 tasida AQSh dollari so‘mga nisbatan mustahkamlangan bo‘lsa, 13 ta savdo sessiyasida teskari holat kuzatildi. Aprel oyida dollarning eng minimum qiymati 30 aprel kuni qayd etildi – 11 974 so‘m. 9 aprel kuni dollar kursi oylik maksimum — 12 228 so‘mga yetdi.
Agar mart oyi oxirida banklarning dollarni sotib olish bo‘yicha eng yaxshi taklifi 12 170 so‘mdan, sotish bo‘yicha esa 12 215 so‘mdan boshlangan bo‘lsa, 30 aprel kuni eng yaxshi xarid kursi 11 960 so‘m, sotish kursi esa 11 990 so‘mni tashkil etdi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning yozishicha, aprel oyida tanlab olingan 39 ta valutalarning faqatgina uchtasi dollarga nisbatan qadrsizlangan. Oy davomida dollarga nisbatan eng yuqori mustahkamlangan valuta rubl – 8,1 foiz (29 aprel holatiga). Shuningdek, oy davomida tenge 5,1 foiz, yuan 1 foizga o‘z qadrini oshirgan. Shuningdek, yirik valutalardan yevro 1,6 foizga, funt 2 foizga, frank 1,4 foizga hamda iyena 0,2 foizga mustahkamlangan.

Manba: Mirkonomika Telegram kanali
«Oy davomida so‘mning mustahkamlanishi aprel oyida chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar (1 mlrd dollar ekv.), asosiy mehnat bozorimizda valuta kursi yuqori mustahkamlanishining ta’siri, oltinsiz eksportdagi yuqori o‘sish (birinchi chorakda 25 foiz o‘sish kuzatilgan) kabi omillar bilan izohlanadi», deya qayd etgan iqtisodchi.
Aprel oyida so‘mning kunlik tebranuvchanligi 0,24 foizni tashkil etib, mart oyiga nisbatan 33 foizga kengaygan. Lekin 2025 yil may-sentabr oylariga nisbatan sezilarli past shakllanishda davom etyapti.

Mavzuga oid
22:27 / 30.03.2026
Mart oyida so‘m kursi qanday o‘zgardi?
12:36 / 06.03.2026
Yaqin Sharqdagi urush dollarga talabni yana oshirdi. Nega?
18:35 / 22.02.2026
Navoiy va Toshkent shaharlarida qalbaki valutalarning muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi
18:54 / 02.02.2026