Investorlar Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashishi fonida faol ravishda dollar sotib olishni boshlashdi. Bu esa AQSh valutasiga tayanadigan tartibdan ko‘p markazli tizimga o‘tish jarayoni oson kechmasligini anglatadi, deya yozdi Reuters.
AQSh va Isroilning Eronga hujumidan keyin butun mintaqaga yoyilayotgan urush dollar qiymatini oshiryapti. Investorlar dunyodagi eng likvid aktiv hisoblangan dollarga nisbatan «xavfsizlik bandargohi» sifatida qarashyapti.
Yilning dastlabki ikki oyida eng yaxshi natija ko‘rsatgan aksiya indekslari qulayapti. Masalan, Janubiy Koreyaning KOSPI indeksi — fevral oyigacha 50 foizga oshgan bo‘lsa, atigi ikki kun ichida qariyb 20 foizga qiymatini yo‘qotdi. Xususiy kredit fondlaridan pulni qaytarib olishlar keskin ko‘paygan. Dollar esa ikki kun ichida 2 foizga qimmatlashdi, AQSh g‘aznachilik obligatsiyalari rentabelligi ham tez ko‘tarilyapti.
Satori Insighs asoschisi Matt Kingning ta’kidlashicha, dollar kursining keskin oshishi iqtisodiy o‘sish yoki inflatsiya prognozlari qayta baholangani bilan bog‘liq emas. Asl sabab — oddiygina «pul oqimi». Ya’ni so‘nggi oylar davomida ko‘plab bozorlarda shakllangan spekulyativ «ko‘pik» tezda so‘na boshladi va investorlar shoshilinch tarzda likvidlik izlashyapti. Bu esa dollar qadrsizlanishi haqida xavotirlar bo‘lishiga qaramay, real xavf paytida investorlar baribir Amerika valutasiga muhtoj bo‘lib qolishini ko‘rsatadi.


O‘tish davri
Joriy vaziyat quyidagi savolni o‘rtaga chiqaryapti: agar dollar gegemonligi qisqarishda davom etsa, kelajakdagi inqirozlar paytida nima bo‘ladi?
Dollar global savdo, moliyalashtirish va valuta zaxiralari tizimidagi mutlaq yetakchi maqomini yo‘qota boshlaganiga qariyb chorak asr bo‘ldi. Bu jarayon 1999 yilda yevroning paydo bo‘lishi va 2001 yilda Xitoyning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi bilan boshlangan.
Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2000-yillar boshida global valuta zaxiralarining 70 foizidan ortig‘ini dollar tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ulush 57 foizgacha qisqargan. Ammo bu pasayish juda sekin kechgani sababli, dollar likvidligi baribir o‘sishda davom etdi. 2008 yilgi global moliyaviy inqiroz va 2020 yilgi pandemiya shoklaridan keyin ham global moliyaviy tizim likvidlik tanqisligiga qarshi muayyan «himoya yostiqchalari»ni yaratishga muvaffaq bo‘lmadi. Biroq ilgari dollar likvidligi orqali jahon iqtisodiyoti va bozorlarining ishlashini osonlashtirgan moliyaviy institutlar, qoidalarga asoslangan global tartib va globallashuv zaiflashyapti. So‘nggi bir yil ichida qator yirik savdo, siyosiy va harbiy mojarolar yuzaga chiqdi va global investitsiya muhiti nihoyatda xavfli maydonga aylandi.

















