Jamiyat | 18:35
947
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy va Toshkent shaharlarida qalbaki valutalarning muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi

Namanganlik shaxs pul vositasi hisoblanmaydigan kupyuralarni 5500 AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ushlandi.

Foto: Videodan kadr

Navoiy shahrida davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Turkiyadan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga olib kelingan qalbaki AQSh dollari savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi.

Jumladan, Namangan shahrida yashovchi shaxs o‘zining jinoiy sherigi bo‘lgan – Jizzax viloyatida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaro bilan o‘zaro til biriktirib, 100 AQSh dollari kupyuradagi qalbaki 19900 AQSh dollarini xaridorga 14000 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Toshkent shahrida qayd etilgan holatda esa, Namangan viloyatining Chust tumanida yashovchi shaxs poytaxtlik fuqaroning ishonchiga kirib, uni aldab, go‘yoki qalbaki bo‘lgan 100 AQSh dollari kupyurali 10 ming AQSh dollari, 100 ming so‘m kupyurali 10 mln so‘m va 50 ming so‘m kupyurali 5 mln so‘m pullarni haqiqiy 5500 AQSh dollariga sotishini aytadi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan poytaxt hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u pul vositasi hisoblanmaydigan kupyuralarni 5500 AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров

Mavzuga oid