O‘zbekiston | 21:50 / 08.05.2023
25085
8 daqiqa o‘qiladi

Investor qiynoqqa solingani aytilyapti. Uning advokati IIVning da’vosini rad etdi

IIV namanganlik yirik tadbirkor Dilshod To‘raxo‘jayevning Toshkentda, tergov bo‘limida kaltaklanganini inkor qilib, suratdagi jarohatlar eski ekanini iddao qilgandi. Tadbirkorning advokatiga ko‘ra esa, mijozi ichki ishlar organiga sog‘-salomat borgan, qarshilik ko‘rsatmagan, tanasidagi jarohatlar aynan tergov bo‘limida paydo bo‘lgan.

Namanganlik tadbirkor Dilshod To‘raxo‘jayevning advokati Nurullo To‘laganov mijozi tergov bo‘limlarida shafqatsiz kaltaklanganini aytib, uning tan jarohatlari aks etgan suratlarni e’lon qildi.

Dilshod To‘raxo‘jayev – Namanganning Pop tumanidagi Chodak qishlog‘ida “Aparat Hotel Kosmos” nomli dam olish kompleksini qurgan investor. U Jinoyat kodeksining 164-moddasida (Bosqinchilik) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etishda gumonlanyapti. Tergov uning uyushgan jinoiy guruh a’zosi ekanini da’vo qilmoqda.

Foto: Facebook / Nur To‘la

To‘raxo‘jayevning yaqinlari “O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatiga murojaat qilib, u 12-15 aprel kunlari Toshkent shahar IIBB tergov bo‘limida shafqatsiz qiynoqlarga solingani, og‘zi va qo‘llari skotch bilan bog‘lanib, ayovsiz do‘pposlanganini iddao qilgan. Bu haqda huquq faoli Abdurahmon Tashanov Facebook'dagi sahifasida yozib qoldirgan.

“Surishtiruv, advokatlari va guvohlar bilan suhbatlardan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, Dilshodjon To‘raxo‘jayev haqiqatan ham fuqaro kiyimidagi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari, qora maxsus kiyimdagi “ajal farishtalari” va tergovchilar tomonidan majburiy ko‘rsatma olish maqsadida qiynoqqa solingan”, – deyiladi “Ezgulik” jamiyati tarqatgan axborotda.

Dilshod To‘raxo‘jayev Foto: Facebook / Abdurakhmon Tashanov

Voqeaga IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov munosabat bildirib, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 10 nafar gumondor qo‘lga olingani, ular og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumonlanayotganini bildirgan.

Shuningdek, IIV bayonotida yirik uyushgan jinoiy guruh tadbirkorlarga nisbatan tovlamachilik qilib ularni qo‘rquv ostida ushlab kelgani, ular ilgari og‘ir turdagi jinoyatlar bilan bir necha marotaba sudlangani va nihoyatda tajovuzkor ekani sababli maxsus kuchlarni jalb etgan holda qo‘lga olingani aytilgan.

Hozirda uchinchi shaxslar orqali ilgari mavjud bo‘lgan jarohatlarini pesh qilgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan ishonchsizlik va nosog‘lom shov-shuv uyg‘otish maqsadi ko‘zlanayotgani haqida ma’lumotlar mavjud. Har bir holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda”, – deya qo‘shimcha qilingan rasmiy munosabatda.

Dilshod To‘raxo‘jyev sobiq bosh vazir o‘rinbosari – turizm vaziri Aziz Abduhakimov bilan Foto: Facebook / Nur To‘la

Advokat Nurullo To‘laganov mijozining olib ketilish tafsilotlariga to‘xtalarkan, advokat mijozining protsessual huquqlari buzilganini aytgan.

IIB binosiga kirgandan keyin uyiga bir marta telefon qilish huquqi bor. Lekin bu talab ham bajarilmagan. Uydagilari 15 aprelda uni qidirib Toshkentga olib ketilganini aniqlashgan, shundan so‘ng meni shartnoma asosida yollashdi. Tergovchini topib gaplashsam, u ham ko‘rishishga ruxsat bermadi, sudda gaplashib olarsiz dedi”, – deydi To‘laganov.

Sudda ko‘rishganda To‘laganov tadbirkor badanida jarohatlar paydo bo‘lganini ko‘rib, ularni tasvirga tushirib olgan.

Yaxshiyam rasmga olibman. Qiynoqlar shu voqeadan 1 kun o‘tib tugabdi. Keyin shahar sudiga apellyatsiya yozdik, himoyamdagi shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi tanlandi. Sudyaga bu odam tadbirkor deb tushuntirdim. U aslida Rossiya fuqarosi, ammo prokuror iltimosnomasida ham u O‘zbekiston fuqarosi deya qayd etilgan”, – deydi advokat.

Foto: Facebook / Nur To‘la

Nurullo To‘laganovning aytishicha, u himoyasidagi shaxsning tergov jarayonida olgan jarohatlari suratlarini sudyalarga, tergovchiga va Toshkent shahar prokuroriga ham taqdim qilgan. Lekin tekshirish ishlari juda sust ketayotganidan xavotirdaligini bildirgan. Mutasaddi idoralar To‘raxo‘jayev bilan jarohatlari masalasida bog‘lanmagani aytilmoqda.

Tadbirkorning jarohat olgan suratlari tarqalgach, 6 may kuni Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 1-son Tergov hibsxonasiga borib, Dilshod To‘raxo‘jayev bilan uchrashgan. Suhbat davomida tadbirkor o‘ziga nisbatan Pop tumani IIBda va keyinchalik Toshkent shahar IIBBda ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazilganini tasdiqlagan.

Ombudsman To‘raxo‘jayevning qiynoqqa solingani holati yuzasidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishining ta’minlanishi yuzasidan Bosh prokuraturaga nazorat xati kiritganini bildirgan.

Kun.uz advokatning videomurojaati yuzasidan munosabat olish uchun IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov bilan bog‘landi.

“Mazkur holat, shu jumladan tomonlarning vajlari prokuratura organlari tomonidan o‘rganilib huquqiy baho beriladi. Bu haqda IIV rasmiy munosabatida aytilgan”, – deya qisqa javob bilan cheklandi vazirlik mulozimi.

Apart Hotel Kosmos mehmonxona va dam olish majmuasi

Shu o‘rinda yana bir jihat bor. Bosqinchilikda gumonlanayotgan Dilshod To‘raxo‘jayev 2000–2020 yillarda Rossiyada yashab, o‘sha yerda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan. U televideniyega bergan intervyusida 2020 yili prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlariga ishonib, O‘zbekistonga qaytganini aytadi. Buni 2020 yilda Kun.uz bilan suhbatda o‘sha paytda Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Tolib Yusupov ham aytgan.

Pop tumanida Chodak qishlog‘ida yashagan Dilshod To‘raxo‘jayev – 2000–2020 yillarda Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olgan tadbirkor. U tomonidan jami 400 ming dollar hamda 4 mlrd so‘m kredit hisobiga “Chodak” MFY hududida “Apart Hotel Kosmos” dam olish maskani – mehmonxona-kemping xizmatlarini ko‘rsatuvchi turizm obektiga asos solinib, 50ta ish o‘rni yaratish choralari ko‘rilmoqda”, – degandi viloyat hokimi o‘rinbosari.

Apart Hotel Kosmos mehmonxona va dam olish majmuasi

Namanganning Chodak qishlog‘ida qurilayotgan Apart Hotel Kosmos mehmonxona va dam olish majmuasi umumiy qiymati 2 million dollardan oshadi. Bu tashabbus prezident Shavkat Mirziyoyevning ham e’tiboriga tushgan.

“Pop tumani Chodak qishlog‘idagi 2 gektar tog‘li maydonda tadbirkor tomonidan 25 milliard so‘mga zamonaviy dam olish kompleksi barpo etilgan. Buning hisobiga bu yerga bir oyda 15-20 ming nafar sayyoh kelmoqda”, deya videoselektor yig‘ilishida To‘raxo‘jayevni boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatgan Shavkat Mirziyeyov.

O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov To‘raxo‘jayevga nisbatan jismoniy tazyiq o‘tkazilgani holati yuzasidan tadbirkorning himoyachisi bergan arizaga asosan Mirobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Tekshiruv davomida tadbirkorning tan jarohati olgani hamda uning barcha vajlari har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirilib, to‘plangan dalillarga asosan huquqiy baho berilishi ta’minlanadi, deya ma’lum qildi Bosh prokuratura mulozimi.

Mavzuga oid