O‘zbekiston | 08:30 / 23.11.2020
3815
7 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlashning yangi modeli joriy etiladi

Bu prezidentning 2020 yil 12 noyabrdagi PQ-4890-son qarorida nazarda tutilgan.

Hujjatga muvofiq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi.
 
Norma’ning yozishicha, tajriba-sinov loyihasi doirasida:

  • birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, uning o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat terapiya va pediatriya yo‘nalishlari bo‘yicha yordamchilari, patronaj hamshiralari va doyadan tashkil topgan guruhlar tuziladi;
  • har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqiladi;
  • kafolatlangan paket birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va shifoxonalarda respublika fuqarolari, doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga taqdim etiladi. Bunda oilaviy shifokor har bir muassasa turi bo‘yicha tibbiy xizmatlar hajmi va klinik protokollarga muvofiq tor soha shifokorlariga va zarur hollarda tuman, viloyat hamda respublika darajasidagi shifoxonalarga yo‘llanmalar beradi. Respublika darajasidagi shifoxonalarga yo‘llanmalar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda, shuningdek, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda ko‘rsatiladi;
  • aholining sog‘lig‘i bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarini monitoring qilish, ularni tibbiyot muassasasiga biriktirish, kasallik tarixini yuritish, dori vositalari uchun retsept yozish va kafolatlangan paketga muvofiq tibbiyot muassasalariga yo‘naltirish yagona elektron platforma orqali amalga oshiriladi;
  • birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari ishlab chiqilib, unga erishilganligi monitoring qilinadi hamda natijalariga qarab qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanadi;
  • kafolatlangan paket asosida aholining barcha qatlamlariga sifatli va to‘liq tibbiy yordam ko‘rsatilishini moliyalashtirishga qaratilgan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 fevralga qadar kafolatlangan paketga kiritiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari hajmini, shuningdek birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlari faoliyatini baholash mezonlari hamda rag‘batlantirish tartibini tasdiqlash topshirildi.
 
Tajriba-sinov loyihasi doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tibbiy profilaktika va patronaj tizimi tashkil etiladi:

  • aholini mavjud xavf omillaridan kelib chiqib xavf guruhlariga bo‘lish;
  • o‘rta va yuqori xavf guruhlariga kiruvchi aholining belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘riklardan o‘tishini ta'minlash va salomatligini davriy kuzatuvga olish;
  • yuqori xavf guruhiga kiruvchi va mustaqil ravishda tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlarni doimiy kuzatuvga olish hamda uyiga borgan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish;
  • profilaktik ko‘riklar o‘rniga hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, muayyan kasalliklar bo‘yicha maqsadli skrining tekshiruvlarini o‘tkazish;
  • patronaj ko‘riklarini optimizatsiya qilib, yangi maqsadli patronaj tizimini joriy qilish.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi 2020 yil 1 dekabrdan tashkil etiladi. Uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta'minlash;
  • aholining barcha qatlamlarini kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan ta'minlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etish;
  • tajriba-sinov loyihasi doirasida Davlat budjetidan kafolatlangan paketni moliyalashtirish maqsadida ajratiladigan mablag‘larni jamlash, boshqarish, ularning maqsadli va samarali sarflanishini tashkil etish;
  • tajriba-sinov loyihasining natijalariga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida 2021 yil 1 iyuldan boshlab quyidagi tartib o‘rnatiladi:

  • Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlarini moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan mablag‘lar (kapital qo‘yilmalar, fan va ilmiy izlanishlar, emlash va boshqa maqsadli dasturlar uchun ajratiladigan mablag‘lar bundan mustasno) Jamg‘armaning alohida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga xarajatlar tasnifining bir satrida bosqichma-bosqich o‘tkazib beriladi;
  • Jamg‘arma tibbiyot tashkilotlari bilan shartnomalar tuzish orqali ular faoliyatini moliyalashtirib boradi. Bunda, tuman (shahar) va viloyat darajasidagi shifoxonalarga ajratiladigan mablag‘larning 10 foizidan kam bo‘lmagan qismi har bir davolangan holatlar soni hamda bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqib belgilanadi;
  • kafolatlangan paket asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham jalb qilinishi mumkin;
  • ajratilgan budjet mablag‘larining samaradorligi va natijadorligi Jamg‘arma tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi;
  • kafolatlangan paketni belgilash, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini baholash hamda uning tasdiqlangan standartlarga muvofiqligini monitoring va nazorat qilish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»;
  • Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom hamda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi apparatining vaqtinchalik tuzilmasi.

Konsepsiya davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordamni ko‘rsatish va uni moliyalashtirishda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish va aprobatsiyadan o‘tkazishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi. 2021 yil 1 iyuldan 2022 yil yakunigacha bo‘lgan muddatda Sirdaryo viloyatida aprobatsiyadan o‘tkazish va uning ijobiy natijalarini 2023 yildan boshlab respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutiladi.
 
Hujjat 13.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid