O‘zbekiston | 22:00 / 17.04.2018
46870
4 daqiqa o‘qiladi

Aripov Shodmonovga: Siz hokimlik vakillariga emas, o‘z xodimlaringizga advokatlik qiling

Bugun, 17 aprel kuni Vazirlar Mahkamasida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan majburiy mehnatga qarshi kampaniya doirasida bosh vazir Abdulla Aripov raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda bosh vazir qaysi hududlarda qaysi rahbarlar tomonidan bu borada qanday qonunbuzarliklar sodir etilgani misollar bilan aytib o‘tildi. Bosh vazir O‘zbekistonda davlat siyosati buni yoqlamasligi, bu prezident Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, davlat siyosatiga xiyonat ekanini ta'kidladi. Mazkur ishga buyruq berayotganlar, xususan, shahar va tuman hokimlari, tuman Xalq ta'limi boshqarmalari va boshqalar o‘zlarining sodiqligini ko‘rsatish uchun byudjyet tashkilotlarini ishlatishini qattiq qoraladi.

Yig‘ilish davomida Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov va Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tanqidga uchradi.

«Hokimlarga gapingiz o‘tmasa, bizga aytmaysizmi?». Sog‘liqni saqlash vaziri muammolarni ko‘tarmagan

Yig‘ilish vaqida Alisher Shodmonovga so‘z berildi.

«Haqiqatan ham men rahbar sifatida shu masalaga e'tibor bermaganman va nazoratimga olmaganman. Muhtaram prezidentimiz Sirdaryo viloyati Sayxunobodda o‘tkazgan yig‘ilishdan keyin ertasiga Jizzax viloyatidagi barcha soha rahbarlari, deputatlar, kasaba uyushmalari rahbarlari, jamoatchilik vakillari, hokimlik vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdik. Bundan keyin har bitta viloyatda shunday yig‘ilish o‘tkazishni reja qilib oldik. Shu bilan bir qatorda, 19 aprel kuni soat 14:00da Bosh vazir o‘rinbosari Akmalov Qahramon Valiyevich boshchiligida butun Respublika bo‘yicha selektor o‘tkazishni rejalashtirdik.

Shu bilan bir qatorda, har bir vazirlik va boshqarmalarda nazorat guruhlarini tashkil etdik. Ishonch telefonlariga xabar berish tizimini yo‘lga qo‘yyapmiz.

Va, albatta, bu yerda har bir rahbarimiz va xodimlarimizning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish bo‘yicha ham ishlarni olib borishimiz kerak. Bunda ham o‘zimizga chora-tadbirlarni belgilab oldik.

Men muhtaram prezidentimizga va sizga minnatdorlik bildirmoqchiman. Chunki, mana shu ijtimoiy soha, ayniqsa, tibbiyot sohasi xodimlarini bunday noqonuniy ishlarga jalb qilishda qalqon bo‘lib, to‘siqlar qo‘yib berayapsizlar. Shuning uchun men minnatdorlik bildiraman va bu borada bundan keyin xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka va'da beraman», deya vazirning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri.

Bosh vazir mahalliy hokimlik vakillari yonini olgani uchun Sog‘liqni saqlash vazirini jiddiy ogohlantirdi. 

«Endi og‘ayni, bunaqa mahalliy hokimiyat organlariga advokatlik qilishni yig‘ishtirib qo‘ying. Sizni ogohlantirib qo‘yaman, agar yana takrorlansa, boshqacha chora ko‘riladi sizga nisbatan. 

Siz, o‘zingizning qo‘l ostingizda ishlaydigan odamlarga advokat bo‘lishingiz kerak. Mahalliy hokimiyatlar organlarining yonini olib, ularga gap tegmasligi uchun, yoki ular bilan munosabatni buzib qo‘yishdan qo‘rqib yashaydigan bo‘lsangiz, bunaqa ish ketmaydi, tushundingizmi», deydi bosh vazir. 

Mavzuga oid