O‘zbekiston | 07:47 / 05.10.2018
20899
4 daqiqa o‘qiladi

2019 yil 1 aprelga qadar respublikadagi barcha ko‘chmas mulk obektlari xatlovdan o‘tkaziladi

Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2019 yil 1 aprelga qadar muddatda ko‘chmas mulk obektlarini xatlovdan o‘tkazadi va xatlov natijalariga ko‘ra Ko‘chmas mulk obektlarining yagona reyestri va Ko‘chmas mulk obektlari manzillarining yagona reyestrini shakllantirish jarayonini yakuniga yetkazadi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari uyma-uy yurib o‘rganish natijasida to‘plangan axborotni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ma'lumotlar axborot bazasiga kiritish uchun kompyuter uskunalari bilan jihozlangan zarur xonalar va xodimlarni ajratadi.

Quyidagilarga: 

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov zimmasiga – fuqarolarni uyma-uy yurib o‘rganish orqali ularning pasport ma'lumotlarini ko‘chmas mulk obektining kadastr raqamiga bog‘lagan holda Ichki ishlar vazirligining axborot bazasidagi fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari to‘g‘risidagi axborotning to‘liq dolzarblashtirilishi uchun; 

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi A.X.Abdullayev zimmasiga – ko‘chmas mulk obektlarining to‘liq xatlovdan o‘tkazilishi hamda Ko‘chmas mulk obektlarining yagona reyestri va Ko‘chmas mulk obektlari manzillarining yagona reyestrini shakllantirish bo‘yicha ishlarning yakuniga yetkazilishi uchun; 

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M.Sodiqov zimmasiga – Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining yanada takomillashtirilishi va to‘liq ishlashi, shuningdek, saylov komissiyalari saylov vaqtida ma'lumotlar uzatish tarmoqlariga uzluksiz ulanishini ta'minlash uchun; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – fuqarolarning yashash joylari manzillari to‘g‘risidagi axborotni dolzarblashtirish va saylov vaqtida saylov komissiyalari Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan samarali foydalanishi uchun zarur xonalar, zamonaviy uskunalar va xodimlar taqdim etilishi uchun; 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.E.Abdusalomov zimmasiga – saylov komissiyalari vakillarini Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan ishlash ko‘nikmalariga o‘qitish va davlat organlarining ular zimmasiga saylov jarayoniga SYaERni joriy etish uchun zarur sharoitlarni yaratishga doir yuklangan majburiyatlarining bajarilishi ustidan ta'sirchan nazoratni amalga oshirish uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi. 

Mavzuga oid