O‘zbekiston | 11:13 / 10.05.2021
7194
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ko‘zi ojizlar mahallasini obodonlashtirish chala tashlab ketildi. Ularning xavfsizligiga kim javob beradi?

Mirobod tumanidagi Bayot mahallasida ko‘plab ko‘zi ojiz kishilar yashaydi. Mahalladagi obodonlashtirish ishlari o‘lda-jo‘lda qolib, oxiriga yetkazilmay qoldi.

Toshkent shahar Mirobod tumanida Bayot mahallasi bor. Bu mahallaning boshqalaridan farqli jihati, u yerda ko‘zi ojiz vatandoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Yaqinda ko‘zi ojiz fuqarolar yashaydigan ko‘p qavatli uylar atrofida ta'mirlash ishlari olib borilgan. Lekin fuqarolar bu ishlar o‘lda-jo‘lda bajarilgani va oxiriga yetkazilmaganidan norozi bo‘lishmoqda.

Ko‘p qavatli uylar oldi asfalt qilingan, yo‘llar yonida qurilish chiqindilari to‘planib yotibdi. Ko‘zi ojizlar yurishda qiynalmasligi uchun o‘rnatilgan trubalar olib tashlanib, o‘rniga yangisi qo‘yilmagan.

«O‘tgan hafta asfalt qilishni yakunlashdi. Yo‘l juda chiroyli va biz xohlagandek sifatli bo‘lgan. Buning uchun rahmat aytamiz. Lekin ko‘p joylarni «bizga pul o‘tkazishmagan, loyihamizda yo‘q» deb tashlab ketishdi. Bordyurlar ham chala qoldi. Qurilish chiqindilari joyida qolib ketdi. Bolalar maydonchasi ham shunday tashlab qo‘yilgan.

Chuqurlar ko‘milmagan. Ko‘zi ojiz fuqarolarimiz bunday holatda qiynalishadi. Ular ushlab yuradigan trubalar ham kesib tashlangan. Haligacha yangisini o‘rnatishmadi.

Ko‘p bora hokimlikka va vazirlikka murojaat qilamiz, faqat «qilamiz»dan uyog‘iga o‘tmaydi. Natija esa yo‘q», – deydi biz bilan suhbatda mahalla faoli Abdurahim Mamatqulov.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarovning aytishicha, Bayot mahallasi yo‘llari hokimlik tomonidan ta'mirlab berilgan.

«Endilikda mahallalarga qarash turli vazirlik va tashkilotlarga topshirilmoqda. Bayot mahallasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga berilgan. Hozircha hech qanday mablag‘ ajratilmagan.

Mahallani obod qilish ishlarini o‘zimiz qo‘ldan kelgancha boshladik. Odamlar ozgina sabr qilib turishsa, prezident topshirig‘i bilan mahallalarga ajratilayotgan 2 mlrd so‘m pul moliyalashtirilib, o‘tkazib berilsa, ishlarni oxiriga yetkazib qo‘yamiz», – deydi vazirlik rasmiysi.

Albatta, ta'mirga muhtoj mahallalar shaharda ko‘plab topiladi, deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, bunday mahallalar ko‘p. Lekin ulardan farqli Bayot mahallasida ko‘zi ojizlar istiqomat qilishadi. Aynan ular yashayotgan mahallaga kelganda ishlar chala tashlab ketilishi kishi ta'bini xira qiladi.

Umid qilamizki, mahalladagi ishlar tezroq oxiriga yetkazib qo‘yiladi, axir bu yerda gap ko‘zi ojiz fuqarolar xavfsizligi haqida ketyapti.

Rahmatillo Isroilov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid