Islom moliyasi, tadbirkorlarning ishonch reytingi va xalqaro brendlar. Prezident qaroridagi yangiliklar
O‘zbekistonda yil oxirigacha islom moliyasining huquqiy asoslari ishlab chiqilishi kutilyapti. Kelasi yildan ishonch reytingi yuqori tadbirkorlar barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod etiladi. Ijara va lizing asosida samolyot olib kirish davriy bojxona to‘lovidan ozod etiladi. Kichik sanoat zonalaridagi yerlarni xususiylashtirishga ruxsat beriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev, 4 sentabr kuni imzolagan qarori asosida, tadbirkorlar bilan 2023 yilgi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqladi.
Unga ko‘ra, 2023 yil dekabr oyiga qadar islom moliyasini joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Unda quyidagilar nazarda tutiladi:
- islomiy mahsulotlar, xizmatlar va banklar faoliyatini huquqiy asosini yaratish;
- islomiy mahsulotlar va xizmatlar hamda ularni ko‘rsatuvchi tashkilotlarni soliqqa tortishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilash;
- islom moliyasi asosida joriy etilgan omonatlarni himoya qilish.
Shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’yektlarining ishonchlilik reytingi joriy etiladi. Reytingni shakllantirish mezonlari 2023 yil noyabrgacha ishlab chiqiladigan prezident qarori loyihasida ko‘zda tutiladi. Loyihada yuqori reytingga ega tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun quyidagilar belgilanadi:
- barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilish (jinoiy ishlar doirasidagi tekshiruvlar bundan mustasno);
- QQS summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) va barcha soliq turlari bo‘yicha mavjud ortiqcha to‘lov summmasini 1 kun muddatda tezlashtirilgan tartibda qaytarish.
2023 yil dekabrda yana bir prezident qarori loyihasi tayyor bo‘lishi, unda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, shu jumladan biznesning “soyadan” chiqishini rag‘batlantirish, teng raqobat muhitini ta’minlash, soliq va bojxona ma’murchiligini soddalashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilanadi.
2023 yil noyabr oyigacha tadbirkorlar uchun hisobot tizimini soddalashtirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Unda, 2024 yildan 1 yanvardan boshlab quyidagilarni joriy etish belgilanadi:
- bir-birini takrorlovchi va davlat organlarining boshqa organlardan olish imkoniyati mavjud bo‘lgan statistik hisobot shakllarini bekor qilish;
- tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan davlat organlariga topshiriladigan statistik va boshqa hisobotlarning yagona ro‘yxatini tasdiqlash (ro‘yxatga kiritilmagan hisobotlarni talab qilish taqiqlanadi);
- hisobotlarni shakllantirish va topshirish jarayonlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish hisobiga ularning qog‘oz shaklini bekor qilish;
- davlat organlariga statistik va boshqa hisobotlarni taqdim etish jarayonlarini bosqichma-bosqich Standart biznes hisoboti tizimiga muvofiqlashtirish.
“Yo‘l xaritasi”da quyidagilar ham nazarda tutilgan (tiredan keyin amalga oshirish shakli va ijro muddati keltirilmoqda):
- kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish obektini ishga tushirib, investitsiya majburiyatlarini bajargan tadbirkorlik sub’yektlariga yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berish — VMQ loyihasi, 2023 yil dekabr;
- tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga nufuzli xorijiy brendlarni jalb qilish bo‘yicha brend egalari bilan muzokaralar o‘tkazish — amaliy choralar, 2023 yil noyabr;
- axborot texnologiyalari xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro platformalarda 100 ming dollargacha qiymatdagi shartnoma va hisob-fakturalarni rasmiylashtirish tartibini joriy qilish — PQ qarori loyihasi, 2023 yil dekabr;
- yillik eksport hajmi 500 ming dollardan oshgan qandolatchilik korxonalariga Eksportni rivojlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan aylanma mablag‘ ajratish tartibini joriy etish — PQ loyihasi, 2023 yil sentabr;
- 2024 yil 31 dekabrgacha ip-kalavani eksport qilishda undiriladigan yig‘im miqdorini 5 barobar kamaytirish — PQ loyihasi, 2023 yil sentabr;
- ishlab chiqarilganiga 25 yildan oshmagan, ijara va lizing asosida vaqtincha olib kiriladigan samolyotlarni davriy bojxona to‘lovidan ozod qilish — VMQ loyihasi, 2023 yil oktyabr;
- “startap loyiha”, “yuqori texnologik startap loyiha” va “ulushga konvertatsiya qilinadigan investitsiyalar” tushunchalarini qonunchilikka kiritish — PQ loyihasi, 2023 yil dekabr;
- soliq organlarining mahalla darajasida ishlash tizimini joriy qilish, “Onlayn mahalla” platformasida tadbirkorlarga soliq organlari faoliyatini baholash imkonini berish, ularning bahosini soliq organlari faoliyatining muhim samaradorlik ko‘rsatkichlaridan biri etib belgilash — PQ loyihasi, 2023 yil sentabr;
- soliqqa oid bitta huquqbuzarlik uchun ham moliyaviy sanksiya, ham ma’muriy jarima ko‘zda tutilgan holatlar bo‘yicha bitta javobgarlik chorasini belgilash — qonun loyihasi, 2023 yil noyabr;
- muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlarning tartibga solish ta’sirini baholash va o‘zining tartibga solish maqsadlariga erishmagan, samaradorligi va natijadorligi yuqori bo‘lmagan tartibga solish vositalarini bekor qilish — PQ loyihasi, 2023 yil noyabr;
- tadbirkorlik sub’yektlarining vakolatxona va filiallarini tashkil etish (tugatish) haqida davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organni xabardor etish tartibini joriy etish — VMQ loyihasi, 2023 yil oktyabr;
- chetdan olib kelinadigan tabiiy olmos, zumrad, sapfir kabi qimmatbaho toshlarni QQSdan ozod etish; qadoqlash va etiketkalash mahsulotlariga bojxona bojini nol stavkada belgilash — qonun loyihasi, 2023 yil oktyabr;
- sanoat zonalarida yer maydonlari va bino-inshootlarni ijaraga berishda to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash davrini amaldagi 12 oydan 24 oyga uzaytirish — PQ loyihasi, 2023 yil oktyabr;
- Toshkent shahrida 2024 yil 1 yanvardan boshlab va Qarshi shahrida 2024 yil 1 iyuldan boshlab eksperiment tariqasida obektlarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha takliflarini (eskiz) ko‘rib chiqish va kelishish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish — PQ loyihasi, 2023 yil noyabr;
- modulli mehmonxonalar qurish va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilash — ShNK, 2023 yil dekabr;
- yuridik shaxslar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan olingan elektr energiyasini umumiy tarmoqqa uzatish uchun texnik shartlar berish va shartnoma rasmiylashtirish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, bunda tarmoqlarga ulanish bosqichlarini 30-35 foizga va kelishish muddatini 20 kungacha qisqartirish — VMQ loyihasi, 2023 yil noyabr;
- yuk tashish vagonlarini chet el korxonalariga ijaraga berishda QQSning nol darajali stavkasini qisqa muddatli (90 kungacha) shartnomalarga nisbatan ham tatbiq etish — qonun loyihasi, 2023 yil dekabr;
- xalqaro amaliyotda fitosanitariya sertifikati talab etilmaydigan tovarlarni import qilishda, eksport qiluvchi davlatning fitosanitariya sertifikatini talab etish amaliyotini bekor qilish — VMQ loyihasi, 2023 yil noyabr.
Qarorga asosan, elektrotexnika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, polimer, kimyo va oziq-ovqat sanoati sohalarida “140 ta ilg‘or sanoat korxonasi” dasturi amalga oshiriladi.
Alohida elektron platforma tashkil etilib, dasturga kiritilgan sanoat loyihalari tadbirkorlik sub’yektlariga ochiq tanlov asosida taklif qilinadi. Dasturga kiritilgan korxonalarga Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan imtiyozli shartlar asosida 10 yilgacha muddatga kreditlar ajratiladi.
Mavzuga oid
14:01 / 15.11.2024
Lavrov samolyotiga xorijda yonilg‘i quyishdan bosh tortishayotganidan shikoyat qildi
21:10 / 10.11.2024
Toshkentdan Jiddaga uchgan samolyot ortga qaytishga majbur bo‘ldi
12:02 / 02.11.2024
Myunxendan Shanxayga uchayotgan samolyot Toshkentga favqulodda qo‘ndi
11:56 / 02.11.2024