O‘zbekiston | 12:12 / 05.08.2025
3686
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev mintaqa davlatlari rahbarlari uchrashuviga tayyorgarlikka doir tadbirda qatnashdi

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkentda o‘tadigan navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni, Turkmanistonga tashrifi davomida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirda ishtirok etdi.

Tadbirda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘martTo‘qayev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi raisi - prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qasimaliyev,  Ozarboyjon bosh vaziri Ali Asadov, shuningdek, rasmiy delegatsiyalar a’zolari va jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari O‘zbekistonning ushbu formatdagi raisligi doirasida birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Xususan, yil boshida Raislik konsepsiyasi va Qo‘shma tadbirlar rejasi qabul qilindi.

Xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar rahbarlari, sanoat, energetika, suv xo‘jaligi va ekologiya vazirlarining uchrashuvlari, media va yoshlar forumlari o‘tkazildi.

Yil yakuniga qadar parlamentlararo forum, mudofaa, savdo va transport vazirlarining uchrashuvlari, madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mintaqaviy sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish va uning normativ-huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida uchrashuvning konseptual hujjatlari tayyorlanmoqda.

Toshkent sammiti doirasida O‘zbekiston tomoni siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, iqtisodiy kooperatsiyaning yangi drayverlarini ishga tushirish, chegaraoldi savdoni ko‘paytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surish niyatida ekani ta’kidlandi. Suv va energetika sohalarida, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amaliy hamkorlik masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

Ozarboyjon tomonining uchrashuvlarda ishtirok etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda mintaqa davlatlari Ozarboyjon bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Savdo, transport, "yashil" energetika sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti so‘zining yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro muvofiqlashtirilgan va kelishilgan yondashuvlari mintaqada taraqqiyot va farovonlik maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid