O‘zbekiston | 14:17 / 29.10.2018
3063
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda O‘zbekiston-Rossiya yoshlari mediaforumi bo‘lib o‘tadi

28 oktabr kuni o‘z ishini boshlagan “O‘zbekiston-Rossiya yoshlar forumi: Hamkorlik, tashabbus, innovatsiya” deb nomlangan yoshlar festivali 30 oktabr kuni Buxoroda davom etadi.

Rossiya Federatsiyadan tashrif buyurgan 82 nafar delegatsiyaning bir qismi, faol yoshlar va OAV vakillari Buxoro shahriga tashrif buyurishadi.

Buxoro Yoshlar markazida “Yoshlar media makonining zamonaviy trendlari” mavzusida bo‘lib o‘tadigan media forumda Rossiya delegatsiyasi a'zolari, yosh jurnalistlar bilan bir qatorda mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, xususan viloyat va “Istiqlol” teleradiokompaniyalari, “Buxoro yoshlari” gazetasi, “O‘zbekiston” radiosi hamda O‘zbekiston milliy axborot agentligi, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo”, “Yoshlar ovozi”, “Molodyoj Uzbekistana” gazetalarining viloyat muxbirlari, hokimlik va boshqa davlat tashkilotlarining matbuot kotiblari ishtirok etishadi. 

Media forumda o‘zbekistonlik spikerlar “Yoshlar hayotini yoritish”, “Elektron OAVda yoshlarning rolini oshirish”, “Yosh jurnalist kadrlarni tayyorlash” bilan bog‘liq chiqishlar qilishadi. 

Rossiyalik mutaxassislar esa “Axborot yetkazib berishda auditoriya bilan ishlash”, “Mamlakatlararo muloqotni yo‘lga qo‘yishda internetning o‘rni va roli”, “Internetdagi global chaqiriqlar bilan kurashish”, “Xalqaro yirik tadbirlarni yoritishda jurnalist ishi” kabi mavzular bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishadi. 

Media-forum so‘ngida tomonlar yoshlar uchun mo‘ljallangan media-makonning asosiy unsurlari, ulardan samarali foydalanish va mustahkam hamkorlik bo‘yicha kelishib olishadi. 

Mavzuga oid