Jamiyat | 19:27 / 19.11.2020
12636
8 daqiqa o‘qiladi

Qarshida bitta yer maydoni uchta tadbirkorga berib yuborilgan. Chigal masala endi qanday yechiladi?

Qarshi shahri hokimligi xodimlarining mas'uliyatsizligi ortidan bir yer maydoni bir necha tadbirkorga berib yuborilgan. Bu holatda ham onlayn auksionda yer sotib olgan tadbirkor mulkiga egalik qila olmayapti.

Hozirda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan va auksionda xarid qilgan yeridan ham, sudning hal qiluv qarori bois ushbu yer uchun o‘ringa o‘rin berilgan yer maydonidan ham quruq qolgan 3 nafar tadbirkordan biri – Sharofiddin Daminov bo‘ladi.

xP_r1xqAmwNbyuwYtWA5fTm_TfTVqx5q.jpg (960×1280)

1VTBY0HljUg663jC4My_-il3SufZnXLm.jpg (960×1280)

«2018 yil 31 oktyabrda e-auksion sayti orqali Qarshi shahridan o‘tuvchi Qarshi–Shahrisabz yo‘l yoqasiga yaqin joydan, Otchopar mahallasidan 3,6 sotix yer maydoni xarid qilgan edim. O‘sha yilning 21 dekabrida hokimning o‘sha qatordagi barcha yer maydonlari uchun bitta qarori chiqqan.

Qurilish uchun loyiha-smeta hujjatlarini yig‘ishni boshlaganimdan biroz o‘tgach, bu ishlarni to‘xtatib turishimni va yerni o‘z xohishim bilan zaxiraga topshirishim kerakligini aytishdi. Hokimlik vakili men xarid qilgan yerda yirik multiavtosalon qurilishi belgilanganini, meni yerimga o‘ringa o‘rin yer maydoni berilishini aytdi. Bu voqea 2019 yilning iyul oyida bo‘ldi. O‘rniga o‘rin yer bersangiz, men roziman, deya ariza yozib berdim. Zaxiraga olindi», – deydi Sharofiddin Daminov.

Tadbirkorning aytishicha, unga 3ta yer uchastkasi ko‘rsatilgan, u o‘ziga shaharning «Roguzar» MFY, Islom Karimov ko‘chasidan 4,8 sotix yer maydoni ma'qul kelganini bildirgan hamda hech kimda egalik huquqi bo‘lmasa, ushbu yerni berishlarini so‘ragan.

«2019 yil 9 iyulda shu joyga qaror chiqarib berishdi. Qarorga hech qanday e'tirozim yo‘q edi. Oilaviy masalalar bois ishim sal orqaga surildi. Keyinchalik, arxitektura-qurilish xulosasini olish uchun hujjatlarni topshirdim. Xulosani olib bo‘lgach, loyihaga topshirgan vaqtlarim boshqa bir kishi kelib, bu joyni o‘rab olibdi.

Ma'lum bo‘lishicha, hokimlik «Asl Me'mor Baraka» MChJga 2020 yil 3 aprel kuni ayni yerga qaror chiqarib bergan», – deydi u.

Sh.Daminov bir necha marta shahar hokimligiga borgani, manfaatlariga zid hokimlik qarorini bekor qildirish uchun Qarshi shahar ma'muriy sudiga murojaat qilganini bildirdi.

Tadbirkorga ko‘ra, hokimlik unga chiqarib berilgan qarorni bir yil mobaynida biror qurilish ishlari amalga oshirilmagani uchun bekor qilishlarini bildirgan. Vaholanki, shahar hokimligining 2019 yil 9 iyulda chiqqan qarorida, yer uchastkasidan 2 yil mobaynida foydalanilmasa yoki qurilish ishlarini tugatmasa, ajratilgan 480,0 kv.m. yer uchastkasini doimiy foydalanish huquqi bekor qilinishi belgilab qo‘yilgan.

9hiN-8UL7e-T_ptMLLUSXI3rImzmSTv_.jpg (897×1280)

Tadbirkor shu yilning 1 iyulida sudga shikoyat arizasini topshirgan bo‘lsa-da, karantin munosabati bilan ishni ko‘rib chiqish kechiktirilgan. Keyinroq, ikkinchi tadbirkor, ya'ni «Asl Me'mor Baraka» MChJ Sharofiddin Daminovga auksionda sotib olgan yeriga o‘ringa o‘rin berilgan yer maydoni uchun chiqarilgan hokim qarorini bekor qilish uchun sudga murojaat qilgan.

2020 yil 25 sentyabrda chiqarilgan ma'muriy sudning hal qiluv qarorini o‘rganish jarayonida esa, qiziq bir holatga duch keldik. Bu – maqolamiz boshida so‘z yuritilgan mas'uliyatsizlik haqida.

Hal qiluv qarorida qayd etilishicha, «Asl Me'mor Baraka»ga qarashli bo‘lgan ma'muriy bino joylashgan 1801,39 kv metr yer maydoni olib qo‘yilgan. Qashqadaryo viloyat xo‘jalik sudining 2016 yil 20 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, hozirgi I.Karimov (sobiq O‘zbekiston) ko‘chasidan «Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi» qurish uchun 500,0 kv metr yer uchastkasi Qarshi shahar hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish doimiy komissiyasi tomonidan ajratib berilib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan hamda shahar hokimining qarorini chiqarish uchun 2016 yil dekabrida barcha hujjatlar hokimlikka taqdim qilingan.

Bizni ajablantirgan jihatga kelsak, mavzuga daxldor bo‘lmasa-da, e'tiboringizni yana bir narsaga, ya'ni Qarshi shahar hokimligining sud qarori ijrosini paysalga solib kelganiga qaratishni istardik. Qashqadaryo viloyat xo‘jalik sudi qarori 2016 yil 20 oktyabrda qabul qilingan bo‘lsa, hokimlikning «Asl Me'mor Baraka»ga yer ajratib berish haqidagi qarori salkam 3,5 yildan so‘ng chiqarib berilgan.

Yer maydonlari haqiqatdan ham ustma-ust tushadimi?

Sudda javobgar Qarshi shahar hokimligi vakili 3.Ismoilov tushuntirish berib, «... aslida mazkur yer maydoni «Ulkan inshoot qurilish servis» MChJga tegishli ekani hozirda aniqlangan»ini bildiradi.

Hokimlik vakiliga ko‘ra, ushbu MChJga Qarshi shahar hokimining 2015 yil 8 iyundagi X-396/6-sonli qaroriga asosan 3996,0 kv metr yer maydoni ajratib berilgan. Qarshi shahar hokimining 2016 yil 29 sentyabrdagi X-1301/9-sonli qarori bilan Qarshi shahar O‘zbekiston ko‘chasida «Ulkan inshoot qurilish servis» MChJ tomonidan qurilgan 3-4 kavatli, 38 xonadonli turar-joy binosi foydalanishga qabul qilinib, mulkka egalik huquqi berilgan.

Ismoilov, shuningdek, o‘z ko‘rsatmasida nizoli qarorlarda keltirilgan yer maydonlari ustma-ust tushishini bildirgan.

cxS8F9ygOyxxYEcXE6qGhbSe50MzrlRr.jpg (1280×891)

Ishga mutaxassis sifatida jalb qilingan Qarshi shahar qurilish boshqarmasi xodimi Sh.To‘xtayev tushuntirish berib, chindan ham nizoli bo‘lgan yer maydonini bir qismi dastlab Qarshi shahar hokimining 2015 yil 08 iyundagi X-396/6-sonli qarori bilan «Ulkan inshoat qurilish servis» MChJga, keyinchalik 2019 yil 9 iyuldagi X-2829/7-sonli qaror bilan fuqaro Sharofiddin Daminovga, 2020 yil 03 aprelga kelib HQ-834/04-sonli qaror bilan «Asl Me'mor Baraka» xususiy korxonasiga ajratib berilganini qayd etgan.

Uning sudda bildirishicha, ushbu qarorlardagi yer maydoni ustma-ust tushgan bo‘lib, anglashilmovchilik tufayli dastlabki qaror bekor qilinmasdan, yoki tegishli roziligi olinmasdan bir yer maydoni bir necha tadbirkorlarga berib yuborilgan.

Biroq, Kun.uz ixtiyorida Qarshi shahar qurilish bo‘limining 2020 yil 30 oktyabrdagi boshqa bir xati mavjud bo‘lib, unda bo‘lim mutaxassisi S.Shodmonov «... ajratilgan yer uchastkalarining ishchi komissiya dalolatnomasi xaritalari solishtirilganda bir-biriga ustma-ust tushmasligi aniqlangani»ni ta'kidlagan.

Shu bilan, 3 tadbirkorga ajratilgan yer maydoni ustma-ust tushadimi, degan savolga aniq javob yo‘q. Chunki bir idoraning bir mutaxassisi tushadi, desa ikkinchisi tushmaydi, deb turibdi.

1vfHjOvTZJ3rZ-BD1UeScrwI56g0aSMp.jpg (960×1280)

Sud, ish bo‘yicha taraflarning tushuntirishini eshitib, ish materiallarida to‘plangan hujjatlarni o‘rganib chiqib, quyidagi xulosaga kelgan:

«... Bunday holatda, Qarshi shahar hokimining 2019 yil 09 iyuldagi X-2829/7-sonli va 2020 yil 03 apreldagi HQ-834/04-sonli qarorlarini qonuniy deb bo‘lmaydi. Chunki O‘zR Yer kodeksi 23-moddasi, 3-bandiga ko‘ra, egalikdagi, foydalanishdagi, ijaradagi va mulk qilib berilgan sr uchastkasini boshqa shaxslarga berish (realizatsiya qilish) faqat shu uchastka belgilangan tartibda olib qo‘yilganidan (sotib olinganidan) keyin amalga oshiriladi».

Shu munosabat bilan, Qarshi shahar ma'muriy sudi shahar hokimining 2020 yil 03 apreldagi NQ-834/04-sonli qarorini hamda Qarshi shahar hokimining 2019 yil 09 iyuldagi X-2829/7-sonli qarorini ham haqiqiy emas deb topgan.

Xullas, hokimlik mutasaddilarining o‘z ishlariga mas'uliyat bilan yondashmasliklari oqibatida 3 nafar tadbirkor ham vaqtini, ham asabini yo‘qotmoqda. Muammo esa hamon o‘z yechimini kutmoqda.

Tolib Rahmatov, Kun.uz muxbiri
Sherzod Egamberdiyev, tasvirchi

Mavzuga oid