O‘zbekiston | 20:53 / 16.07.2025
26829
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda «metan zapravka»dagi portlash oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida gaz quyish shoxobchasida portlash, uning ortidan yong‘in yuzaga keldi. 4 nafar fuqaro halok bo‘ldi. Tegishli tashkilotlar xodimlari voqea joyiga yetib bordi.

Foto: Videodan kadr

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida 16 iyul kuni yoqilg‘i saqlash rezervuaridagi yong‘inda 4 nafar fuqaro vafot etdi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Ma’lum bo‘lishicha, soat 14:40 atrofida Oltindala mahallasida joylashgan aholiga gaz to‘ldirish stansiyasi hududidagi yoqilg‘i saqlash rezervuarida chaqnash va undan so‘ng yong‘in kelib chiqqan.

Shunga ko‘ra 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 14:45 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 15:00 da o‘rab olingan va soat 15:35 da to‘liq o‘chirilgan.

Hodisa oqibatida 4 kishi vafot etgan. 

Xabarda texnogen avariya sabablari haqida ma’lumot berilmagan.

Ta’kidlanishicha, hodisa joyiga FVB, IIB, SSB, prokuratura va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlari yetib borgan.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori boshchiligidagi bir guruh tajribali mutaxassislar yuborilgan.

 

Mavzuga oid