Jahon | 22:51 / 09.03.2022
56445
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada valuta sotib olish taqiqlandi. 10 ming dollardan ortiq valuta omonatlari rublda qaytariladi

Kecha, 8 mart tunida Rossiya Markaziy banki naqd valuta muomalasiga misli ko‘rilmagan cheklovlarni joriy etdi. Aynan qanday o‘zgarishlar ro‘y bergani va ular nimani anglatishini tushuntirishga harakat qilamiz.

Rossiyada biroz oldinroq kiritilgan taqiq — xorijga valuta mablag‘larini o‘tkazishga yangi taqiq qo‘shilmoqda: 2022 yil 9 sentyabrga qadar bank hisobvaraqlari va omonatlarda saqlanayotgan valutalardan faqat 10 ming AQSh dollar yechib olish mumkin.

Endi xorijiy valutaning mamlakatda erkin muomalasi bas qilinadi: chunki banklarda rubl evaziga valuta xarid qilish imkonsiz bo‘lsa, odamlar o‘zining valuta jamg‘armalarini erkin tasarruf eta olishmadi.

Boz ustiga, har qanday xorijiy valutada omonat kiritilgan bo‘lmasin, yechilayotganda bozor kursiga binoan 10 ming AQSh dollari beriladi. Undan ortig‘i Markaziy bank tomonidan o‘rnatiladigan maxsus kursda rus rublida qaytariladi.

Omonat yoki mablag‘ qaytariladigan kundagi bozor kursi bir kun avval savdolarda tashkil etilgan bitimlarda hisoblangan valutalarning o‘rtacha olingan kursi haqidagi ma’lumotlarga ko‘ra aniqlanadi.

O‘sha 10 ming dollarni ham darhol yechib olish imkonsiz: mijoz avval operatsiyani buyurtma qilishi kerak va bankka valuta keltirilgunga qadar kutishi darkor.

Yangi valuta hisobraqamlari va omonatlari ochish ham mumkin. Lekin unga qo‘yilgan valutadan 10 ming dollarlik limitini olish baribir muammo bo‘lishi mumkin.

Valuta faqat bank bo‘limlari kassasida berilishi belgilangan. Onlayn bank xizmatlari ko‘rsatuvchi Tinkoff-bank bankomatlardan omonat yechib olish mumkinligini aytib o‘tgan.

Bankda limitdan ortiq naqd valuta saqlaganlar uni faqat bir usulda tasarruf qilishlari mumkin bo‘ladi: rublga ayirboshlash. Avvalroq kiritilgan taqiqlarga ko‘ra, mamlakatdan bir turist 10 ming AQSh dollaridan ziyod valuta olib chiqib keta olmaydi. Xorijga o‘tkazmalar taqiqlangan, xorijda plastik kartadan naqd pul yechib ham bo‘lmaydi.

Rossiya OAVlarida yoritilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu choralar aholining juda katta qismi uchun sezilmas bo‘ladi. Chunki valutada omonat qo‘ygan fuqarolarning 90 foizida omonat miqdori 10 ming AQSh dollaridan oshmaydi.

Rossiyada yangi valuta cheklovlari nimani anglatadi?

Iqtisodchi ekspert Otabek Bakirovning yozishicha, eng birinchi oqibat — Rossiyada valuta qora bozorning paydo bo‘lishi bo‘ladi. Chunki Rossiya banklarining ayriboshlash shoxobchalari valuta sotishni to‘xsa, uni faqat qo‘ldan sotib olish mumkin bo‘ladi.

«Ikkinchi oqibat — xalqaro pul o‘tkazmalari orqali pul o‘tkazish yanada qimmatlashadi. Pul o‘tkazish tizimlari dollarning yanada qimmat kursi bilan ishlashga o‘tishadi. Chunki xalqaro pul o‘tkazmalari rublni valutaga aylantirib olishga yagona imkoniyat bo‘lib qoladi.

Uchinchi oqibat — barcha omonatchilar Rossiya banklaridan pullarini yoppasiga olib chiqib keta boshlashadi: ham rublda, ham valutada. Chunki ushbu cheklovlardan so‘ng yanada dahshatli boshqa cheklovlar yuz berishi riski keskin oshdi. Rus banklari juda og‘ir likvidlik muammosiga duch kelishadi. Ularning paydar-pay kasod bo‘lishini yil oxirida emas, shu yaqin oylarda ko‘ra boshlaymiz.

To‘rtinchidan, Rossiya bilan chegaradosh mamlakatlar valutalariga yuklama haddan tashqari ortadi. Xuddi 1993 yilda sovet rubli yopirilib kelgani singari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Armaniston, Ozarboyjon, Gruziya kabi davlatlarga rus rublining oqib kelishi yanada kuchayadi. Chunki rublning dollarga aylantirib olishning cheklanmagan imkoniyatlari faqat shu davlatlarda saqlanib qolmoqda.

Endi hamma yodda tutishi kerakki, buyog‘iga rubl to‘laqonli valuta emas, unda aks etgan har qanday aktiv to‘laqonli aktiv emas. Rossiya rubli endi rosmana qiymat ifodalamaydi», — deb yozadi ekspert.

Iqtisodiyot va moliya yo‘nalishidagi yana bir ekspert Behzod Hoshimov bu narsa bu darajada va bunchalik tez yuz berishini kutmaganini ta’kidlaydi.

«Esingizda bo‘lsa, bizda banklar «rasmiy kursda dollarimiz yo‘q», deyishar edi. Rossiyada bunday operatsiyaga rasmiy taqiq kiritildi. Dollarni rubl qila olasiz, teskarisi taqiq ostida, xolos. Ya’ni, bank xohlasa ham, mijozlarga dollarni sota olmaydigan bo‘lishdi. To‘g‘risi, bunday darajada va bunchalik tez sodir bo‘lishini kutmagan edim», — deb yozgan Hoshimov o‘z blogida.

Mavzuga oid