O‘zbekiston | 08:58 / 21.09.2024
11971
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda elektrdan uzilgan tadbirkorlar hokimiyat binosi oldiga yig‘ildi

Ular quyosh paneli o‘rnatmagani uchun elektr tarmog‘idan uzish bo‘yicha mahalliy hokimlik va hududiy elektr tarmoqlari korxonasi o‘tkazayotgan “reyd”lardan norozilik bildirmoqda. Kun.uz’ga murojaat qilgan tadbirkorlar hokimlikning bu harakatini noqonuniy deb baholamoqda.

Foto: Videodan kadr

Sirdaryo tumanida bir guruh tadbirkorlar hokimlik binosi oldiga to‘plandi. Ular hududiy elektr ta’minoti korxonasi tomonidan asossiz ravishda, quyosh panellari o‘rnatmagani uchun elektrdan uzib qo‘yilganidan norozilik bildirishgan.

 “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tadbirkorlarning “sveti”ni o‘chirgan, shuncha odam sarson. Quyosh panellarini qo‘yish uchun majburlab o‘chirishyapti. Elektr ta’minoti korxonasiga borsak, ixtiyoriy deydi, ammo asoslab berishmayapti nega bizni elektrdan uzishganini”, deydi Kun.uz’ga murojaat qilgan tadbirkorlardan biri.

Boshqa bir tadbirkor esa oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanishini, muzlatkich ishlamasa mahsulotlari buzilib qolishini ma’lum qilgan.

Bu ochiqchasiga tadbirkorni “sindirish”. Bir kunda kutilmaganda elektrdan uzib qo‘yishyapti quyosh paneli o‘rnatmading deb. Muzlatkichda go‘sht va boshqa mahsulotlar bor. Ular buzilib, iste’molga yaroqsiz bo‘lib qolsa, ortiqcha xarajatga tushaman, “minus”ga kiraman”, deydi u.

Tadbirkorlar hokimlik binosi oldidagi yo‘lni ham to‘sib qo‘yishgan. Ma’lum bir vaqtdan so‘ng tuman hokimi kelib, ular bilan uchrashgan. 

O‘zbekiston bo‘ylab tadbirkorlarga quyosh panellarini o‘rnatish majburiyati qo‘yilmoqda. Panel o‘rnatmaganlar elektr tokidan uzilishi borasida HETK tomonidan ogohlantirilgan. Energetika vazirligi bunday harakatlarni noqonuniy deyishi bilan bu noqonuniy harakatlar to‘xtab qolgani yo‘q.

Oldinroq Oltinko‘l va Oqqo‘rg‘on tumanlari, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida faoliyat yuritadigan tadbirkorlar ham Kun.uz'ga murojaat qilib, quyosh panellarini o‘rnatishga majburlanayotganini bildirgandi.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Publikatsiya ot Kun.uz (@kun.uz)

Mavzuga oid